BISSA
BISSA, karetta (Eretmochelus imbrigata) — sudralib yuruvchilar sinfi, toshbaqalar turkumi, dengiztoshbaqalari kenja turkumiga mansub ulkan toshbaqa turi. Ikkita kenja turi ma’lum. Biri — Atlantika okeani va O’rta dengizda, ikkinchisi — Tinch va Hind okeanida yashaydi. Kosasining uzunligi 80-90 santimetr. Ustki qalqoni to’q qo’ng’ir bo’lib, sariq, to’q qizil yoki qizg’ish xolxol va chiziqcha naqshlari bor. Qorin qalqoni sariq. Bissalar mollyuskalar, bo’gamoyoqlilar, assidiyalar va suv o’tlari bilan oziqlanadi. Urg’ochisi iyun—sentabrda urchiydi. Faqat ko’payish davrida suvdan quruqlikka chiqadi va 4 santimetrcha keladigan 150-200 tacha tuxumlarini kimsasiz orollardagi qumga ko’mib qo’yadi. Tuxumlaridan 60 kundan so’ng yosh toshbaqalar chiqadi. Bissa har doim bitta joyga tuxum qo’yadi. Yosh toshbaqalar kosasini qoplab turgan shoxsimon qalqonchalar bir-birining ustiga cherepisasimon joylashgan. Voyaga yetgan Bissalar kosasining shoxsimon qalqonlaridan qimmatbaho taroqlar, portsigaralar, qutichalar va boshqa buyumlar tayyorlanadi. Go’shti va tuxumlari iste’mol qilinadi.