BIOFABRIKA

BIOFABRIKA, biokombinat — o’simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o’tlarga qarshi kurashishda foydalaniladigan biopreparatlar va entomofaglar ishlab chiqaruvchi, shuningdek uy hayvonlari kasalliklarini aniklash, oldini olish va davolash uchun biopreparatlar (vaktsina, zardob va boshqalar) tayyorlovchi korxona. O’zbekistonda dastlabki Biofabrika (biolaboratoriya)lar 1972 yilda tashkil etilgan. 1978 yildan sug’orma dehqonchilik mintakalaridagi Biofabrikada, asosan o’simliklarning zararkunanda tunlamlariga qarshi qo’llaniladigan trixogramma va boshqalar ko’paytiriladi. O’zbekistonda 526 xo’jaliklararo mexanizatsiyalashgan Biofabrika liniyalari mavjud. Trixogrammani ko’paytirish jarayoni ikki bosqichda olib boriladi: tuxumi (trixogramma o’z tuxumini shu tuxumga qo’yib rivojlanadi) uchun don kuyasini va trixogrammani ko’paytirish. Bu ishlarni amalga oshirish uchun Biofabrikada donni don kuyasi bilan zararlash, ko’paytirish va kapalaklarni yig’ib olish tsexi hamda don kuyasi tuxumlarini trixogramma bilan zararlash tsexi quriladi. Don kuyasini ko’paytirish bokslari bir-biri bilan hasharotni o’tkazuvchi yo’l orqali tutashtirilgan: bu yo’ldagi havo oqimi kapalaklarni kuya yiqqichga to’playdi. Kassetalarga joylashtirilgan kapalaklar tuxum qo’ya boshlaydi, tuxumlar har kuni yig’ib olinadi va ortiqcha aralashmalardan tozalanadi. Don kuyasining tuxumlari trixogramma bilan namlik, harorat va yorug’ligi sozlab turiladigan maxsus moslamalarda zararlanadi. Rivojlanishning imagodan oldingi bosqichini tugatgan trixogrammalar sovuq kameralarga yig’iladi va shu yerdan xo’jaliklarga jo’natiladi. Biofabrikada trixogrammani butun yil davomida ko’paytirish mumkin. Bir tsentner arpa yoki makkajo’xori donidan 600-1400 gramm don kuyasi tuxumi olinadi. Bir boksning ishlab chiqarish unumdorligi 300 grammgacha. Ishlab chiqarish texnologiyasi davri besh marta davom ettirilsa 1500 gramm tuxumxur trixogramma olish mumkin. Bu esa 440-500 gektar paxta maydonga ishlov berish uchun yetadi.