O’TTIZ YILLIK URUSH

O’TTIZ YILLIK URUSH (1618- 48) — Gabsburglar bloki (Papalik va Rech Pospolita tomonidan qo’llab-quvvatlangan Ispaniya va Avstriya Gabsburglari, Germaniyaning katolik knyazlari) bilan Gabsburglarga qarshi koalisiya (Angliya, Gollandiya va Rossiya quvvatlab turgan german protestant knyazlari, Frantsiya, Shvesiya, Daniya) o’rtasidagi urush. Gabsburglar bloki katolisizm tarafida, Gabsburglarga qarshi koalitsiya esa (ayniqsa, urushning boshlanish paytida) protestantizm bayrog’i ostida harakat qilgan. Bu urush bir necha davrlarga bo’lingan: Chexiya davri (1618-23) — Gabsburglarga qarshi Chexiya qo’zg’oloni (1618-20) va chexlarning Belaya Gora yaqinida mag’lubiyatga uchrashi (1620); Daniya davri (1625— 29) da Gabsburglar bloki qo’shinlari (qo’mondonlari A. Vallenshteyn, I. Tilli) Daniyani yengib, Germaniya hududidan daniyaliklarni quvib chiqargan; Shvetsiya davri (1630-35) da shved armiyasi (qo’mondoni Gustav II Adolf) Germaniyaga bosib kirib, Breytenfeld (1631), Lyutsen (1632) yonida g’alaba qilgan, ammo Nyordlingan (1634) yaqinida mag’lubiyatga uchragan; Frantsiya-Shvetsiya davri (1635-48)da Frantsiya urushga kirishi bilan Gabsburglarga qarshi Koalitsiyaning ustunligi yaqqol ko’rindi. Natijada Gabsburglarning «Jahonshumul imperiya» tuzish va milliy davlatlarni bo’ysundirish haqidagi rejalari barbod bo’ldi, siyosiy hukmronlik Frantsiya qo’liga o’tdi. 1648 yil Vestfaliya sulhi bilan tugagan.