XX asrning 90-yillariga kelib sotsialistik mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va ozodlikka intilishning yangi bosqichi boshlandi. Sharqiy Yevropa mamlakatlarida qariyb yarim asr hukm surgan totalitar davlat tuzumi inqirozga yuz tutib, demokratik tartibotlar qaror topa boshladi. Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi parchalanib, uning o’rnida bir necha mustaqil respublika, Chexoslovakiya Sotsialistik Respublikasi ikkiga bo’lib, Chexiya va Slovakiya suveren davlatlari vujudga keldi. Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasi birlashib, nemislar yashaydigan ulkan hududda sotsialistik tuzum barbod etildi. Ayni chog’da SSSR parchalanib uning o’rnida mustaqil taraqqiyot yo’lini tanlagan 15 mamlakat tashkil topdi.
Boshqacha qilib aytganda, bu davrga kelib ko’pgina mamlakatlarda mustaqillikka erishish masalasi dunyoni keng qamrab olgan jarayonga aylandi. O’zbekistonning mustaqillikka erishishi ana shu olamshumul jarayon tarkibid yuz berdi. “Xalqlarning ozodlik, mustaqillik, baxt-saodatga azaliy intilishi, o’z taqdirini o’zi belgilashga azmu qarori hayotdagi chuqur o’zgarishlarni harakatga keltiruvchi kuchdir”, degan edi Islom Abdug’aniyevich Karimov.
90-yillarning boshlariga kelib O’zbekistonda xalqning ana shu azaliy orzusini amalga oshirish kun tartibidagi bosh masala bo’lib qoldi.
Mamlakatda shunday vaziyat vujudga keldiki, bir tomondan: Zo’ravonlikka asoslangan, ma’muriy buyruqbozlikka xos bo’lgan markazlashgan davlat saqlanib qoladimi yoki demokratik jarayonlar chuqurlashishi evaziga ittifoqdosh respublikalar suvereniteti ta’minlanadimi? – degan masala dolzarb bo’lib qoldi. Ikkinchi tomondan, o’sha davrdagi SSSR rahbariyati mamlakat ichkarisidagi vaziyatni to’g’ri baholay olmadi, milliy respublikalarda mustaqillikka erishishga intilishning tobora kuchayib borayotganining oldini ololmay qoldi.
SSSR Oliy Soveti ham, SSSR Prezidenti va Hukumati ham inqiroziy holatdan chiqishning yo’lini topa olmay qoldi. Xullas, 90-yillarning boshlariga kelganda markaz va ittifoqdosh jumhuriyatlar o’rtasidagi munosabatlar keskinlashib, markaziy hokimiyatning obro’yi pasayib ketdi. Siyosiy, iqtisodiy va xo’jalik hayoti boshqarilmay qoldi. Oqibatda turmushning barcha sohalaridagi salbiy ahvoldan xalqning kun sayin noroziligi ortib, turmush darajasi yomonlasha boshladi. Ishlab chiqarish va mehnat intizomi izdan chiqdi. Bu hol tabiiy ravishda xalqning ko’zini ochdi, endi u eskicha buyruqbozlik usulini qabul qila olmay qoldi.
Qisqacha qilib aytganda, shu vaqtga kelib respublikalar suverenitetini va inson huquqlarini poymol qilgan totalitar buyruqbozlik boshqaruvining istiqbolsiz ekanligini hayotning o’zi ko’rsata boshladi.
Buni birgina sobiq SSSRda xalq xo’jaligini bozor iqtisodiyotiga o’tkazish ham Yangi Ittifoq Shartnomasi tayyorlash borasidagi natijasiz qadamlarda ham ko’rsa bo’ladi.
Shuni aytish kerakki, sobiq Ittifoqda xalq xo’jaligini bozor iqtisodiga o’tkazish masalasi 1987 yili xalq deputatlari II s’yezdi qarori va iqtisodiyotni sog’lomlashtirishga qaratilgan Hukumat Dasturida tilga olingan, u 1990 yil may oyida Oliy Kengash III sessiyasida muhokama qilingan edi.
Xalq deputatlari Hukumat Dasturini muhokama qilar ekanlar, bozor iqtisodiga o’tish ob’yektib zaruriyat, bundan boshqa yo’l yo’q, degan xulosaga keldilar. SSSR Oliy Soveti III sessiyasining “Boshqariladigan bozor iqtisodiga o’tish haqida”gi qarorida bozor iqtisodiyotiga o’tish iqtisodiy islohotlarning asosiy mazmunini tashkil qiladi, deb qayd etildi. Shu boi bu boradagi Hukum Konsepsiyasini deputatlar fikr-mulohazalari asosida qayta ishlash va 1990 yil 1 sentabriga tayyorlash belgilandi.
Mamlakatda shu yo’nalishdagi amaliy ishlar qizg’in tus oldi. 1990 yil 25 iyulda SSSR Prezidentlik Kengashida Bosh Ministrning mamlakatni bozor iqtisodiyotiga o’tkazish yuzasidan qo’shimcha choralar haqidagi axboroti tinglandi. 1990 yil 27 iyuli va 30 avgustida SSSR Prezidentining olimlar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan iqtisodiy islohotlar mavzuidagi uchrashuvi bo’ldi.
6 avgustda esa mamlakat Prezidenti M.Gorbachevning “Yangi Ittifoq Shartnomasini asosi sifatida bozor iqtisodiyotiga o’tishning Ittifoq Dasturi Konsepsiyasini tayyorlash haqida” Farmoni e’lon qilindi. Bu vazifani bajarish uchun SSSR va RSFSR rahbarlari tomonidan S.Shatalin, N.Pardakov, L.Abalkin, G.Yavlinskiy, S.Alekseyenko, V.Vavilov, A.Grigoryev, M.Zadorniy, V.Martinov, V.Mashits, A.Mixaylov, B.Fedorov, T.Yarigina va Ye.Yasinlardan iborat komissiya tuzildi. Komissiyaga 1990 yil sentabridan kechikmasdan Hukumat Dasturini ishlab chiqish topshirildi.
1990 yil sentabri boshlarida SSSR Oliy Kengashi IV sessiyasida N.Rijkov “Boshqariladiga bozor iqtisodiga o’tishga tayyorgarlik va mamlakat xalq xo’jaligida barqarorlikni vujudga keltirish haqida” ma’ruza qildi. Unda deputatlarning avvalgi fikrlari inobatga olingan variant ishlab chiqilgani aytilsa-da, sessiya Hukumat Dasturini qabul qilmadi. Buning muhim sababi deputatlarda Hukumatga nisbatan ishonch yo’qola borga nedi. Ayni chog’da Hukumat Dasturi sobiq Ittifoqni saqlab qolishni, shuningdek iqtisodiyotni sotsialistik yo’ldan rivojlantirishni ko’zda tutar edi.
1990 yil 11 sentabrda RSFSR Oliy Soveti II sessiyasi S.Shatalinning “500 kun” Programmasini qabul qildi. Unda quyidagi masalalar ko’tarilgan edi:
- Fuqarolarni mulkka egalik huquqini, iqtisodiy mustaqillikni, erkin iste’mol bozori va unda erkin narx;
- Korxonaning mustaqil iqtisodiy faoliyat huquqi;
- Ittifoqdosh respublikalarning mutlaq suvereniteti;
- Aholi turmush darajasini pasaytirmaslikni ko’zda tutar edi.
