XIII asr boshlarida Chingizxon (Temuchin) kuchli mo’g’ullar davlatiga asos solib, tez orada naymanlarni Enasoy (Yenisey) bo’ylaridagi qavmlari, Yettisoyning shimoliy qismidagi Kuchluk davlatini ag’darib, uyg’urlar va boshqa turkiy qabilalarni o’ziga bo’ysundiradi. 1211-1215 yillarda Chingizxon shimoliy Xitoy hududlarini bosib olib, Mo’g’ulison davlati sarhadlarini kengaytiradi. Gobi sahrosining sharqiy chegaralaridan to Tyanshan tog’ tizmasining g’arbiy etaklarigacha bo’lgan hududlar mo’g’ullar davlati hukmronligi ostida birlashtiriladi. Mo’g’ullar davlatining g’arbiy chegarasi Muhammad Xorazmshoh saltanati chegarasi bilan tutashib ketadi.
Chingizxonning nigohi endi Xorazmshohlar saltanatiga qaratildi. U Xorazmshoh kuch-qudratini bilib olishga va bu haqda ma’lumotlar to’plashga harakat qildi. Dastlab ikki davlat o’rtasida elchilik munosabatlari yo’lga qo’yiladi.
1216 yilda Muhammad Xorazmshoh Chingizxon huzuriga Bahouddin Roziy boshchiligida o’z elchilarini yuboradi. Chingizxon elchilarni qabul qilib, ikki mamlakat hududlarida savdogarlarning erkin qatnoviga xohish bildiradi. Chingizxon ham qimmatbaho sovg’alar va savdo-sotiq mollari ortilgan katta karvon bilan o’z elchilarini Xorazmga yuboradi. Elchilarga asli xorazmli Mahmud Yalavoch (Yalovoch-turkiy tilda “elchi” degan ma’noni bildiradi) boshliq etib tayinlanadi. Chingizxon elchilarini Muhammad Xorazmshoh 1218 yilning bahorida Buxoro shahrida qabul qiladi. Elchilar Muhammadga Chingizxon uni qudratli podshoh sifatida bilishini, uni o’zining “eng ardoqli o’g’illari qatorida ko’rishi”ni, do’stona shartnoma tuzishga rozi ekanligini bildirishadi. “Eng ardoqli o’g’illari qatorida ko’rish” degani Sharq ustomonligi (diplomatiyasi)da Chingizxonning Xorazmshohni o’ziga qaram qilib olish niyatida ekanligini bildirardi. Bunday iltifot Muhammad Xorazmshohga yoqmaydi, albatta. Biroq Muhammad Xorazmshoh Mahmud Yalovochni huzuriga yashirincha chorlab, unga Xorazm shohiga xizmat qilishini, Chingizxon qarorgohida Xorazmshoh josusi (ayg’oqchisi) bo’lishni tayinlaydi, so’ngra sovg’a-salomlar bilan elchilarni jo’natib yuboradi. Mahmud Yalovoch Chingizxon huzuriga qaytib borgach, unga Xorazm davlati va uning podshosi haqida ko’pgina ayg’oqchilik ma’lumotlarini yetkazadi. Chingizxon tomonidan Muhammad Xorazmshohga o’z minnatdorchiligini bildirish va ikki qo’shni davlatlar o’rtasida shartnoma tuzish uchun 1218 yilning o’zidayoq Xorazmga savdo karvoni va elchilar jo’natiladi.
Ayrim tarixiy manbalarda Chingizxonning Movarounnahrga lashkar tortishiga, 450 kishilik, 500 tuyalik katta savdo va elchilar karvonining O’tror hokimi G’oirxon (Inolchiq) buyrug’i bilan talanishi, qirg’in qilinishi sabab bo’lgan degan fikrlar olg’a suriladi. Vaholanki, ikki tomon o’rtasida urush chiqish muqarrarligi Sulton Muhammadga ham, Chingizxonga ham avval boshdanoq ma’lum edi. Bu tashabbus ko’proq Chingizxon tomonda bo’lgan edi.
O’tror shahrida qatl etilganlar faqat elchilik-savdo karvoni bo’lmay, balki Chingizxon ko’rgazmasiga binoan mablag’ bilan ta’minlanib yuborilgan bu karvon savdo-sotiq bilan bir qatorda, josuslik ishlarini olib borishga mo’ljallangan edi.
