BERSIM

BERSIM, Misr sebargasi (Trifolium alcxandrinum) — dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik o’simlik, yem xashak ekini. Ba’zan ko’kat o’g’it uchun ham ekiladi. Misr, Pokiston, Hindiston, AQShda, shuningdek, O’zbekistonning sholikor hududlarida keng tarqalgan. Bersim o’qildizli (1 -1,5 metrgacha chuqurlikka kiradi) o’simlik. Poyasining balandligi 80— 100 santimetr, sershox, to’g’ri o’sadi. Barglari mayda, uzun bandda joylashgan. To’pgulli yumaloq cho’ziq (uzunligi 2-4 santimetr), gullari oq, pushti, sarg’ish rangda. Mevasi bir urug’li dukkak. Uruglari yaltiroq sariq rangda (1000 dona urug’ining vazni 2,8—3,5 gramm). Urug’i 6— 8° da unib chiqadi. Pichani yumshoq, xushxo’r. Tarkibida 9,3% protein, 2.4% yog’, 46,0% uglevodlar bor. Sug’oriladigan maydonlarda yaxshi hosil beradi. Kuzda yoki bahorda ekiladi. Uruglik ekish me’yori 12-16 kilogramm/gektar. Gullay boshlaganda o’riladi. Hosildorligi 70-80 tsentner/gektar, bir yilda uch to’rt bor o’riladi.