SSSR Oliy Sovetining 21 sentabrda bo’lib o’tgan IV sessiyasida bu Dastur ham qabul qilinmadi. 1990 yil 24 sentabrda sessiya “Xalq xo’jaligini barqarorlashtirishning kechiktirib bo’lmaydigan vazifalari”ni muhokama qilib, Hukumat Dasturi va S.Shatalin Dasturidan iborat Yagona Dastur ishlab chiqishga qaror qildi. 1990 yil, 18 oktabridan sessiya: “Bozor iqtisodiyotiga o’tish jahon amaliyotidan kelib chiqqan zarurat, ammo u iqtisodiyotning sotsialistik yo’nalishiga ziyon yetkazmaydi”, – deb xulosa berdi.
Demak, 80-yillar oxiriga kelib, sobiq mamlakatda xalq xo’jaligini bozor iqtisodiyotiga o’tkazishni hayotning o’zi kun tartibiga qo’ya boshladi va uning huquqiy asoslarini yaratishni zaruratga aylantirdi. Shunday bo’lsa-da, 1990-1991 yillarda iqtisodiyot orqaga qarab keta boshladi va xalqning turmush tarzi, sharoiti yomonlasha bordi. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tanazzulga yuz tuta boshladi.
Mutaxassislar ana shunday tisarilish hodisasini mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga uchta yo’nalishdagi kuchlar manfaatlari to’qnashgani bilan izohlaydilar. Jumladan:
Birinchi kuchlar – N.Rijkov va V.Pavlov Dasturi tarafdorlari. Ular sobiq SSSRni saqlab qolish, xalq xo’jalini markazdan boshqarish, huquqni ko’proq markazda to’plash niyatida edilar. Ular iqtisodiyotni rivojlantirishda sotsialistik yo’ldan voz kechmaslikni talab qilar edilar.
Ikkinchi kuchlar – bu M.Gorbachev Dasturini quvvatlovchilar. Ular murosa yo’lini qidirib, yuqorida tilga olingan har ikki dastur yo’nalishlarini uyg’unlashtirish va SSSRni saqlab qolish, markazlashgan ma’muriy buyruqbozlik hokimiyatni yo’qotmaslik, “shokovaya terapiya” (“falaj qilib davolash”) usulidan foydalanish g’oyasini ilgari surar edi. Yangi Ittifoq Shartnmasini tayyorlash ham shu maqsadlarga yo’naltirilgan edi. Jumladan, yangi Ittifoq Shartnomasida mamlakat nomini ham “Sotsialistik Respublikalari”, “Mustaqil Davlatlar Ittifoqi” deb atash to’g’risidagi takliflar ham o’rtaga tashlana boshladi.
Shunday qilib, sobiq SSSR ijtimoiy taraqqiyotida uchta yo’nalish – totalitarizmga qaytish, burjuacha transformatsiya va sotsialistik yo’nalishdagi demokratik kuchlar to’qnashib qolgan edi. Tabiiyki, bu mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida tanazzulni vujudga keltirgan edi.
Ana shunday ziddiyatli bir sharoitda O’zbekiston rahbariyati bu yo’nalishlarning nomaqbul ekanligini aniq-ravshan ko’rdi va respublika xalq xo’jaligini bozor iqtisodiyotiga o’tkazishning o’ziga xos yo’lini mustaqil tarzda o’zi belgilay boshladi. Avvalo, “O’zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini shakllantirish konsepsiyasini” tayyorlashga kirishildi. Konsepsiya respublika Davlat Reja qo’mitasi, Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, viloyatlar va Toshkent shahar ijroiya qo’mitalari bilan hamkorlikda tayyorlandi. Unga ko’ra, “O’zbekiston xalq xo’jaligini sog’lomlashtirish va bozor iqtisodiyotiaga o’tishning asosiy prinsiplari” ishlab chiqildi va 1990 yil 17 oktabrida umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi.
1990 yil oktabri oxirida O’zbekiston SSR Oliy Kengashi IV sessiyasida bu masala yuzasidan Hukumatning hisoboti eshitildi.
Oliy Kengash sessiyasi “vujudga kelgan ahvoldan chiqishning yo’lini… respublikaning iqtisodi mustaqilligiga erishish asosida iqtisodiy islohotlari chuqurlashtirish va jadallashtirishdan iborat” deb hisoblandi.
Shuning uchun ham sessiya respublika Hukumati Dasturini ma’qulladi va O’zbekiston Ministrlar Sovetiga “O’zbekiston SSR mulkiga egalik qilish, uni tasarruf etish, taqsimlash undan foydalanish masalalari yuzasidan respublikaning suveren huquqlarini amalga oshirishning samarali amal qiluvchi mexanizmini yaratish bo’yicha asoslangan takliflar tayyorlash, shuningdek, 1 iyungacha O’zbekiston Oliy Sovetiga iqtisodiy tizim masalalari va yer, yer osti hamda boshqa tabiiy boyliklarni, ishlab chiqarish korxonalarini O’zbekiston SSR mulkiga o’tkazish bo’yicha O’zbekiston SSR Konstitutsiyasiga kiritiladigan o’zgarishlar to’g’risida Qonun loyihasi kiritishni topshirdi.
Hukumat Dasturiga ko’ra, quyidagilar O’zbekiston xalq xo’jaligini sog’lomlashtirish va bozor iqtisodiga bosqichma-bosqich o’tishning asosiy yo’nalishlari qilib belgilandi:
Mustaqil davlat bo’lmish O’zbekiston:
- Boshqa respublikalar bilan muvofiqlashtirilgan mustaqil ijtimoiy va iqtisodiy siyosatni xalq xo’jalini o’zi boshqarish va o’zini o’zi pul bilan ta’minlash sohasida suveren huquqlarini amalga oshiradi, xo’jalik turmushi va mdaniy turmushdagi milliy o’ziga xoslik saqlanib qolishini ta’minlaydi;
- Boshqa respublikalar bilan o’z iqtisodiy aloqalarini ekvivalentlik va o’zaro manfaatdorlik asosida mustaqil hal etadi, bu aloqalarni mamlakatning yaxlit xalq xo’jalik kompleksi doirasida o’zaro shartnomalar va bitimlar bilan tartibga solinadi;
- Mahalliy Sovetlarning mahalliy o’zini o’zi boshqarishni keng rivojlantirish, uning mulkiy va moliyaviy negizini mustahkamlash huquqlariga kafolat beradi;
- O’z ixtiyorida bo’lgan hamma vositalar bilan mehnat jamoalarining va fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini mustahkamlashga ko’maklashadi, shu huquqlarning har tomonlama himoya qilinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, ushbu hujjatda O’zbekiston SSR iqtisodiy mustaqilligini kengaytirishning bosh maqsadi iqtisodiyotning jo’shqin, yuksak samarali, ekologik turmush standartlari darajasidagi farovonligini, ijtimoiy adolat va himoyalanishni ta’minlaydigan yangi xo’jalik-huquqiy sharoitlarni shakllantirishdan iborat qilib belgilandi.
