XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Jizzaxda Mulla Azim (H.Olimjonning bobosi), Muhammadxon, Qurbonali baxshi, Muazzamxon, Hadicha aya Sharif qizi, Muhammad Rizo (1801-1874), Qurbonov Ochil qizi, Mo’tabar Ochil qizi kabi shoir va shoiralar ijod qilishgan. Tarixiy manbalarda ko’p martalab tilga olingan Jizzax shahrida fan, madaniyat, adabiyot va san’at taraqqiyotida taniqli ijodkorlar O’zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon, O’zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg Nazir Safarov, jamoat va davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov, filologiya fanlari doktori, yozuvchi Sarvar Aziov, bolalar shoiri Shukur Sa’dulla, yozuvchi Nasrulla Oxundiy, Bahrom Ibrohimov (Yo’qsil), shoir Qodirjon Imomov, yozuvchi Qosimjon Hoshim, Jo’ra Ahmadjon, Nosir Yo’lchi, Toji Odil kabilarning salmoqi hissasi bor.
XX asrning ikkinchi yarmida adabiyotshunos olimlar Jo’ra Hojimatov, Asil Rashidov, Hotam Umirov, Akram Kattabekov, Inoyatulla Suvonqulov, Olimjon Jo’rayev, O’ron Nosirov, Fayzulla Boynazarov, Usmon Qosimov singarilarning adabiyotshunoslikka doir qator ilmiy tadqiqotlari yuzaga keldi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ibrohim Donish, yozuvchi va shoir Keldi Qodirov, Orifjon Ikromov, Sharofat Botirova, Oqiljon Husanov, Sherlon Aliyev, Meli Normatov, No’mon Mirzayev, Nushar Qarshiboyev, Shahlo Ahrorova, Zulfiya Bo’riyeva, Gulchehra Shahobiddin qizi, Sayyora To’ychiyeva, Islom Usmonov, Ilhom Hamrayev va boshqalar ham davr ruhiga hamohang asarlari bilan tanildilar. Quyida biz ko’zga ko’ringan adiblarning ba’zilari haqida batafsilroq to’xtalishga jazm etdik.
HAMID OLIMJON (1909-1944). Jizzax adabiy muhitida voyaga yetgan porloq siymolardan biri, shubhasiz, Hamid Olimjondir. Xalqimizning sevimli shoiri Hamid Olimjonning dastlabki she’r va hikoyalari Narimonov nomli (Sh.Rashidov nomli) o’rta maktab devoriy gazetasi “Olg’a”da ko’rinib turar edi. Hamid Olimjon maktabda “Yosh qalamkashlar” to’garagiga boshchilik qilib, a’lo o’qish bilan birga ijtimoiy va tashkiliy ishlarga ham faol qatnashar edi. “Yosh tarbiyachi” devoriy gazetasi, “Uchqun” jurnalining tashkilotchisi va muharriri edi. Shoirning ilk asarlari uning Samarqanddagi pedagogika bilim yurtida o’qib yurgan paytlarida maydonga keldi. Samarqand viloyati “Zarafshon yoshlari” gazetasi sahifalarida “Negr bolasi”, “Nesuroy” (1926), “Ba’zi kamchiliklar”, “Jizzax musiqiy to’dasi to’g’risida” (1927) kabi maqolalari “Uchqun” taxallusi bilan e’lon qilindi. 1927 yildan 1930 yilgacha Hamid Olimjon “Zarafshon yoshlari” gazetasida bo’lim mudiri, keyinchalik mas’ul kotib vazifalarida ishladi. 1928-1931 yillarda Samarqanddagi pedagogika akademiyasi (hozirgi A.Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti)da ta’lim oldi. Bu vaqtda akademiyada adabiy harakatchanlik mavjud bo’lib, Hamid Olimjon ham uning faol ishtirokchilaridan biri edi.
