BELUGALAR
BELUGALAR (Huso) — osyotrsimonlar oilasiga mansub baliqdar urug’i. Yarimoy shaklidagi keng og’zi, pastki lablari o’rtasidan kesik borligi va jabralarining tuzilishi bilan boshqa baliqlardan farq qiladi. 2 turi: beluga (Huso huso) va Kaluga (Huso dauricus) bor. Beluga Kaspiy, qora, Azov va Adriatika dengizlarida va ularga quyiladigan daryolarda yashaydi. Tanasining uzunligi 4 — 5 metr, og’irligi 1,5 tonnagacha keladi. Belugalar baliqlar bilan, yosh baliqchalar esa suv tubidagi mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Belugalar o’tkinchi baliqlardan. Bir necha yilda bir marta may—iyun oylarida tez oqar daryolarning Toshloq joylariga kelib 200 000 dan 1 milliongacha tuxum qo’yadi. Erkaklari 12 — 14 yoshda, urg’ochilari 16-18 yoshda voyaga yetadi. 100 yildan ortiqroq yashaydi. Belugalar osyotrsimonlar, xususan sterlyad bilan, shuningdek sevryuga va tikondum baliqlar bilan gibrid hosil qiladi. Belugalarning sterlyad bilan gibridi besterni sun’iy chatishtirish orqali yetishtirilgan. Bester ko’paytirish maqsadida reslublikamizning hovuz baliqchilik xo’jaligiga keltirilgan. Qimmatbaho go’shti va ikrasi uchun ovlanadi.