BERMUDA OROLLARI

BERMUDA OROLLARI — Atlantika okeanining shimoli g’arbidagi bir tuda (150 tacha) marjon orollar, Shimoliy Amerikadan 900 kilometr Sharqda. Buyuk Britaniya mulki. Maydoni 53,3 kilometr kvadrat. Aholisi 61 ming kishi (1990). Ma’muriy markazi — Gamilton shahri (Bermuda orolida). Orollardan eng kattasi — Bermuda oroli so’ngan suv osti vulkani cho’qqisidan iborat (balandligi 79 metrgacha). Iqlimi tropik sernam iqlim. Yog’in 1350 millimetr chamasida. Eng salqin oy (mart)ning o’rtacha temperaturasi 16,7°, eng issiq oy (avgust)ning temperaturasi 26,7°. Dam olish zonasi. Turizm rivojlangan. Banan, tsitrus o’simliklari, erta pishar sabzavotlar va gullar (eksport uchun) yetishtiriladi. Ispan dengizchi sayyohi X. Bermudes tomonidan 1522 yilda kashf etilgan.