BARLOS
BARLOS, barulas, ballos — o’zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. 13-asr 2-yarmida ila (ili) daryosi bo’ylaridan Qashqadaryo vohasiga ko’chib kelgan. 14-15-asrlarda shu voha aholisining siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o’ynagan. Amir Temur Barlos qabilasidan bo’lib, sarkarda va viloyat amirlarini asosan shulardan tayinlagan. Barloslarning bir guruhi Temuriylar va Boburiylar davrida Afg’oniston va Hindiston hududiga ko’chib o’tgan. 19-asrda birgina Dexli shahri atrofida 15 ming Barlos yashaganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ammo Barlos qabilasining asosiy qismi O’zbekistonning Janub hududlarida qolib dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg’ul bo’lgan. Barloslar turkiy tilning qorluqchigil lahjasida so’zlashgan.