BOG’I AVARS
BOG’I AVARS, Bavars — Badaxshondagi o’rta asr qal’alaridan biri. Taliqon bilan Badaxshon shahri oralig’ida joylashgan. Mahalliy rivoyatlarga ko’ra, Bog’i avars go’zal va obod bo’lgan, qal’aning aylana devori 2,5 farsahni tashkil etgan. Bog’i avars qal’asi 13-asrda Chig’ashoyxon davrida buzilib, bir necha asrdan so’ng 17-asrda qayta tiklangan. Bu yerdagi bir buloq suvidan vinoning ta’mi kelib turgan. Ya’kubiy (9-asr) asarida Bavars shahri tarzida uchrab, u Balxga mansub, jome masjidi bor shaharlar qatorida qayd etib o’tilgan.