BALUJISTON
BALUJISTON — Pokistonning Janubiy-g’arbidagi viloyat. Balujiston tarixiy viloyatning 1947 yilda Pokiston tarkibiga kirgan Sharqiy qismi. Maydoni 347 ming kilometr kvadrat. Aholisi 4,6 million kishi (1983). Ma’muriy markazi — Kvetta shahri. Shimolda Afg’oniston, g’arbda Eron, Sharqda Pokistonning Sind va Panjob, shimoli-Sharqda shimoliy-g’arbiy viloyat bilan chegaradosh, Janubda Arabiston dengiziga tutash. Yer yuzasining katta qismini o’rtacha balandlikdagi (2000 metrgacha) va baland tog’lar egallagan. Eng shimolda Tobakakor (3096 metr) tog’ tizmasi joylashgan. Bu tog’lardan janubga Makron tog’lari cho’zilgan. Eng baland joyi 3593 metr. Dengiz bo’yi kambar pasttekislik. Viloyatning g’arbiy qismidagi botiqlarda sho’rxoklar, sho’r ko’llar bor. Daryolari mayda, mavsumiy. Balujiston Alp-Himolay faol seysmik mintaqasida joylashgan. Temperatura yanvarda tekisliklarda 8-16°, iyulda 24 — 32°. Tog’larda qish sovuq, sershamol. Yillik yog’in 100 — 200 millimetr, ko’p qismi dekabr va Fevral oylarida yog’adi. Tuproqlari subtropik mintaqaga xos bo’z tuproq, shimoli-g’arbida cho’l qo’ng’ir, sho’r, qum tuproqlar. Cho’l qismida saksovulzor va butazorlar bor. Tog’yon bag’irlari siyrak o’rmon, butazor. Aholisi balujlar bilan pushtular. Qishloq xo’jaligida yaylov chorvachiligi yetakchi o’rinda (qo’y, echki, tuya boqiladi). Tog’ oralig’idagi vodiylarda voha dehqonchiligi bilan shug’ullaniladi, tekislik erlarda don yetishtiriladi. Oltingugurt, osh tuzi, qung’ir ko’mir, tabiiy gaz qazib olinadi. Mashinasozlik va metallsozlik, tsement, yog’ochsozlik, oziq-ovqat, kimyo sanoati korxonalari bor. Dengiz bo’yida baliq ovlanadi. Hunarmandchilik rivojlangan: qo’lda gilam to’qish, yog’och buyumlar yasash, kashta tikish va boshqalar. Kvetta shahrida me’moriy yodgorliklar saqlangan.
BALUJISTON — Osiyodagi tarixiy viloyat, Eron yassitog’ligining Janubi-Sharqda. Maydoni 0,5 million kilometr kvadratdan ko’proq. Sharqiy Balujiston (347 ming kilometr kvadrat) Pokiston hududida, G’arbiy Balujiston esa Eron hududidadir. Qadimda Balujiston hududida Maka, gedrosiy va boshqa xalqlar yashagan. O’rta asrlarda Balujiston avval Arab xalifaligi, so’ngra G’aznaviylar, Saljuqiylar, Hulokuiylar, Temuriylar davlatlari tarkibida bo’lgan. 17-asr boshlarida Balujiston hududida bir necha hokimliklar vujudga kelib, ularning hokimlari Safaviylar va boburiylarga qaram bo’lgan. Bu hokimliklardan eng qudratlisi bo’lgan Kolot hokimligi hokimi (Sharqiy Balujiston) Nosirxon baluj (1750 — 95) butun Balujiston hududini o’z qo’l ostiga olib, o’zini afg’on shohlari — Durroniylar vassali deb e’lon qilgan. 19 – asr boshlaridan Balujistonga Angliya o’z ta’sirini o’tkaza boshladi. 1854, 1876 va 1879 yillarda Kolot va Qobul hokimlariga majburan qabul qildirilgan shartnomalarga ko’ra, Sharqiy Balujiston Angliyaga bo’ysundirildi va Britaniya Balujistoni hamda baluj hokimliklari federatsiyasiga (Kolot, Xaron, Makron, Las-Bela) bo’lib tashlandi. G’arbiy Balujiston 1849 — 57 yillarda Eron tarkibiga qo’shildi. 1947 yil avgustda Britaniya Balujistoni Pokiston tarkibiga kirdi. Baluj hokimliklari federasiyasi esa 1948 yil martida Pokistonga qo’shildi. Sharqiy va G’arbiy Balujiston o’rtasidagi chegara 1956 yil 29 oktabrdagi Eron-Pokiston bitimi asosida belgilandi.