Tvorog

Tvorog (rus.) — sutni sut achitqi bakteriyalar bilan ivitib, zardobini ajratib tayyorlanadigan mahsulot. Qaymogi olingan yoki olinmagan sutdan tayyorlanishga qarab yog’li (18%), kamyog’ (9%) va yog’siz bo’ladi. Qabul qilingan standartga ko’ra yog’li T. tarkibida ko’pi bilan 65% suv, 11% oqsil, 2,4% sut qandi bo’ladi, 100 g kaloriyasi 230 kkal (960 kJ)ga teng, 1 kg bunday T. uchun yog’liligi 3,0—3,5% bo’lgan 5,9—6,9 kg sut sarflanadi. T.da sut tarkibidagi foydali moddalar saklanadi. T. oqsilida inson hayoti uchun zarur barcha aminokislotalar bor. T. ni uy sharoitida tayyorlash uchun 3-4 l qaynatilgan iliq sutga 1 stakan qatiq qo’shib aralashtirib kastryulkaga solinadi (ba’zan pepsin yoki kaltsiy glyukonat tuzidan foydalaniladi). Hosil bo’lgan quyqa bo’laklanadi va kastryulkani suvli tog’oraga solib past alangada isitiladi (qaynab ketmasligi kerak). Quyqa bir xil isishi, zardobi ajralib chiqishi uchun aralashtirib turiladi. Bo’laklar yuzaga qalqib chiqqach, elak yoki g’alvir ustiga ikki qavat toza doka solib suziladi. Zardob toza oqib tushgach, sovitiladi va dokaga siqib o’rab ustiga taxta qo’yib, yuk bostirib qo’yiladi. Po’lat Tursunxo’jaev.