BAKTERIYALAR

BAKTERIYALAR (Yunoncha bakterion — tayoqcha) — bir hujayrali mikroorganizmlarning katta guruhi; shakllangan yadroga ega bo’lmagan mikroskopik organizmlar — prokariotlar. Bakteriyalarda hujayra pardasi, ko’p miqdorda dezoksiribonuklein kislota (DNK), sodda yadro bor. Mitoxondriy va xloroplastlar odatda, bo’lmaydi, yadroning xromosomalari va qobig’i ko’zga ko’rinmaydi. Bakteriyalar ko’ndalangiga bo’linish (ba’zan cho’zilish yoki kurtaklanish) yo’li bilan ko’payadi. Bakteriyalarning ko’p turi tayoqcha shaklida bo’ladi. Biroq sharsimon, ipsimon yoki ilon izi shaklli mikroorganizmlar ham Bakteriyalarga kiradi. Bakteriyalarning fiziologik xususiyatlari nihoyatda xilma-xil, ular biokimyoviy jihatdan juda faol. Bakteriyalar tuproqda, suvda, suv havzalari zaminida va boshqa joylarda tarqalgan. Ular yagona bir guruh bo’lmay, har xil yo’llar bilan vujudga kelgan organizmlardir. Ba’zi Bakteriyalar, (masalan, ipsimon Bakteriyalar, azotobakter va boshqalar) ko’k-yashil suvo’tlarga yaqin, ayrim Bakteriyalar esa nursimon zamburug’lar — aktinomisetlar bilan urug’dosh; spiroxetalar va boshqa ba’zi Bakteriyalar bir hujayrali sodda hayvonlarga o’xshaydi. Bakteriyalarning kattakichikligi, shakli, tuzilishi, harakatchanligi har xil. Sharsimon Bakteriyalarning diametri, odatda, 1 — 2 mkm, tayoqcha shaklidagilarining yo’g’onligi 0,4 dan 0,8 mkm gacha, uzunligi 2 — 5 mkm bo’ladi. Ba’zan juda yirik Bakteriyalar ham uchraydi. Ayrim Bakteriyalar, shu qadar maydaki, hatto bakterial filtrdan ham o’tib ketadi. Sharsimon Bakteriyalar kokklar deb ataladi. Agar kokklar ko’ndalangiga bo’linish yo’li bilan ko’paysa va bo’lingandan keyin birbiriga qo’shilganligicha qolib zanjir hosil qilsa, streptokokklar deyiladi. Hujayralar uchta o’zaro tik yo’nalishda bo’linsa, hujayralar xaltachasi (paketi)ni hosil qiladi, bunday shakl sarsinalar uchun xos. Kokklar xar xil yo’nalishda bo’linsa, hujayralarning uzum boshining g’ujumi shaklidagi to’plami hosil bo’ladi, bunday shakl stafilokokklarga taalluqli. Sporalar hosil qiladigan tayoqchasimon Bakteriyalar basillalar deyiladi. Tayoqchasimon Bakteriyalarning uchlari tekis «qirqilgan» yoki do’ngroq bo’lishi mumkin. Bular alohida yoki, ba’zan, zanjir shaklida joylashadi. Uzun ip hosil qiladigan ipsimon bakteriyalar, asosan, suvda yashaydi. Vergul shaklidagi Bakteriyalar vibrionlar, yo’g’on spiralsimon buralganlari spirallar, bir nechta bir xildagi ingichka buramalilari spiroxetalar deyiladi. Elektron mikroskopda qaralganda Bakteriyalarning hujayra pardasi bir necha (odatda, uch) qavat ekanligi ko’rinadi. Uning tarkibiga muramin kislota, aminokislotalar, lipidlar, glyukozamin va boshqa birikmalar kiradi. Hujayra pardasi ostida iitoplazmatik membrana bor, shu membrana moddalar almashinuvida muhim rol o’ynaydi. Tsitoplazmada ribosomalar bo’lib, ular tarkibiga RNK kiradi. Bakteriyalar hujayrasida DNK iplari bor, ular qobiqsiz yadro, ya’ni nukletoid hosil qiladi. Bakteriyalar yuqori temperaturaga, odatda, chidamsiz, quritish, oftob, har xil kimyoviy moddalar Bakteriyalarni o’ldiradi. Bakteriyalar sovuqqa juda chidamli, shu tufayli tuproqda qishlab chiqa oladi. Bakteriyalarning ko’pi oval yoki yumaloq shaklli sporalar hosil qiladi. Bakteriyalar sporalari yuqori temperatura va zaharli moddalar ta’siriga juda bardoshli. Sporalar qulay muhitga tushganda ulardan tayoqchasimon yoki vegetativ hujayralar paydo bo’ladi. Bakteriyalarning rivojlanish tsikli har xil. Masalan, mikobakteriyalar bo’linish yo’li bilan ham, kurtaklanish yo’li bilan ham ko’payadi. Miksobakteriyalarning vegetativ hujayralari qisqaradi va kichrayib, yumaloq yoki oval shaklli mikrosistalar hosil qiladi. Ko’pchilik Bakteriyalar organik moddalarni, ba’zilari anorganik moddalarni oksidlash yo’li bilan energiya oladi. Faqat kislorodli muhitda yashay oladigan Bakteriyalar aeroblar, kislorodsiz muhitda yashaydigan Bakteriyalar anaeroblar deyiladi. Aerob nafas olish vaqtida organik birikmalar oksidlanib, karbonat angidrid ajralib chiqadi. Anaerob sharoitda organik birikmalarning parchalanishi va bunda energiya ajralib chiqishi bijg’ish deyiladi. Tabiatda va xalq xo’jaligida Bakteriyalarning ahamiyati juda katta. Bakteriyalar tirik hujayralar tarkibiga kiradigan hamma kimyoviy elementlarning tabiatda aniqlanishida ishtirok etadi. O’simlik va hayvon qoldiqlari tsellyuloza, pentozalar, kraxmal, pektin moddalar va boshqalarni o’zlashtira oladigan mikroorganizmlar ishtirokida parchalanib, pirovardida karbonat angidrid bilan suvga aylanadi. Tabiatda azot aylanishida ham mikroorganizmlarning roli katta. Hayvonlar o’ziga zarur azotli birikmalarni o’simlik oqsillaridan hosil qiladi. Hayvon va o’simlik oqsillari Bakteriyalar ta’sirida minerallashib, avval ammiakka, keyin nitrit va nitratlarga aylanadi. Ammoniyli tuzlar ham, nitratlar ham yuksak o’simliklar uchun oziq bo’ladi, ular shu tuzlardan foydalanib, o’z tanasida oqsil hosil qiladi. Bakteriyalar boshqa biogen elementlarni ham minerallashtiradi. Ular organik fosfor birikmalarini parchalab, suv havzalari va tuproqda fosforning mineral birikmalarini ko’paytiradi. Bakteriyalar ta’sirida oltingugurtning organik birikmalari ham minerallarga aylanadi. Bakteriyalar genetika, biofizika, kosmik biologiya va boshqa sohalarga oid umumiy masalalarni hal qilish uchun eng yaxshi ob’yektdir. Bakteriyalar kulturasidan aminokislotalar, vitaminlar va antibiotiklarni miqdor jihatidan aniqlashda foydalaniladi. Tuproq unumdorligi Bakteriyalarning hayot faoliyatiga bog’liq. Pektin moddalarni bijg’itadigan Bakteriyalar yordamida zig’ir, kanop va boshqa tolali o’simliklar ivitiladi. Sutdan qatiq, sariyog’, pishloq va b. mahsulotlar tayyorlashda ham Bakteriyalarning har xil turlaridan foydalaniladi. Sanoatda Bakteriyalarning tegishli turlari yordamida kraxmalli yoki boshqacha xom ashyodan sut (laktat) kislota, atseton, etil spirt, butil spirt va boshqa spirtlar, dekstrin, diatsetil, antibiotiklar, vitaminlar, aminokislota va boshqalar olinadi. Bakteriyalardan ferment preparatlari tayyorlashda ayniqsa ko’p foydalaniladi. Shu bilan birga, Bakteriyalarning ko’pgina turlariga qarshi kurash olib borishga ham to’g’ri keladi, chunki ular don-dun va boshqa masalliqlarni, har xil xom ashyo, material va buyumlarni buzadi. Odam va hayvonlarda uchraydigan ko’pgina kasalliklar (masalan, ich terlama, vabo, sil, kuydirgi, manqa va boshqalar) ni Bakteriyalar paydo qiladi. Odam va hayvonlarda kasallik qo’zg’atadigan Bakteriyalar patogen Bakteriyalar deb ataladi. Fitopatogen Bakteriyalar yovvoyi o’simliklarda ham, ekinlarda ham ko’pgina kasalliklarni vujudga keltiradi. Kasallik qo’zg’atadigan Bakteriyalarga qarshi aseptika va antiseptika choralari ko’riladi, shuningdek, bakteriostatik va bakterisid moddalar ishlatiladi.