YUZ NERVI

YUZ NERVI — bosh miya nervlarining 7-jufti; aralash nerv, tarkibida harakatlantiruvchi va sezuvchi tolalari bo’ladi. U miya ko’prigi bilan uzunchoq miya orasidan chiqib, ichki eshituv teshigi orqali yuz nervi kanaliga kirib qayriladi. Nog’ora bo’shlig’ining ichki devori bo’ylab oldin orqaga, so’ngra pastga yo’nalib, chakka suyagining so’rg’ichsimon-bigizsimon o’siqlari o’rtasida joylashgan teshikdan tashqariga chiqadi. Kanal ichida yuz nervidan katta toshsimon nerv bilan eshituv tori nervi ajraladi. Katta toshsimon nerv (tarkibida parasimpatik tolalar bor) chiqib, quloq oldi beziga boradi. Eshituv tori nervi esa yuz nervidan ajralgach, o’rta quloq bo’shlig’idan tashqariga chiqib, uch shoxli nervning til nervi shoxi bilan qo’shiladi va tilning so’rg’ichlariga (ta’m bilish), til osti hamda pastki jag’osti bezlariga tolalar tarqaladi. Yuz nervi so’rg’ichsimon-bigizsimon teshikdan tashqariga chiqqach, quloq oldi bezining ichiga kirib, bir qancha tarmoqlarga ajraladi. Nervning harakatlantiruvchi tolalari yuzdagi mimika muskullarini va bo’yindagi teri osti muskuli bilan ikki qorinchali muskulning orqa qorinchasini innervatsiya qiladi.