Ayni vaqtda Konsepsiyada maqsadga erishish yo’lidagi vazifalarni hal etish, jumladan, respublika bilan Ittifoqning o’zaro majburiyatlari va o’zaro mas’uliyati asosida O’zbekiston SSR bilan SSR Ittifoqining huquq doirasi sohalarini farqlab qo’yish;
- Davlat mulkining haddan tashqari markazlashuvini va byurokratik tashkil etilishini bartaraf qilish: mulkchilikning xilma-xil shakllarini rivojlantirish, bu shakllarning teng huquqliligi va musobaqalashuvini ta’minlash;
- Asosan, iqtisodiy usullar negizida respublikaning xalq xo’jaligi davlat boshqaruviga o’tish, rejalashtirish, moliya-byudjet, bank tizimini sifat jihatidan o’zgartirish, mehnat munosabatlarini va tabiatdan foydalanishni tartibga solish;
- Bozor mexanizmlarini vujudga keltirish, tovarlar, xizmatlar, moliya-kredit resurslariga talab va taklifni tartibga soladigan narx va boshqa vositalarning ahamiyatini oshirish, O’zbekiston SSRning ichki, O’rta Osiyo respublikalari va Qozog’iston mintaqa bozorini rivojlantirish;
- Barcha fuqarolarning qobiliyatlaridan to’la-to’kis foydalanish imkoniyatlarini baravarlashtirish, aholining kam daromadli tabaqalrini qo’llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yosh avlodni tarbiyalash, sog’liqni saqlash, maorif, fan, madaniyat va san’atni rivojlantirishni ta’minlaydigan ijtimoiy kafolatlarning ta’sirchan tizimini vujudga keltirish;
- Respublika tashqi iqtisoiy faoliyati mexanizmini sifat jihatdan o’zgartirish, shu jumladan, eksport, import operatsiyalari sohasidagi huquqlar va imkoniyatlarni kengaytirish;
- Xorijiy sarmoyalar O’zbekiston SSR iqtisodiyotiga investitsiya kiritish, che el sayyohligini rivojlantirish va hokazo;
- Respublika va mahalliy hokimiyat hamda boshqaruv idoralarining vakolatlari va mas’uliyatini ajratib qo’yish, xalq deputatlari mahalliy sovetlarining to’la hokimiyati tashkiliy-huquqiy va moliyaviy-iqtisodiy kafolatlarini ta’milash;
- Respublikadagi iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni tartibga solishda qatnashuvchi demokratik jamoat muassasalari iste’molchilar jamiyatlari, ishlab chiqaruvchilar uyushmalari, ekologiya va fan-texnika jamiyatlari, xayriya jamg’armalari va shu kabilarni vujudga keltirishga ko’maklashish nazarda tutildi.
Umuman, O’zbekiston rahbariyati SSSR Hukumatiga O’zbekistonning shoshilinch bozor iqtisodiyotiga o’tish to’g’risidagi ko’rsatmasiga e’tiroz bildirib, bu respublika sharoiti uchun birdaniga to’g’ri kelmasligini va bozor iqtisodiyotiga avvalo aholini, birinchi navbatda, uning kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy kafolatlab, so’ng o’tish borasida O’zbekiston o’zi mustaqil harakat qilishini ma’lum qildi. 1990 yil 29 avgustida O’zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi “Ittifoqning yangi shartnomasi va boshqariladigan bozor iqtisodiyotiga o’tish programmasining asosiy qoidalari va yo’l-yo’riqlariga nisbatan respublikaning tutgan o’rni to’g’risida”gi masalani ko’rib chiqib bu borada shoshilmaslik joizligini yana bir bor ta’kidladi. Oliy Sovet Prezidiumi Ittifoqning yangi shartnomasini tuzish hamda boshqariladigan bozor iqtisodiyotiga o’tish dasturi bo’yicha tayyorlangan takliflar birinchi turkumini chuqur o’rganib chiqish va muhokama qilish uchun O’zbekiston Oliy Soveti, Kompartiya Markaziy Qo’mitasi, O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarga yubordi.
Ko’rinib turibdiki, yangi Ittifoq Shartnomasi loyihasi avvalgi yillardagidek darhol O’zbekiston tomonidan quvvatlanmadi, bu yerda birinchi navbatda O’zbekistonning milliy manfaatlari himoya qilinishi nazarda tutildi. Yangi Ittifoq Shartnomasini: “U O’zbekistonning siyosiy suverenitetiga zarar yetkazmaydimi?” – degan nuqtai nazardan kelib chiqqan holda imzolash ko’zda tutildi.
Shunga muvofiq respublika hukumati iqtisodiy mustaqillikni bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutadigan muayyan dastur ham ishlab chiqdi. Jumladan, uning birinchi bosqichi 1990-1992 yillarni o’z ichiga oladi. Bu davrda esa 1990 yil alohida o’rin tutadi. Chunki bu yil tang ahvolni bartaraf etishning negizlari bunyod etilishi kerak edi.
Shu uch yil mobaynida yangi xo’jalik mexanizmining barcha asosiy unsurlari uzil-kesil harakatga kelishi, davlat byudjeti kamomadiga, aholining pul daromadlari hamda uni tovar bilan ta’minlash o’rtasidagi nomutanosiblikka barham berilishi, pulning qadrsizlanishi kuchayib borishini to’xtatish, mazkur bosqichda xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida mulk munosabatlarini tubdan o’zgartirish, zarar ko’rib ishlaydigan korxonalar zimmasiga o’z ishini o’nglab olishi vazifasini yuklash ko’zda tutildi.
Ikkinchi bosqich 1993-1995 yillarni o’z ichiga olishi mo’ljallandi. Bu davrga kelib iqtisodiyotni sog’lomlashtirish tadbirlari amalga oshirilishi, ichki iste’mol bozoridagi, pul muomalasi va byudjetdagi kamomadlarga asosan barham berilishi, yangi iqtisodiy qonunlar joriy etilishi, ya’ni bozor munosabatlarini me’yoriy rivojlantirish uchun amalda zarur iqtisodiy sharoitlar yaratilishi, bu davrda davlat ixtiyorida bo’lmagan sektorning hissasi oshishi ko’zda tutildi.
Xullas, Konsepsiyadan ma’lum bo’lyaptiki, SSSR markaziy idoralaridan farqli o’laroq, 80-yillar oxiri va 90-yillar boshida O’zbekiston dadillik bilan iqtisodiy mustaqillik va siyosiy suverenitetni qo’lga kiritish uchun amaliy harakat qila boshladi. Ayni choqda O’zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi va siyosiy suverenitetini ta’minlashning huquqiy asoslarini yaratish uchun ham konkret choralar ko’rildi. Bu borada xalqning xohish irodagi hisobga olindi.
Masalan, O’zbekiston rahbariyati va xalqning O’zbekistonning mustaqillik sari dadil qadam qo’yayotganligini 1991 yil 17 martidagi umumxalq referendum yaqinlarida ham yaqqol ko’rish mumkin. 1991 yil 20 fevralda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatining yig’ilishi bo’lib, unda SSSR Oliy Kengashi tomonidan belgilangan referendumda ovoz berishga mo’ljallangan asosiy byulleten bilan birga “O’zbekiston yangilanayotgan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida mustaqil, teng huquqli respublika bo’lib qolishga rozimisiz?” degan savol qo’yilgan qo’shimcha byulleten kiritishga qaror qilindi. Byulletendagi ushbu matn o’zgartirilishi mumkin emas, deb belgilandi.
