BRAGE (BRAHE) TIXO

BRAGE (BRAHE) TIXO (1546.14.12, Knudstrup — 1601.13.10, Praga) — daniyalik astronom; amaliy astronomiya islohotchisi. Brage boshchiligida qurilgan rasadxona (1576) Uraniborg, ya’ni «astronomlar uyi» deb ataldi. Brage rasadxonada 20 yildan ortiq yulduz, sayyora va kometalar ustida tadqiqotlar olib bordi. Oy harakatidagi yillik notekislik va variasiyalarini, kometalar atmosfera hodisasi emasligi (ularning oydan ham yiroqda ekanligi) ni aniqladi. Yoruglikning Yer atmosferasidagi refraktsiyaslar jadvallarini tuzdi. Yillik presessiya qiymatini juda aniq (51″) topdi. Brage Kopernik sistemasini tan olmagan. U Yer olam markazida joylashgan, Quyosh uning atrofida aylanadi, sayyoralar esa Quyosh atrofida aylanadi, degan fikrga kelgan. Bragening Marsni kuzatuvlari natijalari asosida I. Kepler sayyoralarning harakatlanish qonunini yaratgan.