Hassos, shoir, otashin notiq, yuksak madaniyat egasi va uning targ’ibotchisi bo’lgan Hamid Olimjon 1939 yildan boshlab to umrining so’nggi daqiqalariga qadar O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi sifatida respublika adabiy ijodchiligining yuksalishiga boshchilik qildi.
Otashin kuychining birinchi to’plami “Ko’klam” (1929), keyinchalik “Tong shabadasi”, “O’lim yovga”, “She’rlar”, “Baxt”, “Zaynab va Omon”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg’”, “Ikki qizning hikoyasi”, “Ota hayotidan” kabi dostonlari, “Muqanna” tarixiy dramasi va balladalari nashr etildi. Uning ijodi XX asr o’zbek adabiyoti tarixining yorqin sahifalaridan biri sifatida elimiz ardog’ida yashamoqda.
SHAROF RASHIDOV (1917-1983). Ikki marta Mehnat Qahramoni, atoqli davlat jamoat arbobi, adib Sharof Rashidovich Rashidov 1917 yil 7 noyabrda Jizzaxlik mahallasida dehqon oilasida tavallud topdi. U shahrdagi Narimonov (hozirgi Sharof Rashidov) nomli maktabda yetti yillik ma’lumotni olgach, Jizzax pedagogika bilim yurtida, so’ng Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi. 1941 yilda uni tugallagach Samarqand viloyatining sobiq “Lenin yo’li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasining muharriri bo’lib ishladi. 1941 yil avgustda harakatdagi armiya safiga chaqirildi va Ikkinchi jahon urushi janglarida qatnashdi.
U 1942 yilda jang maydonida yarador bo’lib qaytdi. Jizzaxda sobiq Lenin (hozirgi Sh.Sa’dulla) nomli o’rta maktabda ilmiy bo’lim muhiri va direktorlik lavozimida ishladi. So’ngra yana Samarqand viloyati “Lenin yo’li” (“Zarafshon”) gazetasida muharrirlik qildi. 1944 yildan 1947 yilning mart oyigacha Samarqand viloyat partiya qo’mitasi kotibi lavozimida ishladi. 1947 yilda respublika gazetasi “Qizil O’zbekiton” (“O’zbekiston ovozi”) gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. 1949 yilda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi. Yirik jamoat arbobi sifatida tanilgan adib 1950-1959 yillarda O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining raisi, 1959-1983 yilda O’zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo’mitasining birinchi kotibi vazifasida faoliyat ko’rsatdi.Vatanimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan Sh.Rashidov qariyb chorak asr davomida respublikaga yetakchilik qildi. Hamyurtimiz Sh.Rashidov faoliyatiga nazar solar ekanmiz, avvalo, o’sha davrning o’ta murakkabligini, ziddiyatligini inobatga olish lozim bo’ladi. O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov “Bu murakkab shaxs, bir tarafdan Milliy manfaatlarni o’ylashga, ikkinchi tarafdan Markazdan kelgan, tub manfaatlarga zid buyruqlarni hayotga tadbiq etishga majbur bo’lganini unutmaslik zarur. Uning umri sandon bilan to’qmoq orasiga qo’yilgan edi, deb aytsak mubolag’a bo’lmaydi” deb ming karra haq fikrni bildirgan edi.
Sh.Rashidov rahbarligi davrida O’zbekistonda Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Yangiyer va Guliston singari yirik shaharlar, ko’plab tumanlar barpo etildi.
Jizzax viloyatinign tashkil topishi va Jizzax shahrining taraqqiyoti Sharof Rashidovning bevosita nomi bilan bog’liq.
1966 yilgi zilzila tufayli vayronaga aylangan Toshkent shahrini qayta qurishda, Toshkent shahri metrosini barpo etishda, ko’plab qurilish inshootlarining bunyod etilishida uning katta hissasi bor.