Oliy Kengash Rayosati viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklariga bo’lajak referendumda O’zbekistonning mustaqil bo’lishiga munosabat bildiruvchi ushbu byulleten matni yuzasidan mehnatkashlar ommasi o’rtasida tushuntirish olib borishni topshirdi. Bu ishlarga huquqshunoslar, mutaxassislar, ziyolilar vakillarini keng jalb qilish tavsiya qilindi.
Referendum yakuni shuni ko’rsatdiki, O’zbekistonning mustaqil teng huquqli respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida bo’lishiga doir qo’shimcha byulleten bo’yicha 9 million 215 ming 571 nafar kishi yoki ovoz beruvchilarning – 93,9 foizi ovoz berdi.
Shunday qilib, bu referendumda O’zbekiston xalqining mutlaq ko’pchiligida O’zbekistonning mustaqil respublika sifatida ko’rish xohishi borligining o’ziyoq respublika rahbariyatining bu boradagi dadil kuch-g’ayratini qo’llab-quvvatlash ifodasi edi.
Bundan tashqari, O’zbekistonda respublikaning davlat mustaqilligiga doir mutlaqo yangi davlat ramzlari tayyorlash va qabul qilish ishlari ham dadil boshlab yuborildi.
1991 yil 15 fevralida O’zbekiston Oliy Kengashi “O’zbekistonning davlat ramzlari to’g’risida” maxsus qaror qabul qildi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Mustaqillik to’g’risidagi Deklaratsiyaga amal qilib, O’zbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi:
- O’n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengash II sessiyasida tuzilgan O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyasiga O’zbekiston SSRning Yangi Davlat bayrog’i, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular to’g’risida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarining fikrlariga tayanib ish ko’rsin.
- Bu boradagi takliflar matbuotda e’lon qiliinb, umumxalq muhokamasi uyushtirilsin”.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qabul qilgan Qonunlar, O’zbekiston Prezidentining Farmonlari, hukumat qarorlari katta ahamiyatga ega bo’lib, ular respublikaning iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil rivojlanish yo’liga bevosita qaratila boshladi.
O’zbekistonning o’z suvereniteti uchun kurashi, avvalo, jumhuriyatda qabul qilingan har bir qonunning mazmuni va mohiyati jihatidan sobiq Ittifoq qonunlaridan tubdan farq qilishida, bundan tashqari, har bir qonun avvalgidek Ittifoq qonuniga moslashtirib emas, balki respublika manfaati ifoda etilganligi bilan ajralib tura boshladi.
Masalan, 1989 yil 20 oktabrida o’n birinchi chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Sovetining o’n birinchi sessiyasida “O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish” to’g’risidagi masala maxsus muhokama etildi. Sessiyada shu masala yuzasidan respublika Oliy Soveti Raisi doklad qildi. Ma’ruzada O’zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish haqidagi Qonun davlat mexanizmining hammad bo’g’inlari Oliy Sovetga bo’ysunishini nazarda tutishi alohida ta’kidlandi. Respublika Oliy Sovetiga eng oliy nazorat qiluvchi idora sifatida O’zbekiston SSRning yuqori mansabdor shaxslarini, shu jumladan, Oliy Sovet Raisini saylash, O’zbekiston SSR Ministlar Sovetining Raisini, hukumat a’zolari va boshqa rahbar lavozimdagi kishilarni tasdiqlash yoki tayinlash va zarur bo’lganda ularni muddatidan oldin lavozimidan chaqirib olish huquqi berildi. Hukumatning bir yilda kamida bir marta Oliy Sovet oldida hisob berishi majburiy qilib qo’yildi. Shuningdek, Oliy Sovet byudjetni nazorat qilish, ministrlik va idoralar ishini tekshirish, deputatlar so’rovini muhokama qilish masalalarini ham ko’rib chiqadigan bo’ldi.
Konstitutsiyaga kiritilgan bu o’zgartirishlar respublika davlat hokimiyatning oliy idorasiga mustaqil davlat oliy idorasiga xos zarur vakolatlarni berdi. Ayni choqda bu vakolatlar uning ijtimoiy adolat prinsiplari buzilgan hamma joyda zudlik bilan uni tiklashi, jamiyat turmushida yuz berishi mumkin bo’lgan noxush hodisalarning oldini olish imkoniyatini ham berdi.
Qonun yana shunisi bilan ahamiyatli ediki, O’zbekiston SSR Oliy Sovetini respublikaning Sovet Federatsiyasida erkin, har tomonlama rivojlanishi uchun kafolat beradigan vakolatlar bilan ham ta’minladi. Ilgari bu vakolatlarning ko’pchiligi faqat ittifoq idoralarining huquqi hisoblanar edi. Masalan, 102-moddada ko’zda tutilgan “mulkchilik munosabatlarini, xalq xo’jaligini va sotsial-madaniy qurilishni, byudjet-moliya sistemasini, mehnatga haq to’lashni, narx belgilashni, soliq, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishni, shuningdek bir qancha boshqa ijtimoiy munosabatlarni qonun yo’li bilan respublikada tartibga solish” shular jumlasidandir.
Shuning uchun Konstitutsiyaga kiritilgan bu qo’shimchalar deputatlar tomonidan yakdillik bilan kutib olindi. Jumladan, sessiyada so’z olgan Farg’ona viloyatidagi “Rishton” sovxozining brigade boshlig’i, deputat Saodatxon Yoqubova “Ushbu sessiyada muhokama qilinayotgn masala g’oyat muhim bo’lib davlatni boshqarishda oshkoralik, demokratiya, inson manfaatlarini to’la himoya qilish, davlatning fuqaro oldidagi, fuqaroning davlat oldidagi huquqiy javobgarliklarini ta’minlashga olib keladi”, – deb barcha sessiya qatnashchilari fikrini ifodaladi. Shu boisdan sessiyada O’zbekiston Konstitutsiya (Asosiy Qonun)ga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” qabul qilingan Qonunning 101-moddasi “O’zbekiston SSR Davlat hokimiyatining oliy organi doimiy ishlaydigan O’zbekiston SSR Oliy Soveti bo’lib, u o’z faoliyatiga qonun chiqarish, farmoyish berish va nazorat qilish vazifalarini amalga oshiradi.
O’zbekiston SSR Oliy Soveti “O’zbekiston SSR ixtiyoriga berib qo’yilgan har qanday masalani qarab chiqish uchun qabul qilish va hal etish haqlidir”, ayni choqda u milliy davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlar qabul qiladi”, – deb alohida ta’kidlab qo’yildi.
Aytish kerakki, respublika rahbariyatining O’zbekistonning siyosiy suverenitetini ta’minlashga qaratilgan qat’iy pozitsiyasi I.A.Karimov tomonidan 1980 yillar oxiridan boshlab bir necha marta ko’ndalang qilib qo’yildi. Jumladan, U KPSS Markaziy Komitetining 1989 yil 20 sentabrida Moskvada bo’lib o’tgan Plenumida dadil tarzda: “Biz ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o’zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo’yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz”, – deb ta’kidladi. Oradan bir oz o’tgandan so’ng – O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1990 yil 23 martidagi Plenumida u O’zbekistonning iqtisodiy mustaqillikka erishishning asosiy yo’llarini ko’rsatib: “Siyosiy sistemani yangilash masalalarini O’zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi muammolaridan ajralgan holda qarash mumkin emas. Bizda bunday mustaqillik uchun shart-sharoit bor”, – degan fikrni bildiradi.
