Til tizimi
Til tizimi — x,ar qanday tabiiy tilning o’zaro munosabatlar bilan bog’langan, muayyan birlik va butunlikni tashkil etuvchi lisoniy unsurlari majmui. T.t.ning har bir tarkibiy qismi alohidaaloqida emas, balki tizimning boshqa tarkibiy qismlariga qaramaqarshi qo’yilgandagina mavjud bo’ladi. Til murakkab butunlik bo’lib, uning tarkibiy qismlari sifatida fonologik, leksik (semantik), morfologik, sintaktik va uslubiy (funktsional) sathlar ajratiladi. Til tizim (butunlik) tabiatiga egaligi bois uning tarkibiy qismlari ham shunday xarakterda bo’ladi. Tilning tizim sifatida izoxlanishi F.de Sossyur, V.Gumboldt va b. tilshunoslarning asarlaridan boshlangan. T.t. haqidagi hoz. zamon tasavvuri esa o’z ichiga o’zaro aloqador bo’lgan til sathlari, til birliklari, paradigmatik va sintagmatik munosabatlar, tilning belgilar tizimi ekanligi, tilda shakl hamda vazifa (funktsiya), struktura va substantsiya, tilning ichki va tashqi aloqalari, sinxroniya va diaxroniya, analiz va sintez, doimiylik va muvaqqatlik kabi tushunchalarni ham qamrab oladi. T. t.ni tashkil etuvchi tarkibiy qismlar bir-birini taqozo etadi. So’zlar ishtirokida so’z birikmasi, gaplar shakllanadi va nutq hosil bo’ladi. Bunda grammatik qurilish vositalari (affiks, yordamchi so’zlar, sintaktik vositalar) hamda so’z tartibi, inversiya, suppletivizm, tavtologiya singari vositalar ham o’ziga xos ahamiyat kasb etadi. Til o’ta murakkab qurilishli ijtimoiy hodisa bo’lib, uning negizini tashkil etuvchi til birliklari tizimlari asosida til qurilishining o’zaro bog’liq bosqichlari ajratiladi; bu bosqichlarga xos birliklar tizimi tilshunoslikning turli sohalarida o’rganiladi. Ad.: Sossyur F. de, Trudi po yazikoznaniyu, M., 1977; Solntsev V.M., Yazik kak sistemnostrukturnoe obrazovanie, 2izd., M., 1977. Ilhom Madrahimov.