Sharof Rashidov o’tkir zamonaviylik ruhi bilan sug’orilgan “G’oliblar”, “Bo’rondan kuchli”, “Qudratli to’lqin” rmanlari, “Kashmir qo’shig’i” dostoni, “Kamolot” kinopovesti, “Dil amri” qissasi, “Do’stlik bayrog’i”, “Do’stlik va qardoshlik tili” singari publitsistik asarlar muallifidir.
O’zbek xalqining atoqli farzandi, davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yodgorlik muzeyi 1992 yili O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning Sh.Rashidov shaxsini qayta tiklash to’g’risidagi ko’rsatmasiga asosan tashkil qilindi. Jizzax shahrida Sharof Rashidov tavallud topgan kunning 75 yilligi tantanalarini nishonlashda qatnashgan yurtboshimiz muzeyni ochib nutq so’zladi va mehmonlar daftariga dastxat yozib qoldirdi. Bugungi kunda muzeyga mamlakatimizdan, Fransiya, AQSh, Koreya Respublikasi, Angliya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlardan yuzlab sayyohlar kelib muzeyni tomosha qilib ketmoqdalar. Xulosa qilib aytganda, Sharof Rashidov muzeyi yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim rol o’ynamoqda.
O’zbek dramaturgiyasi, prozasi va publitsistikasining bugungi taraqqiyotini NAZIR SAFAROV (1905-1985) ijodisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. U hamisha xalqiga xizmat qilish orzusi bilan to’lib-toshgan ijodkor edi. Shu sababli adib xalqning qalbiga kirdi, zamon chaqiriqlariga hamisha “labbay!” deb javob berib keldi. Bu fazilati uni fashistlar urush ochganda ixtiyoriy ravishda frontga, qizg’in jang maydoniga olib bordi. Saratonning jaziramasiyu, qishning chillasida cho’llarni kezgan, tez-tez paxtakorlar huzurida, ko’mir konlariyu, po’lat quyuvchilar huzurida bo’lishga, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurishga, mehnat qahramonlari bilan muloqotga undagan narsa ham xalq oldidagi teran burchni anglashida edi.
Nazir Safarov Jizzax uyezd maorif tizimida “Qizil O’zbekiston” (“O’zbekiston ovozi”) gazetasida bo’lim mudiri bo’lib ishlaganda, Respublika Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi bo’lib xizmat qilganda, “O’zbekiston” nashriyoti va “O’zbekfilm” kinostudiyasini boshqarganda, Respublika “Kitobsevarlar” jamiyatiga rais bo’lib ishlaganda o’z burchiga naqadar mas’uliyat bilan qarash namunasini ko’rsatgan edi.
Nazir Safarovning “Mitan parazitlari”, “Qora kunlar ko’lankasi”, “Suv keltirgan aziz”, “Oliyaxon Sultonova”, “Uzoqni ko’zlagan qiz” kabi publitsistik asarlari. “Tarix tilga kirdi”, “Uyg’onish”, “Sharq tongi”, “Lukash botir”, “Kimga to’y, kimga aza” kabi dramalari, “Ko’rgan-kechirganlarim”, “Navro’z”, “Momaqaldiroq” kabi nasriy asarlari faqat respublikamizda emas, balki qo’shni respublikalarda ham e’tibor qozongan.
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi, O’zbekiston xalq yozuvchisi SARVAR OLIMJONOVICH AZIMOV (1923-1994) 1923 yil may oyida Jizzax shahridagi “Jizzaxlik” mahallasida dehqon oilasida tavallud topgan. O’rta maktabni, 1942 yilda Toshkentdagi pedagogika bilim yurtini tugallagach, O’rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetida o’qiydi. 1946 yildan 1949 yilgacha aspiranturada tahsil olib, Hamid Olimjon hayoti va ijodiga bag’ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Shu yillar mobaynida O’zbekiston davlat radiokomitetida mas’ul muharrir, O’zbekiston Fanlar akademiyasi adabiyot muzeyida hamda A.S.Pushkin nomli til va adabiyot institutida (1950-1954) ilmiy xodim, director o’rinbosari vazifalarida faoliyat ko’rsatadi. Doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. 1954 yildan O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasi Fan va madaniyat bo’limining mudiri, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqarmasining birinchi kotibi (1956-1957), Respublika Madaniyat ishlari vaziri (1957-1959), O’zbekiston Ministrlar Soveti raisining o’rinbosari, Tashqi ishlar vaziri (1959-1969, 1988-1991) lavozimlarida faoliyat ko’rsatdi. Livan Respublikasida (1969-1974), Pokistonda (1974-1980) elchi bo’lib ishladi. 1980 yildan boshlab to 1985 yilga qadar yana O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi vazifasida faoliyat yuritdi.
