BOSHQIZILSOY RASMLARI
BOSHQIZILSOY RASMLARI — qadimgi va ilk o’rta asrlarga mansub qoyatosh rasmlari. Chatqol tizmasi (O’zbekiston)ning Janubiy g’arbiy yon bag’ridagi Boshqizilsoy dara qoyatoshlariga ishlangan. Toshkent shahridan 70-80 kilometr Sharqda, Toshkent viloyati Parkent tumani hududida. 1934 yilda A. Mirmuhamedov topgan, A. Kabirov o’rgangan (1966, 1971-72). 400 dan ortiq rasmlarning asosiy qismi miloddan avvalgi 6-1 asrlarga mansub; 1-8-asrlarga oid rasmlar ham uchraydi. Boshqizilsoy rasmlari sharpa va soya usulida o’yib ishlangan bo’lib, unda chorvachilik, ovchilik, diniy marosim ko’rinishlari, qoplonning tog’ echkilariga hujumi, yilqilarni qo’raga qamash kabi manzaralar aks ettirilgan. Shuningdek odamlar, hayvonlar (ot, qoplon, tog’echkisi, arxar, bug’u, to’ng’iz, it, bo’ri), gardish shaklidagi quyosh ramzi va boshqalar o’ziga xos tarzda tasvirlangan.