BAROKKO

BAROKKO (italyancha barocco — ajib, g’alati) — 16-asr oxiri — 18-asr o’rtalarida Yevropa va Amerika san’atidagi asosiy uslublardan biri. Yevropada millat va millim davlatlar jadal shakllanayotgan davrda Uyg’onish davri badiiy madaniyati va sub’yektiv his-tuyg’ularni ifodalovchi manerizm o’rniga vujudga keldi. Aristokratiya va cherkov bilan bog’liq bo’lgan Barokko san’ati ularning shon-shuhratini oshirishga hamda targ’ib etishga qaratilgan edi. Barokko san’atiga antifeodal chiqishlar, milliy ozodlik harakatlari o’z ta’sirini ko’rsatib, unga demokratik isyonkorlik ruhini kiritdi. Dabdabaga moyil bo’lgan Barokko dunyoning yaxlitligi, cheksizligi, murakkab va rang-barangligi, doimiy o’zgaruvchanligi haqidagi yangi tasavvurlarni, insonni o’rab turgan muhit va boshqalarga bo’lgan qiziqishlarni aks ettiradi; unga keskinlik, obrazlarning harakatchanligi, his-tuyg’ular kurashining shafqatsizligi, tantana va ulug’vorlikka intilish, mavjud borliq bilan xayoliy orzuni uyg’unlashtirish, san’atlar uyg’unligiga intilishlar xos. Barokko uslubida qurilgan me’moriy majmualar fazoviy yechimi, mayda me’moriy bezaklarga mo’lligi va yagona g’oyaga bo’ysunishi bilan ajralib turadi. Me’morlar shahar ko’cha va maydoilariga, u yerdagi mavjud qurilishlarga ulug’vorlik berish uchun turli optik va boshqa qonunlarga murojaat qiladilar, teskari perspektiva qonunlaridan foydalanadilar. Tasviriy san’atda diniy, mifologik va majoziy mavzulardagi bezak mujassamotlar, tantanavor dabdabali portretlar keng o’rin egallaydi. Barokko Italiyada shakllanib rivojlandi. Me’mor va haykaltarosh L. Bernini, me’mor F. Borromini, G. Gvarini, rangtasvirchi demokratik realizm yo’lboshchisi Karavajo, akademizm yo’lboshchisi aka-uka Karrochilar, devoriy rangtasvir ustalari J. B. Tepolo va boshqa shu san’at rivojiga katta hissa qo’shdi. Flandriyada P. P. Rubens, A. van Deyk, Ya. Yordane, F. Snayders ijodida Barokko to’laqonli va hayot haqiqatiga yaqin holda rivojlansa, Ispaniya, Portugaliya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida mahalliy xayot va an’analar ta’sirida o’ziga xos yo’nalishni shakllanishini ta’minladi. Frantsiyada klassisizm bilan uyg’unlikda o’ziga xos jimjimadorlik kasb etdi. Rossiyada 18-asr 1-yarmida Petr I islohotlari va dvoryan monarxiyasining mustahkamlanib borishi bilan rivojlandi. Peterburg, Moskva shaharlari, shahardan tashqarida yaratilgan shoh va zodagonlarning uy va saroylarida shu davr ruhi o’z ifodasini topdi: Petr I saroyi (Petergof), Tsarskoe Selo (Pushkino shahri), Peterburgdagi qator saroy, monastir va soborlar (qishki saroy, Smolniy monastiri va boshqalar) shular jumlasidan. Me’morlardan V. Rastrelli, D. Uxtomskiy, S. Chevakinskiy va boshqalarning hissasi katta. Tasviriy san’atda dunyoviy mavzular, davlat arboblarining tantanavor, ko’tarinki ruxdagi dabdabali portretlarida o’z ifodasini topdi. K. Rastrelli haykaltaroshlik asarlari, I. Nikitin, A. B. Antropov rangtasvirlari shular jumlasidan. B. Italiyada rivojlanib Yevropaga keng yoyildi. Keyinroq esa yevropaliklar bosib olgan qit’a va mintaqalarga ham bu san’at ta’siri kirib bordi. Amerika, Osiyo, Avstraliyada Barokko usulida yaratilgan asarlarning mavjudligi shundan. O’rta Osiyoda rus istilosidan keyin qurilgan me’morlik majmualarida, jumladan saroy, sobor va monastirlar binolarida shu san’atiing ta’siri va belgilari mavjud. Barokko musiqada asosan musiqali teatr turlarida (ayniqsa opera janrida), shuningdek cholg’u kamer (concert» grosso, Sonata) va organ asarlarida namoyon bo’ldi. Barokkoning eng yorqin namoyandalari G. Gendel, J. Gabrieli, O. Freskobaldi, K. Monteverde, D. Bukstexude, I. Bax va boshqalar. Barokko uslubi bilan bir paytda klassisizm uslubi ham rivoj topdi. Ne’mat Abdullayev.