Darhaqiqat, 1980 yillarning oxirlaridan boshlab respublikada iqtisodiy va siyosiy suverenitet uchun qadam-baqadam chora-tadbirlar ko’rildi. Masalan, O’zbekiston SSR Oliy Soveti 1989 yil 25 noyabrida bo’lgan “O’zbekiston SSRni iqtisodiy va sotsial rivojlantirishning 1990 yilgi Davlat plani to’g’risida”gi masalani muhokama qilar ekan, respublikaning iqtisodiy mustaqilligiga oid muhim tadbirlarni belgiladi. “1990 yilga mo’ljallangan plan, – deb ta’kidlanadi sessiyada, – respublikaning o’z-o’zini mablag’ bilan ta’minlash prinsiplariga o’tish arafasida uning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish talablarini hisobga olgan holda tuzilgan edi… Eng asosiysi respublikaning sharoiti, o’ziga xos xususiyati, an’anaviy marosimlari va manbalaridan kelib chiqqan holda territorial xo’jalik hisobining o’z konsepsiyasini ishlab chiqishdir”.
Sessiya 1990 yil plani byudjet loyihalarida hukumatning o’zlashtirilgan capital mablag’lari sotsial ehtiyojlarga sarf qilinishini qonunan to’g’ri va asosli deb hisobladi va “respublikaning suvereniteti ayni shunda yaqqol ko’rinadi”, – deb ta’kidladi.
Sessiyada respublikaning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan quyidagicha qaror qabul qilindi:
“1990 yilda sovet va xo’jalik organlari, ilmiy muassasalar ishining muhim yo’nalishi respublikani o’z-o’zini boshqarish va o’z-o’zini mablag’ bilan ta’minlash prinsipiga o’tishga tayyorlash yuzasidan amaliy tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat, deb hisoblansin.
O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti bu ish jarayonida ijtimoiy ishlab chiqarishning real resurslarini hamda amal qilish imkoniyatlari – strukturani tubdan takomillashtirish va uning ilmiy-texnikaviy hamda tashkiliy darajasini oshirish imkoniyatlarini har tomonlama qarab chiqsin… amalga oshirilayotgan siyosiy Sistema islohotini, ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirishni hisobga olgan holda respublikaning iqtisodiy suverenitetini kengaytirishning asosiy yo’llarini belgilasin”.
1990 yil 23 martida O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Plenumi bo’ldi. Unda O’zbekiston SSRning siyosiy suvereniteti masalalariga oid muammolarni tahlil etishga va konsepsiyalarini ishlab chiqishga jiddiy e’tibor berildi. Plenum yangilanayotgan siyosiy tizimda respublika Kompartiyasining o’rni va mavqei, uning davlat hokimiyati idoralari va jamoat tashkilotlari bilan o’zaro munosabati prinsiplari to’g’risidagi masalalarini muhokama qilib, buyruqbozlikdan, ma’muriyatchilikdan voz kechish lozimligini uqtirdi. Shu bilan birga Plenum respublika siyosiy tizimi to’g’risidagi masalani ko’rib chiqishni hayot taqozo qilayotganligini ko’rsatib, real hokimiyat O’zbekiston Kompartiyasidan, uning barcha darajalaridagi komitetlaridan xalq deputatlari Sovetlariga berilishi bilan bog’liq barcha qiyinchiliklarni yengib o’tishlari lozimligini ta’kidlab, yuzaga kelgan vaziyatda O’zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish muhim ahamiyat kasb etadi”, – deb ta’kidladi.
O’zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi masalasining ko’tarilishi shunchaki SSR Ittifoqi yangi tartibiga taqlid qilish emas, balki prinsipial amaliy va tarixiy hodisa bo’ldi. Respublika boshqaruvning ayni ana shunday shakli joriy etilishi, avvalo, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, millatlararo va boshqa sohalardagi muammolarni hal qilish jarayonini tezlashtirishga ko’maklashish vositasi sifatida joriy qilindi. Eng muhimi shundan iboratki, Prezident muassasining joriy etilishi – respublika uchun suverenitet va davlatchilikda mohiyat jihatidan yangi bosqichga o’tishni bildirar edi.
Alohida ta’kidlash kerakki, ayni shu paytda keng miqyosda tartib va intizomni, eng avvalo, boshqaruvning barcha darajalarida va jabhalarida ijro mexanizmini qayta qurishni tezlashtirish vazifalarini o’z vaqtida hal etish masalasi, fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi barcha davlat muassasalarini nazorat qilish ham katta ahamiyat kasb etmoqda edi.
Ana shu ob’yektiv holatni hisobga olib, 1990 yil 24 martida XII chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Sovetining birinchi sessiyasi bo’ldi. Sessiya O’zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentlik lavozimini ta’sis etish to’g’risida qaror qabul qildi. Sessiya yakdillik bilan Islom Abdug’aniyevich Karimovni O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti etib saylash to’g’risida qaror qabul qildi. Bu yerda shuni alohida ta’kidlash kerakki, O’zbekistonda Prezident lavozimining ta’sis etilishi jumhuriyatning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi uchun kurash borasida qo’yilgan dadil qadamlardan dastlabkisi edi.
Chunki uzoq yillar mobaynida yig’ilib qolgan milliy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy rivojlanish muammollari bu vaqtga kelib nihoyatda keskin tus olgan edi. Hayot respublikaning kelajagi, xalq taqdiri va turmushining, O’zbekiston fuqarolari kelajak avlodlari hayotining to’kisligi, tinchlik, osoyishtalik muammolarini izchil hal etishni ko’rsata boshladi. O’zbekiston oldidagi mana shu dolzarb muammolarni hal etishda Prezident lavozimi keng imkoniyat ochar edi.
Respublikaning birinchi Prezidenti I.A.Karimov sessiyada “Bu katta ishonch uchun o’zimning minnatdorchiligimni bildiraman, men buni, eng avvalo, o’zbek xalqi, O’zbekiston SSRning barcha mehnatkashlari, ishchilar sinfi, dehqonlar, ziyolilar, jumhuriyatimizda yashovchi hamma millat va xalqlar taqdiri uchun o’z zimmamga tushgan ulkan burch va javobgarlik deb qabul qilaman. Har bir grajdanning konstitutsion huquqi va erkinliklarini ta’minlash yo’lida katta mas’uliyat deb tushunaman”, – dedi.
