BOLALAR POLIKLINIKASI
BOLALAR POLIKLINIKASI — 14 yoshgacha bo’lgan bolalarga tibbiy yordam ko’rsatadigan davolashprofilaktika muassasasi. Bolalar poliklinikasi bolalar kasalxonasi tarkibiga kirishi yoki mustaqil holda faoliyat ko’rsatishi hamda ko’p tarmoqli bo’lishi mumkin. Qishloq joylarda Markaziy tuman kasalxonalari qoshidagi poliklinikalarda bolalar maslahatxonasi bo’ladi. So’nggi yillarda O’zbekistonda (Toshkent shahrida) kattalar va bolalar poliklinikalari hamda ayollar maslahatxonasida «Oilaviy vrach» omillari asosida tibbiy yordam ko’rsatadigan oilaviy poliklinikalar tashkil qilingan. Bu joylarda Bolalar poliklinikasi vazifasini oilaviy poliklinikalar bajaradi. Shu bilan birga bolalar konsultativ diagnostika poliklinikalari (markazlari) ham ochilgan. Bolalar poliklinikasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatadigan xonalar (jarroh, logoped, revmatolog, tish, ko’z, buruntomoq va quloq kasalliklari, badantarbiya va uqalash xonalari), uyda yordam ko’rsatish va soglom bolalar bo’limi, sut oshxonasi mavjud. Bolalar poliklinikasida tez-tez qo’zib turadigan kasalliklardan aziyat chekadigan bemorlar dispenser kuzatuvida bo’ladi. Bolalar poliklinikasida bir necha vrach bo’lsa, ularning har biri ma’lum uchastkalarga biriktirib qo’yiladi. Uchastka hududida yashaydigan har bir vrachga 1-2 hamshira yordam beradi. Bolalar poliklinikasi sog’lom bolalarning asabiy-ruhiy, jismoniy rivojlanishini muntazam kuzatib borish, maslahatlar berish, bolalar va ularning ota-onalarini sanitariya-gigiyena jihatidan tarbiyalash ishlarini amalga oshiradi. Shuningdek, bolaning jismoniy rivojlanishiga alohida ahamiyat beriladi; gavda vazni o’lchamlari (antropometriya) qayd qilib boriladi.