Chingizxon bilan jang olib borish harbiy taktikasini ishlab chiqishda Sulton Muhammad qator xatoliklarga, kaltabinlikka yo’l qo’yadi. Harbiy kengashda harbiy sarkardalar tomonidan bir qator takliflar o’rtaga tashlagan edi. Kengashda fikrlar bo’linib ketadi. Xiva vakili Shahobiddin Xivaqiy barcha qo’shinlarni Sirdaryo bo’yiga to’plab, uzoq yo’l bosib kelayotgan dushman qo’shinlari o’zini o’nglab olmasidan turib, to’satdan katta jang qilib dushmanga zarba berishni taklif qiladi. Xorazmshohga bu taklif ma’qul bo’lmaydi, negaki u o’zining oliy lashkarboshilari bo’lgan qipchoq lashkarboshilariga ishonmas edi. Xorazmshoh kengashda harbiy kuchlarni bo’lib, turli shaharlarga alohida-alohida joylashtirishga, urushda mudofaa taktikasini qo’llashga qaror qiladi, o’zi mamlakat janubiga ketadi. Shu tariqa mudofaachilikdan iborat yo’l tutiladi.
Chingizxon 200 mingga yaqin jangchi bilan Xorazmshoh saltanatiga yurish boshladi va O’trorga yaqin joyda harbiy kuchlarni to’pladi. Movarounnahr va Xorazmni qisqa muddatda zabt etish maqsadida qo’shinni 4 qismga bo’ldi. Bir qismi o’g’illari Chig’atoy va O’qtoy boshchiligida O’trorni egallash uchun qoldirildi. Ikkinchi qismi Jo’ji boshchiligida Sirdaryoning quyi oqimidagi Sig’noq, O’zan, Barchinlig’tepa, Jand, Yangikent va boshqa shaharlarni egallash uchun safarbar etildi. 5 ming kishilik uchinchi qo’shinni Oloq no’yon va Suketu-cherbu boshchiligida Sirdaryoning o’rta oqimidagi Binokat, Xo’jand va boshqa shaharlarni egallashga jo’natdi. O’zi katta qo’shin bilan Buxoro tomon lashkar tortdi.
Chingizxon qo’shinlari O’tror, Buxoro, Samarqand shaharlarini qisqa muddatda bosib olib, vayron qiladilar, jangchilarni qirg’in qilib, asirga olib, qurol-aslahalarini o’lja qilib oladilar. Shahar aholisi qirg’in qilinadi, hunarmandlar uzoq Mo’g’ulistonga haydab ketiladi, qurol ko’tarishga imkoni bo’lganlar mo’g’ullar zulmi ostida askariy xizmatga majbur qilindi.
Oloq no’yon bilan Suketu-cherbi boshliq qo’shinlar 1219 yil dekabrda Binokat shahrini egallab, Xo’jandga hujum qiladilar. Xo’jand Ustrushonadagi yirik shahar edi. Temur Malik ilgariroq, har ehtimolga qarshi, Sirdaryo o’rtasidagi orolchada mustahkam qal’a qurdirib qo’ygan edi. Qattiq janglar tufayli shaharni mudofaa qilish qiyinlashgach, Temur Malik 1000 kishilik qo’shini bilan 1220 yil aprelida orolga ko’chib o’tib mudofaa jangini davom ettiradi. Temur Malik usti namat hamda sirkali loy bilan suvalgan, o’q otish uchun darchalari bor kemalar yasab, erta tongda har ikki tomonga 6 tadan kemada suzib kelib, dushmanga qirg’in keltiradi. Oxir oqibatda, Temur Malik askarlari bilan daryoning quyi oqimi bo’ylab suzib ketadi. Barchinlig’kent (Qizilo’rdaga yaqin joy)da mo’g’ullar daryoni to’sib qo’yadilar. Temur Malik qirg’oqqa tushib, dushman bilan janglar qiladi, oxiri yolg’iz o’zi 1220 yil yozida Gurganchga yetib keladi.
