BADIIY HAVASKORLIK

BADIIY HAVASKORLIK – asosiy ishdan ajralmagan holda jamoa (to’garak, studiya, xalq teatrlari) yoki yakka holda (xonanda, badiiy so’z ustasi, sozanda, raqqosa, akrobat va boshqalar) ijod qilish; xalq ijodi shakllaridan. Turkistonda faqat yirik shaharlar (Toshkent, Samarqandda, keyinchalik Andijon, Namangan, Kattaqo’rg’on, yangi Marg’ilon) da musiqa va drama Badiiy havaskorlik to’garaklari harbiy va fuqaro yig’inlari bilan bir vaqtda tashkil etildi. O’zbek xalqi umumiy madaniyatining yuksalishi, oliy va o’rta maktablarning ko’payishi, ommaning savodxon bo’lishi, shahar va qishloqlarda klublarning tashkil qilinishi va boshqa omillar tufayli rivojlandi. 20-yillar o’rtasida ishchi-yoshlar teatrlari, 30-yillarda drama va musiqa, keyinchalik estrada va tsirk jamoalari, turli ansambllar (xalq raqsi, qo’shiq va boshqalar), orkestrlar paydo bo’ldi. 1959 yildan ularning eng yaxshilariga «Xalq ashula va raqs ansambli», «Xalq teatri» kabi unvonlar berila boshladi. 1968 yildan O’zbekistonning eng yaxshi Badiiy havaskorlik jamoalari xorijiy mamlakatlarga gastrolga chiqa boshladi. 70-yillarning 2-yarmi, 80-yillarda ashula va raqs, folklor-etnografik ansambllar Badiiy havaskorlik san’atida peshqadamlik qildi. Natijada xalq og’zaki ijodiyotining ko’pgina janrlari, asarlari tiklanib, sahnalar va maydonlarda ijro etildi. «Shalola» (keyinchalik «Boysun»), «Sumalak», «Nozanin», «Beshqarsak», «Doston» kabi o’nlab xalq ansambllari o’z san’atlarini xorijiy mamlakatlarda ham namoyish etishgan. Shu davrda «Paxtaoy» va «Bulbulcha» kabi bolalar ansambllari ham Shuhrat qozongan. Bir qator dorbozlar guruhlari ham tashkil topgan. O’zbekistonning mustaqilligi tufayli Badiiy havaskorlikda ham yangi davr boshlandi. Tarixga, ma’naviy merosga, xalq ijodiyotiga e’tiborning kuchayishi o’z navbatida Badiiy havaskorlik rivojiga ham turtki berdi. Ayniqsa, milliy bayram, Navro’zning tiklanishi va mamlakat miqyosida o’tkazilishi natijasida Navro’z bilan bog’liq o’yinlar, tomoshalar, marosimlar tiklandi. Bunda malakali san’atkorlar bilan bir qatorda Badiiy havaskorlik jamoalari, xalq ijodkorlarining xizmatlari kata bo’ldi. Bu davrda estrada havaskorligi taraqqiy topdi. Xalq o’yinlarini tiklash va yanada rivojlantirishga qaratilgan bayramlarni o’tkazish an’anaviy tus oldi. Folklor va etnografiya, raqs san’ati, dorbozlik, qo’g’irchoq teatri, askiya, qiziqchilik va masxarabozlik yo’nalishlaridagi jamoalarning faoliyati izchil va samarali bo’ldi. Bolalarning «Tomosha» nomli o’ziga xos musiqali teatri maydonga keldi. Ayniqsa, 80-yillarda inqirozga uchray boshlagan Badiiy havaskorlik teatri qaddini rostlashga kirishdi. 1999 yildan o’tkazila boshlagan «Nihol» teatr san’ati havaskorligi respublika ko’riktanlovi natijalari shundan dalolatdir. Har yili keng nishonlanadigan Mustaqillik, Navro’z bayramlarining katta tomoshalari dasturida Badiiy havaskorlik vakillarining ishtiroki mazkur san’at yo’nalishini yanada rivojlanishida katta turtki bo’lmoqda. O’zbekiston Respublikasida bir qancha musiqa jamoalari, ashula va raqs ansambllari, drama va havaskorlik to’garaklari mavjud. Bu jamoalarga (eng yirik klublarda), asosan, professional aktyor, rejissyor, musiqachi, baletmeyster va boshqalar rahbarlik qiladi. Ularning repertuarlari o’zbek va jahon xalqlari dramaturglarining asarlari, qo’shiq va raqslaridan iborat. Musiqa, xor, raqs Badiiy havaskorlikida erishilgan katta yutuqlar turli ko’rik va tanlovlar, festivallarda namoyish etib boriladi. O’zbekistonda turli millat vakillarining Badiiy havaskorlik guruhdari (masalan, koreys, qozoq, rus va boshqalar) mavjud. O’zbekistondagi professional san’at jamoalari (teatrlar, ashula, raqs ansambllari va boshqalar) o’z safini ko’p hollarda havaskorlar hisobiga to’ldirib boradi. O’zbekistonda tasviriy va amaliy san’at sohasida ham havaskorlik tez rivojlanmoqda. Havaskor rassom, haykaltarosh, naqqosh, o’ymakor, zarbchi, rixtagar, kulol, kashtado’z, zardo’zlarning faoliyatlari san’at rivojiga katta hissa bo’lib qo’shilmoqda. Kino va fotohavaskorlik jamoalari o’z ijodlarida O’zbekiston tabiatini, undagi mehnat jarayonini, fan va madaniyat sohasidagi muvaffaqiyatlarni aks ettirishga intilmoqdalar. Bolalar orasida Badiiy havaskorlik san’atning har xil turlari bo’yicha bolalar bilan sinfdan va maktabdan tashqari o’tkaziladigan mashg’ulotlardir. Buning natijasida bolalarda badiiy-ijodiy ehtiyoj va qiziqishlar uyg’otiladi, qobiliyatlari o’stiriladi, ularga estetik tarbiya va badiiy ta’lim beriladi. Bolalar Badiiy havaskorlikgi xalq talantlarini aniqlash va kamolga yetkazishning ilk bosqichi bo’lib, o’quvchilarni kelgusida san’at sohasida professional ma’lumot olishga tayyorlaydi.