BADIIY O’QISH

BADIIY O’QISH – Estrada san’atining bir turi: adabiy asar (she’riy nasr, shuningdek publisistika) yoki dramatik parchani omma oldida ijro etib, tinglovchilarga asar mohiyatini badiiy-ta’sirchan qilib yetkazish. O’tmishda Badiiy o’qish xalq baxshilari, ertakchilari, qiziqchilari ijodining asosi hisoblangan. Yunoniston, Rim va Frantsiyada badihago’ylik, deklamasiya, ifodali o’qish san’ati keng rivojlangan. Rossiyada Badiiy o’qishning ikki turi — o’z asarlarini mohirlik bilan ijro etish va professional turlari bo’lgan. Og’zaki ifodali nutq qadimdan o’zbek baxshi, ertakchi va dostonchilari, qissaxonlari san’atining asosini tashkil qilgan. O’zbek Badiiy o’qish san’ati tarixida Qosimqul Do’stmurod, Hamrobibi Umarali qizi, Hasan Xudoyberdi o’g’li, Husanboy Rasul o’g’li kabi o’zbek ertakchilari va Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan shoir, Islom shoir kabi xalq shoirlarining xizmatlari katta. O’zbek ertakchi va dostonchilari, baxshilari asarning tiliga, ifodalarining ixcham, sodda, tushunarli va obrazli bo’lishiga e’tibor berish bilan birga ijro vaqtida ovozning bir tondan ikkinchi tonga o’tishi (modulyatsiya) dan, nutqiy tasnifdan, taqdid uslubidan, mimika va qo’l harakatlaridan hozirjavoblik, musiqa va xonandalik san’atidan ustalik bilan foydalanadilar. Shuningdek, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat, Hamza, G’. G’ulom kabi o’zbek adiblari ham o’z asarlarini mohirlik bilan ijro etishgan. O’zbek Badiiy o’qish san’atini rivojlantirishda A. Hidoyatov, Sh. Burhonov, O. Xo’jaeyv, N. Rahimov, E. Komilov, M. Abduqunduzov kabi o’zbek aktyorlarining ham xizmatlari bor. Badiiy so’z ustasi, respublikada xizmat ko’rsatgan artist Muhsin Hamidov Badiiy o’qish san’ati sohasida tanilgan professional ijrochidir. Badiiy o’qishning bir aktyor teatri, melodeklamasiya, ifodali o’qish kabi turlari mavjud.