Sarvar Azimov “Qonli sarob”, “Yulduzlar jamoli”, “Tirik murda”, “Zamon dramasi” kabi dramatik asarlar, “Kamalak”, “Ko’zlari cho’lpon” qissalari, “Oppoq tong qo’shig’i” kinopovesti va boshqa ko’plab asarlarning muallifidir.
ORIFJON IKROMOV (1926-1971) 1926 yil sentabrda “Jizzaxlik” mahallasida xizmatchi oilasida tug’ildi. 1934-1944 yillarda hozirgi Shukur Sa’dulla nomli umumta’lim o’rta maktabini tugatgach, Alisher Navoiy nomli Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida ta’lim oldi va uni 1949 yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi. O’sha yiliyoq universitetning “O’zbek adabiyoti” kafedrasi huzuridagi aspiranturada o’qib, 1953 yili “Shoir Amir Umariyning ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1956 yili dotsentlik unvonini oldi. 1956-1962 yillarda universitetda kafedra dotsenti, o’zbek tili va adabiyoti fakulteti decani lavozimiad mehnat qildi.
Orifjon Ikromov Samarqand, Qashqadaryo pedagogika institutlari rektori lavozimida ishlab, bu vazifalarni ilmiy faoliyat bilan qo’shib olib bordi. U “O’zbek romanlarida ijobiy qahramon muammosi” mavzusida dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqlab, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor bo’ldi.
O.Ikromov sobiq Ittifoq Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalarining, Ittifoq badiiy adabiyot fondining a’zosi edi. Filologiya fanlari doktori, professor O.Ikromovning “Yosh gvardiya”, G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashrlarida “Gul fasli” (1970), “Yurak to’lqinlari” (1975) she’riy to’plamlari, “O’zbek romanlarida ijobiy qahramon” (1960), “Tanlangan asarlar” (1977) nomli kitoblari bosilib chiqqan.
Orifjon Ikromov har bir ishga jiddiy e’tibor bilan qaraydigan, sezgir, dilkash va kamtarin inson edi. U “Mehnat qizil bayroq”, “Hurmat belgisi” ordenlari va qator medallar bilan taqdirlangan edi.
SHUKUR SA’DULLA (1912-1972) o’zbek bolalar yozuvchisi, dramaturg, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1924-1929) va pedakademiya (hozirgi SamDUning filologiya fakulteti)da (1929-1931) o’qigan. “O’zbekiston” davlat nashriyotida muharrir, bosh muharrir o’rinbosari, bosh muharrir (1931-1964), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1964-1972) bo’lib ishlagan. Ilk she’rlar to’plami “Hayqiriq” 1932 yili nashr qilingan. “Sen nima qilding?” (1942), “Shohista” (1944), “Shirin kun” (1947), “Ulug’ shahar” (1951) she’riy to’plamlarida urush voqealari, ona Vatanga muhabbat tuyg’usi, xalqlar do’stligi aks etgan. “Bizning bayram” (1953), “Ko’kbuloq” (1957), “Ohanrabo” (1949), “Dastyor qiz” (1961), “Ozoda” (1964) to’plamlarida qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish, kishilar o’rtasida o’zaro do’stlik munosabatlarining shakllanishi, axloq va odob masalalari ifodalangan. “Komadirning boshidan kechirganlari” (1961), “Aziz qishlog’im” (1969) qissalari yosh avlodni Vatanni, xalqni sevishga undaydi. Sh.Sa’dulla o’zbek xalq ertaklari syujeti asosida “Yoriltosh” musiqali dramasi (1968) va librettosini (1967) yaratgan. “Bizning jangchi” (1942), “Gulxan” (1943) pyesalari, “Ism qo’yilmagan xat” (1966) hikoyalar to’plami, jamoa xo’jaligi hayotidan olingan “Dalada bayram” (1954), “Ikki bilaguzuk” (1963), istiqlolchilik harakatiga bag’ishlangan “Vatan ishqi” dramasi (Z.Fatxulin bilan hamkorlikda) va boshqalar Sh.Sa’dulla ijodida muhim o’rin egallagan.
