BOSHQARUV TARTIBIGA QARSHI JINOYATLAR
BOSHQARUV TARTIBIGA QARSHI JINOYATLAR — O’zbekistonda maxsus boshqaruv tartib-qoidalariga rioya qilmaslik, davlat muassasalari yoki jamoat birlashmalarining me’yoriy ish faoliyatini buzishda yoxud hokimiyat vakillarining me’yoriy faoliyat tartibiga tajovuz qilishda ifodalangan g’ayriqonuniy harakatlar. Odil sudlovga qarshi, xo’jalik faoliyati va jamoat xavfsizligi sohasidagi jinoyatlar ham ma’lum darajada boshqaruv tartibiga tajovuz qiladi. Boshqaruv tartib qarshi jinoyatlarni shartli ravishda sub’yektiga qarab, 2 guruhga bo’lish mumkin: 1) mansabdor shaxslar tomonidan sodir qilinadigan jinoyatlar (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 205-210-moddalar); 2) mansabdor bo’lmagan har qanday shaxslar tomonidan sodir qilinadigan jinoyatlar (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 211 — 229-moddalar). Faqat 18 yoshga to’lgan mansabdor shaxsgina 1-guruhga kiruvchi jinoyatlarning sub’yekti bo’la oladi va uni ayblash uchun bu jinoyatlar faqat hokimiyat yoki mansab vakolati bilan bog’liq holda sodir qilingan bo’lishi shart. Mansabdor bo’lmagan shaxslar bunday jinoyatlarning bajaruvchisi bo’la olmaydi, ammo ularda ishtirokchi sifatida qatnashishi mumkin. Masalan, pora olish bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo’lsa (210-modda, 2-qism, «g» bandi), ularni ayblash uchun guruh a’zolarining barchasi mansabdor shaxs bo’lishi, mansab vakolati yuzasidan pora beruvchining manfaatlari uchun muayyan harakatlarni bajara olishi, jinoyatlar mansabdor shaxslarning faqat hokimiyat yoki mansab vakolati bilan bog’liq holda sodir qilingan bo’lishi shart. Mansabdor shaxsning o’z hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishi, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqishi, mansabga sovuqqonlik bilan qarashi, o’z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi shart yoki mumkin bo’lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi, g’arazgo’ylik yoki boshqa manfaatlarni ko’zlab, rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, o’z xizmat mavqeidan foydalangan holda pora olishi kabi harakatlari ham boshqaruv tartibiga putur yetkazadi. Mansabdor shaxsni mazkur jinoyatlarda ayblash uchun uning qilmishlari tufayli fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy yoki ko’p miqdorda zarar yetkazilishi asos bo’la oladi (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 205—210-moddalar). Pora olish berishda vositachilik qilish, xizmatchini pora evaziga og’dirish, tovlamachilik bilan haq berishni talab etish, davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish, faoliyati taqiqlangan jamoat birlashmalari tuzish, yig’ilishlar, mitinglar, ko’cha yurishlari yoki namoyishlar o’tkazish tartibini buzish, taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish yoki favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga to’sqinlik qilish va boshqalar ham (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 211 229-moddalar) belgilangan boshqaruv tartibini amalga oshirishga zarar yetkazadi.