Erkin Yusupov (1929-2003)
Erkin Yusupov (1929.15.3, Quva shahri — 2003.5.8, Toshkent) — faylasuf olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1979), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1979), Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi (1991; 1987 yildan SSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi), falsafa fanlari doktori (1965), professor (1966).
O‘rta Osiyo universitetining tarix fakulteti mantiq va psixologiya bo‘limini tugatgan (1951). Toshkent pedagogika instituti falsafa kafedrasida katta o‘qituvchi (1954—58), kafedra mudiri (1958—72). O‘zbekiston KP MK huzuridagi Partiya tarixi instituti direktori (1972—79). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ning vitse-prezidenti (1979-90). ToshDU rektori (1990-92), respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazining rahbari (1994-95). ToshDU gumanitar fanlar falsafa kafedrasining mudiri (1995-97). 1997 yildan ToshDU falsafa kafedrasi professori bo‘lib ishlagan.
Erkin Yusupov respublikada ilmiy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi. Ilmiy ishlari ijtimoiy falsafa, mantiq, tarix, siyosatshunoslik, ma’naviyat, mafkura masalalariga bag‘ishlangan.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1992).
“Yoshlarning ma’naviy kamoloti” (1995), “Odamiylik saboqlari” (hammualliflikda, 1997), “Falsafa” (darslik; hammualliflikda, 2000), “Ma’naviy qadriyatlar va ularning tarbiyaviy ahamiyati” (hammualliflikda, 2003) kabi kitoblari chop etilgan.