BETON YOTQIZGICH

BETON YOTQIZGICH (melioratsiyada)—kanal tubi, nishablari va qirg’oqlari, damba usti va boshqa joylarga beton qorishmasini yoyish, tekislash va zichlash uchun mo’ljallangan mashina. Melioratsiya Beton yotqizgichlari bunkerli va bunkersiz bo’ladi; vazifasiga ko’ra to’liqmas profilli (bir o’tishda nishablarning o’zini yoki kanal tubining bir qismi bilan nishablarni betonlaydigan) hamda to’liq profilli (bir o’tishda kanalning ham tubini, ham nishablarini betonlaydigan); yurish jihozining xiliga ko’ra kanal tubi va qirg’okqlariga yotqizilgan relyelarda harakatlanadigan; kanal tubi va nishablari sirtidagi sirpanma tayanch sirtlar buylab sirpanadigan (sirpanma qoliplar); zanjirli, o’ziyurar, tirkama vakanat tortqili (lebyodka yordamida harakatlanadigan) xillarga bo’linadi. Bunkerli Beton yotqizgich betonni ko’ndalangiga yotqizadigan (pozitsion ishlaydigan) hamda bo’ylamasiga (harakatlana turib) yotqizadigan xillarga bo’linadi. Birinchisida Beton yotqizgich kanal bo’ylab harakatlanib, beton qorishmasi olish uchun to’xtaydi va ish organi kanal o’qiga perpendikulyar tekislikda harakatlanayotganda beton qorishmasini yotqizadi. Ikkinchisida mashina kanal bo’ylab harakatlanayotgan vaqtda beton yotqizadi, bunkeriga beton qorishmasini olish uchun to’xtaydi yoki yurib ketayotganda ham beton olaveradi. Ish unumdorligi — 30 metr kub/soatgacha, harakatlanish tezligi— 92 metr/soatgacha.