U A.S.Pushkin, L.Tolstoy, S.Marshak, K.Chukovskiy, S.Mixalkov, X.X.Andersen va boshqalarning asarlarini o’zbek tiliga o’girgan.
QODIRJON IMOMOV (1917-1942) Jizzax shahridagi “Sovungarlik” mahallasida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. U dastlabki ma’lumotni Narimonov (hozirgi Sh.Rashidov) maktabda oldi. So’ngra Samarqand davlat universitetining til va adabiyot fakultetini tugatib, shu yerda o’qituvchi bo’lib ishladi va ijodiy ishlar bilan shug’ullandi.
Q.Imomov 1940-1941 yillari Samarqand viloyat partiya qo’mitasida bo’lim boshlig’i, QQASSR Ichki Ishlar Xalq Komissarligida siyosiy bo’lim boshlig’i lavozimiad ishladi. 1942 yilning may oyida harbiy xizmatga chaqirilib, frontga otlandi. Bir qo’lida qurol, bir qo’lida Qalam bilan dushmanni tor-mor qilishga o’zining munosib hissasini qo’shdi. Q.Imomov 1942 yil sentabr oyida Leningrad yaqinidagi Sinyavina qishlog’ida qahramonlarcha halok bo’ldi.
Shoirning o’ynoqi, davrni tarannum etgan she’rlar to’plami “Orzu” nomi bilan 1975 yilda bosilib chiqdi. Jizzax tumanidagi va shahardagi maktablar, ko’chalar Qodirjon Imomov nomi bilan atalmoqda.
OQILJON HUSANOV (1932-2002) Jizzax tumanidagi “Ravalliq” qishlog’ida tavallud topdi. 1949 yili Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetiga o’qishga kirib, uni 1954 yilda tugalladi. Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasida musahhih, bo’lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida faoliyat yuritdi.
O.Husanov 1960-1967 yillarda “Mushtum”, 1967-1979 yillarda “Sharq yulduzi”, 1980-1993 yillarda “Guliston” jurnallarida adabiy xodim, bo’lim mudiri, mas’ul kotib va muharrir o’rinbosari lavozimlarida ishladi. O.Husanovning “Qo’shiqchining taqdiri”, “Samarqand bulbuli”, “Mehri daryolar”, “Bo’lmaganga bo’lishma”, “Qashqar go’zali”, “Sirli odam”, “Taqilmagan uzuk”, “Tog’da o’sgan bola”, “Jiyanning yangi sarguzashtlari”, “Qishloqqa sayohat”, “Ucholsa ham uchmagan turna”, “Bulbulning go’shti”, “Hayot guli”, “Dil izhori”, “Garovga sababchi go’zal”, “Hangomalar”, “So’z navbati”, “Olimning ibratli olami” va “Dovrug’” nomli asarlari chop etilgan.