O’z fikrini davom ettirib, u Prezident vazifasiga to’xtalib: “O’zbekiston Prezidenti sifatidagi o’zimning asosiy vazifalarini nimadan iborat deb bilaman? O’zbekiston SSRning siyosiy mustaqilligini mustahkamlash va yanada takomillashtirish, uni yangi va hayotiy mazmun bilan boyitish, shuningdek, “Prezident boshqaruvi”ning muhim vazifalaridan biri respublikaning iqtisodiy mustaqilligini, o’zini-o’zi idora qilishga o’tishini ta’minlashdir. Ayni choqda mehnatkashlarning, aholining hamma tabaqalari faravonligini oshirish, odamlarning talab va ehtiyojlarini qondirish, ijtimoiy sohani tez sur’atlar bilan rivojlantirish – respublika davlat hokimiyati organlaridan, shaxsan mendan, O’zbekiston SSR Prezidentidan doimiy e’tibor talab qiladigan vazifadir”. Shu tariqa Prezident eng qiyin va qonli to’qnashuvlarni boshdan kechirgan xalq oldida butun mas’uliyatni ochiq-oydin o’z zimmasiga oldi.
Shu bilan birga Prezident o’z faoliyatining markazida xalqni ma’naviy yuksaltirish, insonni axloqiy va jismoniy takomilga erishtirish turganligini ham alohida uqdirdi.
Gap O’zbekiston mustaqilligi haqida borganda, shubhasiz, O’zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ning o’rni va ahamiyatiga alohida to’xtash lozim. Zero bu muhim hujjat O’zbekistonning mustaqillikka erishishida qo’yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri edi. Bu umumdavlat ahamiyatiga ega bo’lgan Deklaratsiyani qabul qilishda respublika Oliy Soveti deputatlari faollik ko’rsatdilar. O’zbekistondagi tarixiy shart-sharoit va vaziyatni hisobga olgan 200 dan ortiq deputat XII chaqiriq respublika Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasi (1990 yil 18 iyunda) boshlanishidayoq mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilishni kun tartibiga kiritishni va kechiktirmasdan shu sessiyada uni qabul qilishni qat’iy talab etdilar.
O’zbekiston SSR Oliy Soveti Rayosati a’zolari, komissiya raislari va muovinlari “Mustaqillik Deklaratsiyasi” xususida fikrlashib, deputatlar fikrini olish va so’ng uni sessiyaga olib chiqish lozim deb topdilar. 19 iyun kuni 40 dan ortiq deputat, doimiy komissiyalarning raislari, huquqshunoslar tayyorlagan Deklaratsiya matnini batafsil ko’rib chiqdi. Natijada bu masala 20 iyun kuni sessiyada kun tartibiga kiritildi.
“Mustaqillik Deklaratsiyasi” deputatlar tomonidan moddama-modda, bandma-band muhokama qilindi, har bir millat o’z taqdirini o’zi belgilashi, Deklaratsiya qoidasi bilan kafolatlanishi qayta-qayta ta’kidlandi. Unda o’zbek xalqining asrlar davomida qo’lga kiritilgan davlat qurilishi va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tarixiy tajribasi va an’analari hisobga olinishi uqtirildi.
Natijada sessiya qabul qilingan “Mustaqillik Deklaratsiyasi” kirish qismiga quyidagicha yozib qo’yildi:
“O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi o’zbeks xalqining davlat qurilishi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millarning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi, O’zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qiladi”.
Shuningdek, birinchi moddada: “O’zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o’z hududida barcha tarkibiy qismlarini belgilashda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir”, – deb belgilab qo’yildi. Sessiya qabul qilgan bu “Mustaqillik Deklaratsiyasi” xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Surxondaryo viloyati, Kuybishev saylov okrugidan saylangan deputat I.Fayzullayev o’z his-tuyg’ularini ifodalab: “Xalqimiz qarsak chalib, joyimizdan turib, butun vujudimiz bilan berilib, Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildik. Butun O’zbekiston xalqi ko’rib turdi. 70 yillar davomida O’zbekiston ishlab topgan mahsulotlarini, bor xom ashyosini o’zi yemay boshqa respublikalarga berib keldi. Endi mustaqillikni qo’lga kiritay deganda… orqaga qaytmaslik lozim”.
Shu kundan boshlab respublikada O’zbekiston iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi.
Bu borada ba’zi misollarni keltirish o’rinli. Jumladan, 1991 yil 22 iyulida O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi “O’zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bo’ysinuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini “O’zbekiston SSRni huquqiy tobeligiga o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilib, jumladan, unda “O’zbekiston SSRning “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ga amal qilib, bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida mehnat jamoalari manfaatlarini himoya qilish va ularning xo’jalik mustaqilligini ta’minlash maqsadida respublika hududida joylashgan ittifoqqa bo’ysinuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari O’zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o’tadi”, – deb qayd qilindi.
Shuningdek, ushbu qaror “O’zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga Ittifoqqa bo’ysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning O’zbekiston SSR huquqiy tobeligiga o’tishi tartibini belgilash vazifasi topshirildi”.
Yana bir misol: respublika Oliy Soveti Prezidiumi “Chakana narxlar amalga oshirilayotgan bir davrda mehnatni rag’batlantirishni kuchaytirish va mehnatkashlarning ijtimoiy himoyalanganligini ta’minlash maqsadida, O’zbekiston SSRning “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ga hamda O’zbekiston SSRdagi korxonalar to’g’risidagi qonunga muvofiq “1991 yilgi “Ittifoq byudjeti” to’g’risidagi SSSR Qonuni 8-moddasining “korxonalar iste’mol fondini ko’paytirishni cheklashga oid qismi amal qilishini O’zbekiston hududida to’xtatishi” to’g’risida ham qaror qabul qildi. Shunday qilib, 90-yillarning dastlabki davrlarida O’zbekiston SSR Prezidenti I.A.KArimov, O’zbekiston SSR Oliy Kengashi va Hukumati O’zbekistonning siyosiy-iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar qo’ydilar. Bu xalq tomonidan ham qoniqish bilan kutib olina boshladi. Masalan, Toshkent siyosatshunoslik va boshqaruv institute 1991 yili fevral oyida Toshkent, Samarqand, Farg’ona shaharlarida 10 ta sanoat korxonasida 400 ishchi bilan sotsiologik so’rov o’tkazdi. So’ralganlarning 67,8 foizi mamlakatda iqtisodiy ahvol yaxshilanmaydi, deb 72 foizdan ortig’i esa hayotdan qoniqmayotganini aytdi. Ishchilarda sobiq Markazning sotsial-siyosiy tartibotlariga ishonmaslik vujudga keldi. Masalan: “Umumittifoq va mahalliy hokimiyat hamda boshqaruv organlariga sizning munosabatingiz qanday?”, – deb berilgan savolga 4,5 foiz kishi: “O’z umidimni umumittifoq davlat idoralari bilan bog’layman”. 32,5 foiz ishchi esa: “Respublika davlat organlari bilan bog’layman”, – deb javob berdi. Ushbu javoblardan ham ko’rinib turibdiki, kishilarda umumittifoq idoralariga emas, balki respublika davlat idoralariga, tabiiyki, respublikaning mustaqil rivojlanishiga ishonchi tobora orta boshladi. I.A.Karimov O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq oltinchi sessiyasida jamiyatda yuz berayotgan o’zgarishlarni ta’riflab shunday fikr bildirgan edi: “Mamlakatda bugun mavjud bo’lgan keskin qarama-qarshilik vaziyatni bir kunda paydo bo’lgnia yo’q. Novo-Ogorevoda Ittifoq shartnomasi ustidan ish olib borilayotgan bir paytda SSSR Oliy Kengashining rahbarlari pozitsiyasi ma’lum bo’ldi.