Jizzax Buxoro-O’tror yo’lidagi muhim mudofaa shaharlaridan biri edi. Shuning uchun ham Chingizxon Jizzaxni bosib olishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko’radi. Chingizxon qo’shinlari Buyuk ipak yo’lidan o’rin olgan Zomin, Xudoyjir, Hasan, Ravot qal’a-qo’rg’onlariga hujum boshlab, bosib oladi. Tursunqul Turdiqulovning “Hovos – ko’hna diyor” nomli kitobida va mahalliy tarixchilar Pirimqul Do’stmatov, Xudoyqul Karimovlarning matbuot sahifalarida chop qilingan maqolalarida O’ratepa, Xovos, Zomin, Jizzax aholisining bosqinchilarga qarshi olib borgan kurashlari haqida tarixiy ma’lumotlar bayon qilinadi. Jizzax aholisi bosqinchilarga qarshi shiddatli kurash olib boradilar. Biroq, Chingizxonning biror jonli zotga Shafqat qilmaslik to’g’risidagi farmoniga ko’ra, tinch aholi qirib tashlanib, qishloqlar, karvonsaroylar, masjidlar, yuzlab uy-joylar yondiriladi va bog’lar, ekinzorlar payhon qilinadi. Ekinzorlarga ob-hayot keltirgan shohariqlar ishdan chiqarilib, dehqonlarga juda katta moddiy zarar yetkaziladi.
Aholi o’rtasida saqlanib qolgan rivoyatlarda ta’kidlanishicha, Jizzax shahar himoyachilari Donishmand Hojib keltirgan Chingizxonning shaharni jangsiz topshirish haqidagi talabnomasini rad etib, bir necha kun mobaynida mo’g’ul qo’shinlari bilan yuzma-yuz jang olib boradilar. Bosqinchilar tomonidan shaharni suv bilan ta’minlovchi ariqlar ko’mib tashlanadi. Qaliya atrofidagi istehkomlar, O’rda qal’asi devorlari manjaniq (toshotar) qurollar yordamida buzib tashlanadi. Jizzax himoyachilari ilojsiz taslim bo’ladilar. Asir olinganlar boshqa qal’a, shaharlarni ishg’ol qilishda jonli nishon sifatida foydalaniladi.
Chingizxon qo’shinlari Jizzax shahrini ishg’ol qilgach ba’zi bir mahalliy xoinlarning maslahati bilan Buxoro shahriga hozirgi Forish tumani orqali o’tadigan Buyuk Ipak yo’li orqali o’z yurishlarini davom ettiradilar, bosqinchi qo’shinlar hech qanday talafotsiz Nur (hozirgi Nurota) shahrini egallab Buxoro shahriga yo’l oldilar va uni ishg’ol qiladilar.
Chingizxon Gurganchni egallab, Amudaryodan janubga yuradi. Yurish davomida Muhammad Xorazmshoh vafot etgach, Xorazm davlati sultoni deb e’lon qilingan Jaloliddin Manguberdining qattiq qarshiligiga uchraydi. Jaloliddin Niso jangni va Parvon jangida mo’g’ul qo’shinlarini mag’lub etib, ularga katta talafot keltiradi. Jaloliddin 1221 yil noyabrda Sind daryosi bo’yida Chingizxonning o’zi boshliq katta qo’shinga qarshi janggi kiradi. Kuchlar teng bo’lmagani bois qaltis paytda Jaloliddin otda daryoga sakrab, daryoning narigi tomoniga suzib o’tadi. Jaloliddin Manguberdi yana 12 yil davomida, to umrining oxirigacha mo’g’ul bosqinchilariga qarshi qahramonona janglar olib bordi.
Chingizxon zabt etilgan o’lkalarni 1224 yilda, hali hayotdaligidayoq o’g’illariga taqsimlab berdi. Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Movarounnahr uning ikkinchi o’g’li Chig’atoyga berildi va Chig’atoy ulusi tashkil topdi. Chig’atoyxonning ulusni boshqaradigan o’rdasi Ili daryosi bo’yida edi. Movarounnahrni idora qilish Chingizxon huzurida xizmat qilgan Mahmud Yalovochga topshiriladi. Mahmud Yalovoch Xo’jand shahrini o’ziga qarorgoh qilib, Movarounnahrni idora qiladi. Chig’atoy xonlari aholidan, jumladan, Jizzaxlik ziroatchi dehqonlardan yer uchun kalon solig’i – hosilning o’ndan bir qismi hajmida, chorvadorlardan qo’pchur solig’i – har yuz bosh chorvadan bir bosh hajmida, shuningdek, shulen solig’i – har bir podadan 2 yashar qo’y, qimiz uchun har ming otdan bir biya hisobida soliqlar undirishgan. Hunarmandlar va savdogarlardan targ’u solig’i – ishlab chiqarilgan mahsulot yoki sotilgan molning o’ttizdan bir qismi hajmida soliq olingan. Bulardan tashqari, aholidan tuz solig’i, jun solig’i, kumush solig’i undirilgan.
