BALIQ MOYI
BALIQ MOYI — treska, kambala, olabug’a, sulaymonbaliq, paltus baliqlari jigaridan va dengiz sut emizuvchilarining teri osti yog’qatlamidan olinadigan moy. Sarg’ish, tiniq suyuqlik bo’lib, baliq hidi va mazasi bor. Tarkibida ko’p miqdorda A va D vitaminlari, shuningdek yod va boshqa birikmalar bo’ladi. Vitaminlashtirilgan Baliq moyi ham ishlab chiqariladi. Raxit, sil, shabko’rlikning oldini olish va davolashda, singan suyakning bitishini tezlatish maqsadida ishlatiladi. Bolalarga 2 — 3 oyligidan kuniga 1 marta 1 — 2 tomchidan ichirib, har kuni 1 tomchidan ko’paytira borib, bir choy qoshiqqa yetkaziladi. Homiladorlarga ham beriladi. Yozda Baliq moyi ichmagan ma’qul. Kuygan, jarohatlangan joylarni, yarachaqalarni davolashda sirtdan ishlatiladi. Chorvachilikda buzoqlarga bir kunda 15 — 20 gramm, cho’chqalarga 20 — 40 gramm berish tavsiya etiladi. Tovuqlarga kuniga 5 grammdan berilganda tuxum qilishi ko’payadi. Baliq moyi og’zi berk idishlarda qorong’i va salqin joyda saqlanishi kerak, chunki yorug’likda Baliq moyidagi D vitamini zaharli toksisterolga aylanishi mumkin. Baliq sanoati chiqindilaridan texnik Baliq moyi olinadi va u teri hamda sovun ishlab chiqarishda ishlatiladi.