BABEZIOZ

BABEZIOZ, babeziellyoz —qoramol, qo’y va echkilarda Babesia turkumiga mansub bir hujayrali organizmlar qo’zg’atadigan yuqumli kasallik. Babezioz hayvonlarga kanalar orqali yuqadi. Kasallikning kechishi 4-8 sutka. Kasallangan hayvonning tana harorati keskin ko’tariladi, tez ozadi, suti kamayadi, ba’zan suti rangi qon aralash sarg’ayadi, mazasi taxir bo’ladi. Kasallik katta hayvonlarda og’ir kechadi. Hayvonlarning ko’pi nobud bo’ladi. Asosan yoz—kuz davrida ko’proq uchraydi. Tashhis qonni mikroskopik tahlil qilish asosida qo’yiladi. Babezioz bilan og’rigan hayvonlarga bu kasallik 2-3 yilgacha yuqmaydi. Davolash: muskul orasiga azidin, berenil, diamidin yuboriladi. Oldini olish va qarshi kurash choralari: kasal hayvonlarni kimyoviy preparatlar bilan davolash; kanalarni yo’qotish (yaylov hamda hayvonlarga 1% li xlorofos eritmasi purkaladi).