BERDYANSK

BERDYANSK (1939-58 yillarda Osipenko) — Ukrainaning Zaporoje viloyatidagi shahar (1835 yildan). Azov dengizi bo’yidagi port. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 135 ming kishi (1999). «Azovkabel», «Yujgidromash», «Azovselmash» zavodlari bor. Shisha tola, neft moylari ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat, yengil sanoat korxonalari, pedagogika instituti, mashinasozlik, tokchilik va vinochilik texnikumlari, tibbiyot bilim yurti, badiiy va o’lkashunoslik muzeylari mavjud. Yozi quruq, issiq (iyulning o’rtacha temperaturasi 24°), qishi iliq (yanvarning o’rtacha temperaturasi — 4°), yiliga 380 millimetr yog’in tushadi. Shahardan 5 kilometr narida dengiz bo’yida balchiq bilan davolash va iqlimiy kurort joylashgan. Kattalar va bolalar sanatoriysi, dam olish uylari ishlab turibdi. Berdyanskga 1827 yilda asos solingan.