Tonzillit

Tonzillit (lot. tonsilla — murtak bezlari) — murtakning yallig’lanishi. O’tkir (q. Angina) va surunkali T. farq kilinadi. Surunkali T.ga tez-tez angina bilan ogrish, shuningdek, burundan qiynalib nafas olish, burun yondosh bo’shliklarining yallig’lanishi, chirigan tishlar (q. Tish chirshii) sabab bo’ladi. Bemor tomog’iga biror narsa qadalgandek sezadi, tomog’i og’riydi, achishadi, ba’zan og’riq quloqqa o’tadi. Surunkali T.da isitma (37,3—37,5° gacha) uzok, (xaftalab, hatto oylab) davom etishi, shu bilan birga bemor lanj bo’lib, boshi og’rishi, ish qobiliyati pasayishi mumkin. T.ni faqat mutaxassis vrach davolaydi: dezinfektsiyalovchi eritmalar bilan tomoq chayiladi, murtak kanallari yuviladi, so’ng yodgliserin aralashmasi surtiladi va fizoterapevtik muolajalar buyuriladi. Surunkali T. tez-tez qo’zib turadi. Kasallikdan yurak va buyrak funktsiyalarining buzilishi hamda bo’g’imlarda og’riq paydo bo’lishi kabi asoratlar qolishi mumkin. Bunday asoratlar yuz bermasligi uchun lozim bo’lganda operasiyalar qilib, murtaklar olib tashlanadi.