Tilevmurotov Kenjaboy

Tilevmurotov Kenjaboy (1929, Qoraqalpog’iston, Mo’ynoq tumani — 1997.17.12, Nukus) — Qoraqalpoq xalq baxshisi (1977). Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1969). Xo’jayli shaqridagi ped. bilim yurtini (1948), Nukus ped. intini (1954) tugatgan. Gaz tahririyatlarida adabiy xodim, maxsus muxbir, teatrda aktyor, maktabda o’qituvchi, direktor (1956-60), 1960 y.dan O’zbekiston FA Qoraqalpog’iston filiali N.Dovqoraev nomidagi Tarix, til va adabiyot intida ilmiy xodim. 1976 y.dan Qoraqalpog’iston televideniesi va radiosi qoshidagi «Muxalles» dutorchilar ansambliga rahbar. T. K. baxshilik sirlarini erta o’rgangan. Unga otasi Tilevmurot baxshi ustozlik qilgan. Kenjaboy baxshi otasidan «Yusuf Ahmad», «Xirmondali», «Sayodxon va Hamro» kabi dostonlarni, ko’plab xalq qo’shiqlarini o’rgangan. Xalq Doston, terma va qo’shikdariga o’ziga xos yo’nalishda kuy bastalagan. Uning musiqiy repertuarida sof cholg’u kuylari bilan bir qatorda, aytim (norma) kuylarining cholg’u variantlari ham o’rin egallagan. Moskva, Toshkent, Olmaota, Ashxobod, Ufa kabi shaharlarda o’tkazilgan folklor festivallari hamda adabiyot va san’at dekadalarida ishtirok etgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti laureati (1986). Nasriddin Mamanazarov.