NO’MONJON MIRZAYEV (1937-1991) 1937 yil 20 mayda “Ravalliq” qishlog’ida tug’ilgan. 1959 yilda Samarqand shahrida sobiq “Lenin yo’li” (“Zarafshon”) gazetasida, 1962-1966 yillarda “Kommunizm sari” (“Jizzax ovozi”), “Sirdaryo haqiqati” gazetalarida adabiy xodim, bo’lim boshlig’i, “Sovet O’zbekistoni” gazetasining Jizzax viloyati bo’yicha maxsus muxbiri vazifalarida faoliyat ko’rsatdi. 1982-198 yillarda Jizzax viloyat yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi, 1986-1991 yillarda Jizzax viloyati jurnalistlar uyushmasining raisi lavozimlarida mehnat qildi.
No’monjon Mirzayevning “Cho’l ishqi”, “Cho’lquvar bo’lish qiyin” nomli ocherklar to’plami chop etilgan.
No’monjon Mirzayev ko’p yillik ijodiy xizmatlari uchun “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaiyat xodimi” faxriy unvoni va “Hurmat belgisi” ordeni, qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
ERKIN BOYSINOV (1937-1999) Samarqand pedagogika bilim yurtini, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tugallagach, 1961-1966 yillar “Yangiyer” gazetasida muharrir lavozimida mehnat qildi. 1972 yili Toshkent Oliy partiya maktabini tugallab, Sirdaryo viloyati partiya qo’mitasida mas’ul lavozimda faoliyat ko’rsatdi. U Mirzacho’l cho’lquvurarlari bilan yonma-yon turib, ularning tashvishiga ham, quvonchiga ham sherik bo’ldi. 1974 yildan boshlab O’zbekiston davlat matbuot qo’mitasida muharrir, bosh muharrir lavozimlarida ishladi. 1985 yildan to umrining oxirigacha “Mehnat” nashriyotida direktorlik vazifasida faoliyat yuritdi.
Erkin Boysinov iste’dodli noshir va tajribali tarjimon sifatida rus, chet el yozuvchilarining bir qator asarlarini o’zbek tiliga o’girib, chop ettirdi. Erkin Boysinov O’zbekiston davlat matbuot qo’mitasida bosh muharrir, “Mehnat” nashriyotida director lavozimida ishlagan yillari Jizzaxni tarixga kiritishda, xususan, “Jizzaxning to’ng’ich maktabi”, “Asrga tengdosh maktab”, “Jizzax shahar tarixi”, “Jizzax tarixi lavhalari”, “Jizzax viloyat tarixi” kitoblarini chop qilishga bosh-qosh bo’lganligini eslash o’rinli bo’ladi.
NAZIRJON BARAKAYEV (1932-1983) 1932 yili Jizzax tumanidagi “Ravalliq” mahallasida dehqon oilasida tavallud topdi. Jizzax pedagogika bilim yurtini imtiyozli diplom bilan bitirgach, G’allaorol tumanidagi 26-son o’rta maktabda yoshlarga ta’lim berdi. 1952-1956 yillari Farg’ona pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tamomlab, yana G’allaorol tumaniga kelib, tumandagi 6, 10-o’rta maktablarga direktorlik qildi. 1962 yildan umrining oxirigacha “Kommunizm sari” (hozirgi “Jizzax ovozi”) gazetasida adabiy xodim, bo’lim mudiri, muharrir o’rinbosari, “Sirdaryo haqiqati” viloyat gazetasida madaniyat bo’limi mudiri, Jizzax viloyat partiya qo’mitasida yo’riqchi, Jizzax tuman partiya qo’mitasida mafkura bo’limining mudiri, matbuotda davlat sirlarini asqlash tashkiloti boshlig’i, Zarbdor tumani gazetasining bosh muharriri bo’lib ishladi.
U O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo’limining mas’ul kotibi bo’lib ishlagan yillari Jizzax muzofoti adabiy muhitini yaratishga munosib hissa qo’shdi. N.Barakayevning “Jizzax bolalari”, “Olqish”, “Faxriya” to’plamlari nashr etilgan.
Viloyat ijroiya qo’mitasining qarori bilan bugungi kunda u o’qigan maktab va Jizzax shahri ko’chalaridan biri Nazirjon Barakayev nomi bilan atalmoqda.