Ular har xil niqoblar ostida davlatni, markaziy boshqaruvni eski holicha saqlab qolishga, Ittifoq shartnomasini tayyorlash va imzolashda esa Ittifoq Oliy Kengashiga eng oliy, ya’ni hal qiluvchi huquqlr berilishiga harakat qildilar. Jumhuriyatlar o’zlari xohlagan vakolatlarini Ittifoqqa emas, balki Ittifoq xohlagan vakolatlarini jumhuriyatlarga berar emish. Biz esa Ittifoqni faqat uning tarkibiga kiruvchi davlatlarning to’liq mustaqilligi va teng huquqliligi bilan yangilash mumkin degan fikrda qat’iy turdik. Asosiy kelishmovchilik ana shundan iborat edi”.
Sobiq Markazni kuchaytirish, hokimiyatni yana markazda to’plash tarafdorlari o’z maqsadlarini amalga oshirish uchun ommaviy axborot vositalari, sessiya tribunalaridan keng foydalandilar. Masalan, akademik V.Kudryatsev “Pravda” gazetasida “Suverenitet haqida Deklaratsiyalar va Ittifoq Shartnmasi” deb nomlangan maqola bilan chiqib, Ittifoqni respublkalar suverenitetini toraytirish hisobiga yangi Ittifoq Shartnomasi tuzish g’oyasini ilgari suradi. Jumladan, uning fikricha: “Markaz ixtiyorida mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni belgilash, moliya, bank, bojxona sistemasini nazorat qiish huquqlari qolishi kerak. Umumittifoq qonunlari respublikalar qonunlaridan ustun turmog’i lozim”. Bu O’zbekistonda vujudga kelayotgan siyosiy tamoyillarga mos kelmas edi. O’zbekistonning yetakchi olimlari V.Kudryatsevning milliy respublikalar suverenitetini cheklash g’oyasiga qarama-qarshi mamlakatda milliy masalani hal qilishning uch oqilona yo’li, ya’ni demokratiyalashtirish, detsentralizatsiya, deideologizatsiyani amalga oshirishni taklif qildilar.
Biroq Markazni kuchaytirish tarafdorlari boshqa usullardan: namoyishlar o’tkazish, mitinglar tashkil qilish, hatto g’ayri kontitutsion yo’llar bilan davlat to’ntarishi qilish bilan bo’lsa-da, barcha huquqni Markazda to’plash, avvalgi buyruqbozlik usulini qaror toptirishga harakat qilaverdilar.
1991 yil 19-21 avgustida Moskvada davlat to’ntarishi qilishga urinib ko’rildi. Uning maqsadlari Ittifoq hududida yashovchi barcha xalqlarning mustaqillikni qo’lga kiritishlariga, o’z taqdirlarini o’zlari hal qilishlariga yo’l qo’ymaslik edi.
Shuni ham aytish kerakki, to’ntarishni uyushtirgan kishilar mamlakatda yuz bergan boshboshdoqlik va parokandalik cho’qqisiga chiqqan bir paytdan foydalanib qolmoqchi bo’lishdi. Ammo qayta qurish yillarida ko’zi ochilgan xalqni endi eski tuzum doirasiga kiritishga, unga eskicha buyruqbozlik qilishga urinish behuda edi. Butun mamlakat uchun foijiali bo’lgan o’sha kunlarda O’zbekiston rahbariyati korxona va xo’jaliklarning rahbarlari xalq saylagan deputatlar, barcha sofdil kishilar, xalqni matonat va osoyishtalikka da’vat qildilar. Ular barqaror ijtimoiy-siyosiy vaziyatni saqlash, jumhuriyat hududida favqulodda ahvol joriy etilishiga yo’l qo’ymaslik, Konstitutsiyaga qarshi davlat to’ntarishini qo’llab-quvvatlash yo’lidagi ig’vogarona harakatlarga uchmaslik uchun o’zlarining butun imkoniyatlaridan foydalandilar.
Faollar bilan uchrashuvlarda, jumhuriyatning davlat mustaqilligi to’g’risidagi Deklaratsiya va konstitutsion tuzum qoidalariga rioya qilinajagi aytildi. Xalqqa Markazdan har qanday ko’rsatmalar, turli va’dalar berilishi, dag’dag’alar qilishiga qaramar, respublika o’z siyosiy yo’lidan qaytmasligi aytildi.
O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov Hindiston safaridan qaytgan hamonoq – 19 avgust kuni kechqurun Toshkent shahrining faollari bilan uchrashib, qat’iy tarzda O’zbekiston nuqtai nazarini ma’lum qildi. Respublika rahbariyati: “Markazdan, kim bo’lishidan qat’iy nazar, Qonunga xilof ko’rsatmalarni bajarish mumkin emas”, – deb hisobladi. 20 avgustda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati, O’zbekiston SSR Prezident huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qo’shma majlis bo’ldi. Unda O’zbekistonning mustaqillikka erishish yo’li o’zgarmasligi haqida Bayonot qabul qilindi.
Shu kuni O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov respublika aholisiga murojaat bilan chiqdi. Ushbu murojaatda O’zbekistonning o’z mustaqilligiga erishish yo’li qat’iy ekanligini yana bir bor alohida uqtirildi. Jumladan, unda “O’zbekiston jumhuriyati, uning rahbariyati qayta qurish davrida ham hech qachon birovning gapiga kirib ish tutgan emas. Markazdan, boshqa ba’zi bir jumhuriyatlardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, dav’atlar, yo’l-yo’riq ko’rsatishga harakatlar bo’lmasin, biz o’zimiz tanlagan yo’limizdan va belgilab olgan maqsadimizdan qaytganimiz yo’q. Bu yo’l bizning xalqimiz tarixiga, urf-odatlariga, tabiatimiz shart-sharoitlariga, xullas, xalqimiz manfaatlariga mos yo’ldir”, – deb qat’iy ta’kidlandi. Shuningdek turli ijtimoiy-siyosiy guruhlar o’rtasidagi ixtiloflarni hal etish uchun kuch ishlatish, eng avvalo, harbiy kuch ishlatish ochiq-oydin qoralandi.
O’zbekiston Prezidentining Farmoni bilan Favqulodda holat davlat komitetining g’ayri konstitutsiyaviy, huquqqa qarshi qarorlari va boshqa ko’rsatmalari noqonuniy deb e’lon qilindi.
Ana shunday sharoitda, ya’ni markaz va respublikalar o’rtasidagi munosabatlar tobora taranglashib, markaz boshqaruv qobiliyatini yo’qotgan, har bir mintaqa, har bir jumhuriyat o’z holiga tashlab qo’yilgan bir sharoitda tarixiy vaziyatni to’g’ri baholay bilish qobiliyatiga ega bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Oliy Kengash sessiyasini chaqirish va unda O’zbekiston Mustaqilligi haqida Qonun qabul qilishni talab qildi. Chunki har bir milliy jumhuriyatning chinakam teng huquqliligi va mustaqilligi ta’minlangandagina tanazzuldan chiqish mumkin edi. Buning uchun haqiqiy mustqillik yo’lidagi barcha to’siqlar olib tashlanishi, har bir jumhuriyat so’zda emas, balki amalda tenglar orasida teng bo’lishi lozim edi.
