BIRLAMCHI TRAXEYALILAR

BIRLAMCHI TRAXEYALILAR (Rgotracheata) — onixoforalar (onychophora) tipining, asosan, tropik va mo’tadil mintaqalarda tarqalgan sinfi. Tuzilishi halqali chuvalchanglarga o’xshash. Qurtsimon tanasi bo’g’imlarga (13 dan 43 gacha) bo’lingan, bo’g’imlarining ikki yonida bir juftdan bo’g’imlarga bo’linmagan oddiy oyoqlari va oyoqlarining uchida bir juftdan xitinlashgan tirnoqchalari bor. Tana uzunligi 4-15 santimetr, yupqa xitinli kutikula bilan qoplangan. Boshida bir juft uzun mo’ylovi, ular asosida bir juft oddiy ko’zi bor. Boshining pastki tomonida so’rg’ichlar bilan o’ralgan og’zi va ikkita og’iz oldi so’rg’ichlari joylashgan. Og’zida bir juft xitin plastinkadan iborat jag’i bo’ladi. Tana bo’shligi aralash (miksosel). Bosh miyasi 3 ta bo’limdan iborat. Nafas organi vazifasini sodda tuzilgan, o’zaro tutashmagan bir tutam traxeya naychalari bajaradi. Qon aylanish sistemasi ochiq. Ichagi naysimon, ayirish organi har bir oyog’ining ostki tomonida joylashgan metanefriydan iborat. Ayrim jinsli, asosan tirik tug’adi. 70 ta turi bor. Janubiy va G’arbiy Afrikada, Markaziy va Janubiy Amerikada, Indoneziyada, Avstraliyaning Janubiy sohillarida, yangi Zelandiya va shimoliy Hindistonda tarqalgan. Toshlar, chirigan yogochlarning ostida yashaydi. Yirtqich, o’ljasini og’izoldi so’rg’ichlaridan chiqaradigan yopishqoq suyuq modda yordamida tutadi.