IBROHIM DONISH 1938 yilda Jizzax shahridagi “Qaliya” mahallasida tug’ildi, o’rta maktabni tamomlagach, dastlabki ish faoliyatini bosmaxonada harf teruvchilikdan boshladi. Ishdan ajralmagan holda Nizomiya nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakultetini tugalladi. 1962 yildan 1983 yilgacha Jizzax tuman va shahar gazetasi “Jizzax ovozi”da dastlab musahhih, keyinchalik adabiy xodim, bosh muharrir o’rinbosari, bosh muharrir bo’lib ishladi.
1984 yilda 1994 yilgacha Jizzax viloyati “Jizzax haqiqati” gazetasining madaniyat bo’limini boshqardi.
Ibrohim Donishning ijodiy faoliyati 1953 yilda o’quvchilik davridan boshlandi. Dastlabki she’rlari “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida bosildi. O’tgan asrning 60-yillaridan respublikadagi turli gazeta va jurnallarda tez-tez ko’rinib turdi. Ilk kitobi “Pomidor nega qizil?” 1976 yilda Toshkentdagi “Yosh gvardiya” nashriyotida chop etildi. Keyinchalik “Diloromning qo’shig’i”, “Charog’on yulduzlar”, “Hayot kitobi”, “Tushdagi sarguzasht”, “Handalak” nomli to’plamlari bosilib chiqdi. Turkum she’rlari “Boychechak”, “Qirq oyoq va qirq paypoq”, “Dil so’zlari” kabi umumiy to’plamlariga, boshlang’ich sinflarning “Ona tili”, “O’qish kitobi”, “Odobnoma” darsliklariga kiritilgan.
Ibrohim Donish dramaturgiya sohasida ham ijod qildi. “Qo’shnilar mojarosi”, “Kechirimli kelin”, “El saodati” nomli dramalari Jizzax xalq teatrida sahnalashtirildi. “Nomus qurboni”, “Makkora” nomli asarlari Yunus Rajabiy nomli viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari tomonidan videofilm qilib suratga olindi.
Ibrohim Donishning “Armon”, “Mahallam va mahalladoshlarim” nomli balladalari, “Qo’shterak afsonasi”, “Hayot kitobi”, “Cho’l farzandi”, “Alpomishning to’yi” nomli dostonlari, “O’chmas xotiralari” nomli qissasi ham matbuotda e’lon qilingan. Asarlari rus, qrimtatar, tojik tillariga tarjima qilingan.
Ibrohim Donishga “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” degan yuksak unvon berilgan.
KELDI QODIROV Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugallagach, 1978 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi bo’ldi. Alisher Navoiy nomli adabiyot muzeyida ilmiy xodim, “Sharq yulduzi” jurnalida bo’lim mudiri, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’a nashriyotida muharrir, O’zbekiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo’lib faoliyat ko’rsatdi. Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo’limiga rahbarlik qildi, Abdulla Qodiriy nomli Jizzax davlat pedagogika institutida talabalarga dars berdi.
Keldi Qodirov ijodi o’quvchilik davrida boshlanib, “Mavj”, “Oq tulpor”, “Hamal” singari bir qancha she’iy kitoblari, “Sel”, “Oq bo’ron” nomli roman va qissalari bosilib chiqdi. She’riy va nasriy asarlari Rossiya, Belorussiya, Turkiya respublikalarida ham nashr etildi. Yunus Rajabiy nomli Jizzax viloyat musiqali drama teatrida “Talvasa” nomli dramasi sahnalashtirildi.
SHAROFAT BOTIROVA (1943-2003) o’rta maktabni bitirib, Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutining fransuz tili fakultetiga o’qishga kirdi va uni 1968 yili imtiyozli diplom bilan tugalladi. Institutning “Tarjimasunoslik” kafedrasida o’qituvchilik qildi. 1970-1971 yillarda Jazoirda tarjimon bo’lib ishladi. 1972-1974 yillarda Jizzax shahridagi maktablarda fransuz tilidan yoshlarga dars berdi.
