BAKTERIEMIYA

BAKTERIEMIYA (bakteriyalar va Yunoncha haima — qon) — qonda bakteriyalar bo’lishi. Bakteriyalar odam va hayvonlar qoniga teri va shilliq pardalar shikastlanganda, shuningdek limfa tugunlari, tomirlar sistemasi va boshqa a’zolar patologik jarayondan o’zgarganda kiradi. Ko’pgina infektsion kasalliklar —leptospirozlar, toshmali va qaytalama terlamalar, tulyaremiyada kuzatiladi. Bakteriemiya ayniqsa ichak infektsiyalari (ich terlama, paratif, salmonellyozlar, brusellyoz va hokazolar) ga xos, bu kasalliklarda Bakteriemiya patologik jarayonning yoyilib ketishiga sabab bo’ladi. Bakteriemiya kasallikning o’tkir davrida yaqqolroq ko’rinadi. Ionlashtiruvchi nurlar ta’sir etganda tabiiy immunitetning buzilishi, antitelolarning kam ishlanishi, leykositlar kamayishi va ularda fagositoz qobiliyatining susayishi, to’qima to’siqlari o’tkazuvchanligining zo’rayishi va boshqa bir qancha omillar ta’sirida kelib chiqadi. Organizm Bakteriemiyani yenggan sayin bakteriyalar qonda kamayib, tamomila barham topadi.