BESHARIQ

BESHARIQ — Farg’ona viloyatidagi shahar (1983 yildan). Beshariq tumani markazi (1958 yilgacha Beshariq qishlog’i, 1983 yilgacha shaharcha). Farg’ona vodiysining g’arbida. Farg’ona shahridan 130 kilometr, yaqin temir yo’l stantsiyasi—Rapqondan 2 kilometr. Katta Farg’ona kanali yaqinida. Aholisi 20 mingdan ziyod (2000). Shaharda momiq fabrikasi (1906 yildan), paxta tozalash zavodi, hunarmandchilik kombinati, tuman tashkilotlari, «O’zqishloqxo’jaliktexnika» tuman bo’limi, traktor ta’mirlash ustaxonasi bor. Beshariq orqali Toshkent—Qo’qon avtomobil yo’li o’tadi. Beshariqda 5 umumiy ta’lim maktabi, 4 ommaviy kutubxona, 2 klub, madaniyat uyi, 3 kasalxona, poliklinika mavjud (2000).