U 1974-1989 yillarda Jizzax davlat pedagogika institutida oddiy o’qituvchilikdan kafedra mudirligigacha, olima, dotsenlikkacha bo’lgan yo’lni bosib o’tdi. 1976-1980 yillarda Toshkent chet tillar pedagogika instituti qoshidagi aspiranturaning roman-german tillari bo’limida ishdan ajralmagan holda tahsil oldi. Sh.Botirova tarjimasida A.Gyugoning “Sharq taronalari” she’riy to’plami nashr etildi. O’zbekiston Respublikasida ilk bor fransuz tili asliyatidan tarjima Sharofat Botirova tomonidan amalga oshirildi. V.Gyugo, Jak Prever, Lui Aragon, Luiza Mishel she’riyati Sharofat Botirova tarjimasida “Saodat”, “Guliston”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallarida chop etildi.
Sharofat Botirova 1996 yildan umrining oxiri – 2003 yilgacha Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo’limi rahbarligi lavozimida samarali mehnat qildi.
Ko’p yillik samarali mehnatlari uchun “O’zbekiston xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoni, “El-yurt hurmati” ordeni, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan edi.
TUROB MAQSUD – o’rta maktani bitirgach, Farg’ona davlat pedagogika institutida tahsil oldi. U ish faoliyatini jurnalistikadan boshladi. Jizzax viloyat radiosida muxbir, “Jizzax haqiqati” gazetasida adabiy xodim, 1983 yildan 1996 yilgacha “Sovet O’zbekistoni” (hozirgi “O’zbekiston ovozi”) gazetasining Jizzax viloyati bo’yicha muxbiri, O’zbekiston xalq ta’limi vazirligida mas’ul vazifalarda ishladi. 1996 yilda viloyat hokimligida maslahatchi, viloyat teleradiokompaniyasining raisi bo’lib xizmat qildi. Keyinchalik u Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo’limiga rahbarlik qildi.
Turob Maqsudning Hamid Olimjonning hayoti va bolalik davrini aks ettiruvchi “Beshik” yoshlar hayotiga bag’ishlangan “Qaytmas to’lqinlar”, “Pariga oshiq o’smir” nomli qissalari, ko’plab hikoyalari turli nashriyotlarda bosilib chiqqan.
ABDULLA AHMAD – O’zbekiston Respublikasi Yoshlar uyushmasi a’zosi. 1943 yilda Jizzax shahrida tug’ilgan. U mehnat faoliyatini 1962 yilda Jizzax shahar bosmaxonasida oddiy ishchilikdan boshlagan. 1967 yildan boshlab “Kommunizm sari” (hozirgi “Jizzax ovozi”) gazetasining Paxtakor tumani bo’yicha maxsus muxbiri bo’lib xizmat qiladi. 1967 yildan 1974 yilgacha Jizzax tumanidagi Qodirjon Imomov nomli maktabda ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi bo’lib ishlaydi. 1974 yildan 1978 yilgacha Jizzax shahar va tuman gazetasi “Jizzax ovozi”ida adabiy xodim bo’lib mehnat qiladi.
1978 yildan Abdulla Ahmad “Jizzax haqiqati” viloyat gazetasining bo’lim mudiri, mas’ul kotibi, bosh muharrir o’rinbosari vazifalarida mehnat qildi. U o’zining jurnalistik kasbini badiiy ijod bilan qo’shib olib bormoqda. Ijodkorning o’tgan yillar ichida ko’plab hikoya va hajviyalari “Mergan”, “Oltin daraxt”, “Elni sevgan ming yashar”, “Zafarobodning zumrad tonglari”, “Ma’rifatga baxshida umr”, “Baxmal-yangi tashabbuslar manzili”, “Yurakdagi ism”, “Najot eshigi” kitoblari chop etildi.