TITISH MASHINASI

TITISH MASHINASI (to’qimachilikda) — paxta, jun, kanop, zig’ir va b. tolalarni yigirishga tayyorlash maqsadida xascho’p va nuqsonli tolalardan tozalash va yoyib yumshatish qurilmasi. Yigiruvchilik va tolali materiallarga dastlabki ishlov berishdagi texnologik qurilmalardan biri. Mas., paxta tolasini titish uchun mo’ljallangan T.m. ta’minlash bunkeri, valik (jo’va) lar, titish organi (qoziqli baraban), panjara (kolosnik), ventilyator, to’rli barabanlar, titkichsavagichdan iborat. Titiladigan tolalar uyumi ta’minlash bunkeriga solinadi, valiklar va ta’minlash tsilindrlari ularni qozikli barabanga bir xil qalinlikda uzatib turadi. Baraban aylanganda qoziklari tolalarni titadi, shunda xascho’p va nuqsonli tolalar asosiy massadan ajralib, kolosnik orqali chiqindilar kamerasiga tushadi. Ventilyator hosil qiladigan kuchli havo oqimi titilgan va tozalangan tolalarni to’rli barabanlarga uzatadi. Bu erdan tolalar qatlami titkichsavagichga o’tadi. Bu erda yana titilib va tozalanib, navbatdagi mashina (yigirish mashinasi)ga uzatiladi. T.m.ning ish sur’ati tolalar uzunligi birligiga yoki tolalar massasi qatlamiga to’g’ri keladigan zarblar bilan belgilanadi.