O’ZBEKXON SULTON MUHAMMAD
O’ZBEKXON SULTON MUHAMMAD (taxminan 1282-1342) — Oltin O’rda xoni (1312-42). Mangu Temurxonning nevarasi. 1313 yil amakisi To’qtayxon (To’xta) vafotidan so’ng nufuzli amirlar qutlug’ Temur va Isatoybek Qiyot yordamida taxtga o’tirgan. Islomni davlat dini sifatida joriy etgan, g’ayridinlarni qattiq ta’qib etgan. Bu amirlarning isyoniga olib kelgan, biroq u beayov bostirilgan. Oltin O’rdadagi ichki nizolarga chek qo’ygan, saltanatining yuksalishiga erishgan. Bu davrda hokimiyat markazlashgan, uluslar viloyatlarga aylantirilgan, ularni no’yonlar boshqargan. Poytaxt saroy Botudan saroy Berka shahriga ko’chirilgan. Oltin O’rdaning harbiy salohiyati kuchaygan, qo’shin miqdori 300 ming kishiga etgan. Rusning yagona davlat bo’lib birlashishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida rus knyazlarini bir-biriga qayrab turgan. Tverning ulug’knyazi Mixail Yaroslavichni rus knyazliklarini birlashtirib, rus yerlarini mo’g’ullar asoratidan xalos bo’lishi yo’lidagi sa’y-harakatlariga qarshi kurashgan. O’zbekxon 1317 yil Moskva knyazi Yuriy Dashkovichga ulug’ Knyaz maqomini berib unga singlisi Konchakani xotinlikka bergan. O’zbekxon Yuriyga qo’shin bergan, biroq Mixail bu qo’shinni yenggan. Shunda O’zbekxon Mixailni O’rdaga chaqirib yasoqqa tortgan (qatl ettirgan). 1327 yil O’zbekxon Moskva knyazi Ivan I Danilovich Kalita yordamida Tverdagi isyonni bostirgan, so’ngra shimoliy Sharqiy Rusning asosiy hududini 2 qismga bo’lib, ularni Moskva va Suzdal Knyazlariga bergan. 1339 yil O’zbekxon Ivankalita qutqusi bilan Tverning ulug’ knyazi Aleksandr Mixaylovichni o’g’li Fyodor bilan qatl etgan. O’zbekxon, shuningdek, Janubda ham faol siyosat yurgizgan. 1319 va 1335 yillarda u Arronga — hulokuiylarning hozirgi Ozarbayjon hududidagi mulkiga yurishlar qilgan. Arab sayyohi Ibn Battutaning yozishicha (u 1333 yil saroy Berkada O’zbekxon qabulida bo’lgan), shaharda 6 xalq: mo’g’ullar, alanlar, qipchoqlar (turkiylar), cherkaslar, slavyanlar va yunonlar yashagan, ularning shaharda o’z mavzelari bo’lgan. O’zbekxon Saroy Berkada ko’plab masjidlar, madrasalar, saroylar, maqbaralar qurdirgan. O’zbekxon yangi shaharlar barpo etish va turli inshootlar qurishga katta e’tibor qaratgan. Eski Qrim (Solxat)da u qurdirgan masjid bugungi kungacha saqlanib qolgan. Poytaxt Saroy Berkada ko’plab shoirlar, olimlar, musiqashunoslar va me’morlar yashagan. Shoirlar turkiy tilning Xorazm lahjasida ijod qilgan. Mashhur «Qipchoq kodeksi» — adabiy-diniy va siyosiy matnlardan iborat noyob to’plamga tartib berish 1340 yilda tugallangan. Ba’zi turkiy urug’lar va qabilalar O’zbekxon nomi bilan atalib, keyinchalik ular o’zbek xalqi tarkibiga kirgan. Sho’ro tarixnavisligida o’zbek xalqi o’z nomini O’zbekxondan olgan degan g’ayriilmiy qarash ustun bo’lgan. Ad.: Utemishxodji. Chingizname, Almaata, 1992; Ibrohimov N., Ibn Battuta va uning O’rta Osiyoga sayohati, T., 1993; Raxmanaliev R., Imperiya tyurkov, M., 2002. Qahramon Rajabov.