BAIYA

BAIYA — Braziliya shimoli-sharqidagi shtat. Maydoni 567 ming kilometr kvadrat. Aholisi 11,7 million kishi (1990). Ma’muriy markazi — Salvador shahri. Braziliya yassitog’ligining Sharqiy qismida, San-Fransisku daryosi havzasida joylashgan. Mamlakatning eng ko’p neft qazib oladigan va qayta ishlanadigan hamda olmos olinadigan shtati. Yirik Paulu-Afonsu GES ishlab turibdi. Shtat Janubda kakao, tamaki, shakarqamish plantasiyalari bor. Oziq-ovqat, to’qimachilik, ko’n poyabzal, kimyo va boshqa bir qancha sanoat korxonalari mavjud. Chorvachilik ham rivojlangan.