BADRIDDIN CHOCHIY

BADRIDDIN CHOCHIY (taxalluslari: Chochiy, Badr, Shoshiy) (1285, Toshkent — 1344, Dexli) — shoir. Misrda va Bag’dod shahrida tahsil olgan. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. 1332 yilda Toshkentdan Dehliga bordi va u yerda Sulton Muhammadshoh Tug’luq saroyida xizmat qildi. Hukmdorlarga atab qasidalar yozdi. «Malik ush-shuaro» («Shoirlar shog’i»), «Faxr uz-zamon» («Zamon faxri») unvonlariga musharraf bo’lgan. Badriddin Chochiy qasidalarida ijtimoiy turmushdagi kamchiliklarni hajv ostiga olgan, ushbu janrni yuqori bosqichga ko’targan. Qasidachilikda vasfni qayta tiklagan. Badriddin Chochiy o’z asarlarida adolatli, xalqparvar shohlarni orzu qilgan. «Qasidai shitoiya» («Qish qasidasi»), «Qasidai sayfiya» (“Yoz qasidasi»), «Qasidai rabbiya» («Bahor qasidasi») kabi asarlarida tabiat go’zalliklarini madh etgan. Badriddin Chochiyning 70 ga yaqin qasida, ruboiy, qit’a va g’azallarni o’z ichiga olgan «sharhi qasoidi Badri Chochiy» («Badri Chochiy qasidalari sharhi», 1343) asari saqlanib qolgan. Shoir uslubi murakkabligi uchun keyinchalik uning asarlariga maxsus sharxlar bitilgan (G’iyosiddin Mustafo, «Kashf ul-Asror», 1840/41; Muhammad Usmon Qays, «Nusxai Usmoniy», 1848 va boshqalar). Badriddin Chochiy qasidalari to’plamining 2 nusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1051, 151).