BIK G’O’ZASI
BIK G’O’ZASI (Gossypium bickii Proch.) — yovvoyi g’o’za turi. Genomi S4, xromosomalari soni 2p=26. Birinchi marta ingliz olimi L. Beyli ta’riflab bergan (1910). 1964 yildan o’rganilmoqda. Shimoliy Avstraliyaning ayrim shtatlarida tarqalgan. Bik g’o’zasi past bo’yli buta, o’suv shoxlari ko’p, zich tutam-tutam tuklar bilan qoplangan. Hosil shoxlari kalta, 2-3 bo’g’imli. Poyasi ingichka, yer bag’irlab o’sadi. Gullari mayda, naysimon, gulbargi och binafsha rangli, asosida to’q olcha rang qizg’ish dog’i bor. Ko’saklari mayda, uzunchoq tuxumsimon, sayoz chuqurchalari bor. 3 — 4 chanoqli. Har bir chanog’ida 2 — 4 tadan mayda mallayashil tuklar (uzunligi 4 millimetr) bilan qoplangan chigiti bor.