BINO

BINO — kishilarning yashashi, bilim olishi, ishlashi, hordiq chiqarishi uchun hamda maishiy va ishlab chiqarish maqsadlari, shuningdek hayvon, parrandalarni boqish va buyumlarni saqlash uchun quriladigan inshoot. Turar joy va jamoat Binolari (maktab, teatr, kasalxona, magazin, hammom va hokazolar) bo’ladi. Ko’pincha, umumiy tarzda fuqaro va sanoat Binolari deb ataladi. Binoning asosiy qismlari: ko’tarib turuvchi konstruktsiyalar (poydevor, ustunlar, devorlar), to’suvchi konstruktsiyalar (pardevorlar, yopmalar) va tom. Binolar mo’ljaldagi xizmat muddatiga qarab, muvaqqat va kapital xillarga bo’linadi. Bino nimaga mo’ljallanganiga qarab, me’moriy jihatdan, qavatlilik jihatdan, ishlatiladigan qurilish materiallari jihatdan har xil turlarga (g’ishtin, paxsa devor, sinchli, ko’p qavatli va boshqalar) bo’linadi.