«O’ZBEKFILM»
«O’ZBEKFILM» — badiiy filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. «O’zbekkino» milliy agentligi tizimida. Dastlab 1925 yil 4 iyunda Toshkentda «Sharq yulduzi» nomi bilan kinostudiya tashkil bo’lgan. Shayxontohurdagi Eshonqul madrasasi binosiga joylashgan. 20-yillarda «Ikkinchi xotin», «Masjid gumbazlari ostida», «Soyabon arava», «Ravot qashqirlari», «Chodira» kabi filmlar ishlangan. 1925-26 yillar mobaynida 20 dan ortiq to’la, 30 dan ortiq qisqa metrajli xronikal filmlar yaratilgan. 1932 yil «Sharq yulduzi» «O’zbekfilm» nomini oladi. 1930 yilgacha filmlarni, asosan, o’zbek xalqining milliy an’analaridan yiroq rus rejissyorlari ishlagan. 30-yillardan Nabi G’aniyev mustaqil filmlar yarata boshlagan: «Yuksalish», «Ramazon», «Iigit», Sulaymon Xo’jayev «Tong oldidan», Yo’ldosh A’zamov «Qilich» filmlarini ishladilar. Ular bilan yonmayon O.Frelix («Avliyo qizi»), N. Klado («Bag’dodda «Amerika» paxtasi», «O’lim qudug’i») lar ham faoliyat yuritgan. 1939 yil kinostudiyaga «Toshkent kinostudiyasi» nomi berildi. 2-jahon urushi yillari Toshkentga evakuatsiya qilingan Ukraina, Belorussiya kinostudiyalari, «Mosfilm», «Lenfilm»larning kelishi munosabati bilan «Birlashgan Toshkent kinostudiyasi» (titrda «Toshkent kinostudiyasi» deb yozilgan) nomi bilan yuritilgan. «Biz yengamiz» ( rejissyor K. Yormatov, N. G’aniyev), «Dovyurak do’stlar» (N.G’aniyev), «Filmkontsert» (Y.A’zamov), «Frontdagi do’stlarga» (K.Yormatov), «Besh respublika kontserti» (Z.Sobitov), «Aleksandr Parxomenko», «Ikki jangchi» (L.Lukov), «Nasriddin Buxoroda» (Ya. Protazanov), «Uning ismi Suxe Bator» (A.Zarxi, I.Xeyfits) kabi filmlar ishlandi. Urushdan keyingi yillar ekranga o’zbek xalqi madaniyatining yutug’i bo’lgan mumtoz «Tohir va Zuhra» (1945), «Nasriddinning sarguzashtlari» (1946, ikkalasining rejissyori N.G’aniyev), «Alisher Navoiy» (1947, K.Yormatov) filmlari ekranga chiqdi. 1947-52 yillar SSSR kinematografiyasi vazirligi buyrug’iga binoan, birorta ham film ishlanmagan. Tanaffusdan so’ng ishlangan film «Paxtaoy» (K. Yormatov) bo’ldi. «Boy ila xizmatchi», «Qutlug’ qon» (L.Fayziyev), «Opa-singil Rahmonovalar», «Abu Ali ibn Sino» (K.Yormatov), «Gulbahor» (Y.A’zamov), «Stadionda uchrashamiz» (Z.Sobitov) singari filmlar 50-yillar yaratildi. 1955 yil «Amirlikning yemirilishi» nomli birinchi rangli badiiy film (rejissyor L.Fayziyev, V.Basov) ekranga chiqdi. 1958 yildan yana hozirgi nomda. 1959 yilda Chilonzorda qurilgan yangi binoga ko’chib o’tgan. 60-yillar kinostudiyada mavzu jihatdan boy, badiiy yo’nalishi ravon, asosiy qahramoni yoshlar bo’lgan filmlar ustunlik qildi. «Mahallada duvduv gap» (Sh. Abbosov), «Sinchalak» (L.Fayziyev), «Laylak keldi, yoz bo’ldi» (A.Hamroyev), «Surayyo» (U.Nazarov), «Nafosat», «Sevishganlar» (E.Eshmuhamedov), «Sen yetim emassan», «Toshkent — non shahri» (Sh.Abbosov), «26-otilmasin», «41-yil olmalari» (R.Botirov), «General Rahimov» (Z.Sobitov), «Oy borib, omon qayt» (H.Fayziyev), «Nodirabegim» (K. Yormatov), «Ulug’bek yulduzi» (L.Fayziyev), «Abu Rayhon Beruniy» (Sh.Abbosov), «O’tgan kunlar» (Y.A’zamov) va boshqalar shular jumlasidan. Kishilar xarakteri va o’zaro munosabatlar, turmush tarzi va mehnatini ko’rsatuvchi filmlar yaratish kinostudiya ijodkorlari oldidagi asosiy vazifaga aylandi va uning natijasi o’laroq «Seni kutamiz, yigit» (R.Botirov), «Umidimiz qushlari», «Dahoning yoshligi» (E.Eshmuhamedov), «Nodirabegim» (K.Yormatov), «Shum bola» (D.Salimov), «Mevazorlik ayol» (A.Hamroyev) va boshqalar filmlar ekranga chiqdi. 80-yillarning oxiri, «Qayta qurish» yillari «O’zbekfilm»da yangi avlod rejissyorlari ish boshladi: R.Malikov, A.Fatxullin, S.Nazarmuhamedov, Z.Musoqov, D.Davlatov, I.Ergashev va boshqalar shular jumlasidan. «Alvido, g’o’r yoshligim» (E.Eshmuhamedov), «Klinika» (R.Malikov), «Bo’rilar» (S.Nazarmuhamedov), «Siz kimsiz?» (J.Fayziyev), «Soldat ertagi» (Z.Musoqov), shaxsga sig’inish sharoitidagi qahra.monlar hayoti aks etgan «Tosh sanam» (I.Ergashev), «Yovvoyi» (Q.Kamolova) hamda hamkorlikda ishlangan «Muhabbat va nafrat» (R.Botirov, J.Ristich), «Alibobo va qirq qaroqchi», «Sevgi afsonasi» (L.Fayziyev, U.Mehra) kabi filmlar suratga olindi. Mustaqillikdan so’ng «O’zbekfilm»ning yangi tarixi boshlandi. O’zbek kinosini yaxshilash va rivojlantirish maqsadida 1992 va 1996 yillar O’zbekiston Prezidenti tomonidan chiqarilgan qarorlar «O’zbekfilm»ni moliyalash va faoliyatini muvofiqlashtirishda sezilarli o’zgarishlarga olib keldi. Shundan so’ng film mazmuni, qahramonlari va uslubida milliylik kuchaydi. «Voiz» (Yu. Roziqov), «Yolg’iz yodgorim» (S.Nazarmuhamedov), «Chimildiq» (M.Abzalov), «Dilxiroj», «O’rtoq Boykenjayev» (Yu.Roziqov), «Yodgor» (X.Nasimov), «Qor ustidagi Lola» (E.To’ychiyev, A.Shaxobiddinov) va boshqalar bunga misoldir. «Alpomish» (H.Fayziyev), «Osmondagi bolalar», «Osmondagi bolalar — 2» (Z.Musoqov), «Dev bilan pakana» (J.Qosimov), «Fellini» (N.Abbosov), «Qismat» (A.Akbarxo’jayev, A.Ismoilov) va boshqalar keyingi yillar mahsulidir. Xanjara Abulqosimova.