Savdo yo’lida joylashgan Jizzaxdagi bekat (yom)larning xizmati va xarajatlari ham aholi zimmasiga yuklangan edi. Davlat topshirig’i bilan Jizzaxdan o’tadigan elchilar, choparlar va xizmatchilarga aholi xizmat qilishi, ularga ot-ulov, oziq-ovqat, yem-xashak berishga majbur qilinardi.
Soliqlar mahalliy amaldorlar tomonidan, xususan, Mahmud Yalovoch tomonidan barot (ijara) tartibida bir yo’la to’lab yuborilardi, so’ngra aholidan rasmiylashtirilganidan ham oshirib olinardi.
Zo’rlik, jabr-zulmning kuchayishi aholining noroziligini oshirib, xalqning bosh ko’tarishiga olib keladi. Shunday qo’zg’olonlardan biri 1238 yilda Buxoro vohasidagi Torob qishlog’ida Mahmud Torobiy boshchiligida ko’tariladi. Mahmud Torobiy qo’zg’oloni bostirilsa-da, boshqa joylarda, jumladan, Jizzaxda ham o’z aks sadosini berdi. Bu g’alayonlar mo’g’ullar va ular xizmatidagi mahalliy hokimlarni xalq bilan hisoblashishga, aholi talabini inobatga olishga majbur etdi.
1238 yilda Chig’atoy Mahmud Yalovochni isyonkor viloyatlarda ko’tarilgan qo’zg’olonlarni bostirishdagi sustlik qilgani, aholiga rahm-shafqat qilib, soliqlarni kamaytirganini ro’kach qilib, uni amalidan chetlashtirib Movarounnahrdan chiqarib yuboradi. Mahmud Yalovoch O’qtoy xoqon huzuriga yetib borgach, u Pekin shahriga valiy (hokim) etib tayinlanadi. Xorazmdan to Xitoy chegarasigacha bo’lgan hududlarga Mahmud Yalovochning o’g’li Ma’sudbek noib hamda ijarador etib tayinlanadi.
XIII asr o’rtalarida Chig’atoy ulusining mo’g’ul amaldorlari doirasida o’troqlikka o’tish, shahar hayotiga yaqinlashish jarayoni kuchayadi. Mo’g’ulistonning ulug’ xoqoni Munke soliqlarni tartibga solish, aholidan yomlar uchun ot olish, elchilarning ruxsatnomasiz shahar va qishloqlarga kirishi man qilinadi. Jizzax aholisi ham hisobsiz undiriladigan to’lovlardan ozod qilinadi.
Ma’sudbek tomonidan 1271 yilda amalga oshirilgan pul islohoti, Movarounnahrning 16 ta shahrida bir xil vazn va yuqori qiymatli sof kumush tangalar zarb etilib muomalaga chiqarilishi natijasida tovar va pul munosabatlari ancha yaxshilandi, shahar hayoti jonlandi.
Movarouhrdek madaniy o’lka bilan aloqani mustahkamlash va o’troq hayot kechirishga intilgan Chig’atoy xonlaridan biri Kebakxon (1318-1326) Nasaf shahri yaqinida qarorgoh qurdirib, u yerga ko’chib boradi va hokimiyatni bevosita o’zi boshqaradi. Shu tariqa Qarshi shahri tashkil topadi. Kebakxon ulusni tumanlarga bo’lib, ularni noiblar orqali idora etish tartibini yo’lga qo’yadi. Jumladan, Jizzax shahri va uning atrofidagi qishloq va ovullar bitta ma’muriy-hududiy birlikka birlashtirilib Jizzax tumani tashkil etiladi. Yagona pul birligi – og’irligi 8 grammlik katta kumush tanga (dinor), bir grammlik kichik kumush tanga (dirham) zarb etiladi. “Kebaki” deb nom olgan bu tangalar Samarqand va Buxoroda zarb etilib, muomalaga chiqariladi. Xarob bilan hunarmandchilik, dehqonchilik, savdo-sotiq ishlari tiklanadi, shahar bozorlari gavjumlashadi. XIV asrning 40-yillarida Chig’atoy ulusi ikkiga bo’linib ketadi. Sharqiy Turkiston, Yettisuv qismi Mo’g’uliston deb ataldi, unga Tug’luq Temur – xon etib tayinlanadi. Ulusning g’arbiy qismi – Movarounnahrga mustaqil idora qilinadigan bo’ldi. Mo’g’ullar Movarounnahrga ko’chib ketganlarni qoraunas (duragay)lar, Movarounnahrdagilar esa Mo’g’ulistonda qolganlarni jeta (qaroqchi, talonchi) deb atay boshladilar.