Ayni shu maqsadlarni ko’zlab, jumhuriyat Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqaris sessiyasi 1991 yil 31 avgustda o’z ishini boshladi.
O’zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash lozim. Unda “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida” hamda “O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida”gi masalalar kun tartibiga qo’yilib, qizg’in muhokama qilindi.
O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida Prezident I.A.Karimov ma’ruzasi tinglandi. U o’z nutqida 1991 yil o’rtalarida Markaziy Hukumat olib borayotgan ichki siyosatni tahli qildi. 19-21 avgust kunlari Moskva Favqulodda holat davlat komiteti a’zolarining odamlar borishiga azob-uqubatlar solishga, butun-butun xalqlarning ozodligini, jumhuriyatlar mustaqilligini yana kishanlamoqchi bo’lganliklarini xalqqa ro’yi-rost bildirdi. Alg’ov-dalg’ovli kunlarda ham O’zbekistonning o’z yo’li va maqsadi borligi, bu xalq manfaatiga mos yo’l ekanligi, qanday qilib bo’lmasin, undan qaytmasligi aytildi. Shuningdek ma’zurda mustaqil davlatlar maqomiga to’xtalib: “Bo’lajak mustaqil davlatlar… erkin, mustaqil va teng huquqli bo’lib qolishlari, o’zlarining milliy davlat tuzish, tashqi bozorga chiqish, o’zi ma’qul topgan barcha mamlakatlar bilan xalqaro munosabat o’rnatish, diplomatik va konsullik aloqalari masalalarini mustaqil hal etishlari kerak. Yana ta’kidlab aytaman, bu hech kimning buyrug’isiz va aralashuvisiz mustaqil amalga oshirilishi kerak. Mana shu sharoitga, sabablarga asoslanib, xalqimiz xohish-irodasini bajo keltirib, Oliy Kengash diqqatiga faqat bir masalani qo’ymoqchiman: O’zbekistonning mustaqilligi haqidagi Qonunni muhokama etish va uni qabul qilishni taklif etaman. Bu qonunda qadimiy va yangilanayotgan diyorimizda istiqomat qilayotgan barcha kishilarning xohish-irodasi o’z ifodasini topgan. Xalqimizning bu ezgu xohish-irodasi biz uchun muqaddasdir, -degan fikr bildirildi.
Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so’ng O’zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to’g’risidagi qonunni qabul qildilar. So’ngra Respublika Davlat mustaqilligi to’g’risidagi Bayonot qabul qilindi. O’zbekiston SSRning nomi O’zbekiston Respublikasi deb o’zgartirildi. Mustaqillik belgilangan kun 1 sentabr 1991 yildan boshlab milliy bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi.
O’zbekiston Respublikasi mustaqilligi haqidagi bu hujjatlar o’zbek xalqining asriy orzusi ro’yobga chiqqanligining huquqiy ifodasi bo’ldi.
“O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida”gi qonun g’oyat katta ahamiyatga ega bo’lganligi uchun bu muhim hujjat haqida batafsil to’xtash lozim. Mazkur qonun asosida O’zbekistonning huquqiy holati tubdan o’zgardi. O’z mohiyatiga ko’ra bu hujjat respublika uchun vaqtincha konstitutsiya rolini ham o’ynaydigan bo’ldi. 17 moddadan iborat bu qonun suveren O’zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi.
1-moddada O’zbekiston Respublikasi o’z tarkibidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan birga mustaqil demokratik davlat deb e’lon qilinadi.
2-moddada O’zbekiston Respublikasining xalqi suveren ekanligi va u respublika davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi ekanligi haqida gapiriladi.
3-moddada O’zbekiston Respublikasi to’la davlat hokimiyatiga ega, o’zining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilash qonunlashtirildi.
5-moddada O’zbekiston Respublikasida Konstitutsiya, uning qonunlari ustun ekanligi va davlat idoralarining tizimi, hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida ko’rilganligi haqida gapirildi.
8; 12; 14-moddalar O’zbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslarini izohlab berdi.
13; 14-moddalarda O’zbekistonning tashqi siyosiy aloqalaridagi mustaqilligi sharhlandi.
15-moddada O’zbekiston Respublikasi hududida inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga muvofiq holda respublika fuqaroligi joriy etilishi, u fuqarolar, millati, elati, ijtimoiy kelib chiqishi, qaysi dinga mansubligidan qat’i nazar, bir xil huquqlarga egaligi va ular respublika Konstitutsiyasi qonunlari himoyasida egaligi va ular respublika Konstitutsiyasi qonunlari himoyasida bo’lishlari qonunlashtirilgan.
16-moddada davlat razmzi bo’lgan gerb, bayroq va madhiya hamda davlat tili haqida gapirilsa, 17-moddada esa O’zbekistonning Qoraqalpog’iston bilan munosabatlari xususisa so’z borib, O’zbekiston Qoraqalpog’istonning hududiy yaxlitligini tan olishi haqida fikr yuritiladi, u O’zbekiston tarkibida ekanligi e’tirof etiladi (bu moddada O’zbekiston va Qoraqalpog’iston o’zaro munosabatlari ikki tomonlama tenglik asosida tarkib topishi kerakligi qonunlashtirilgan). Shuningdek, bu moddada Qoraqalpog’iston Respublikasi O’zbekiston Respublikasi tarkibidan tegishli qonunlar asosida chiqib ketishi mumkinligi ham e’tirof etilgan.
Bunday Qonunning qabul qilinishi Mustaqillik davrida qo’lga kiritilgan yutuqlarning natijasi hisoblanadi. Bu es huquqiy, iqtisodiy hamda ma’naviy-axloqiy munosabatlar natijasi sifatida eng muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham, ushbu Qonunga O’zbekiston SSR Oliy Kengasshining 1991 yil 30 sentabr qarori bilan Konstitutsiyaviy maqom berildi. Jumladan, unda shunday deyiladi:
- “O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida” 1991 yil 31 avgustida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berilsin.
- O’zbekiston Respublikasi amaldagi Konstitutsiya moddalari “O’zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida”gi Qonunning qoidalarig zid kelgan hollarda mazkur Qonunga amal qilinsin.
- Konstitutsiya komissiyasi tayyorlanayotgan “Respublika Konstitutsiyasining Davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida” gi Qonunning qoidalariga amal qilinsin”.
Shu tariqa qonun tarzida huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan O’zbekiston mustaqilligi barchaning dilini quvonchlarga to’ldirdi. Toshkentdagi Pod’yemnik ishlab chiqarish birlashmasining ishchisi, 21-saylov okrugidan O’zbekiston xalq deputati Botir Qosimov sessiya yakunida so’zga chiqib, shunday dedi:
“Yashirmayman, mustaqillik haqida gap-so’z ko’p edi-ku, lekin ishning amaliy qismiga kelganda siljish yo’q edi. Nihoyat respublikamiz Oliy davlat hokimiyati juda muhim qonun, davlat mustaqilligi to’g’risida hujjatni qabul qildi. Endi mana shu har birimizga quvonch va iftixor tuyg’ularini olib kelgan qarorni amalda quvvatlashimiz zarur”.
Shu tariqa xalqimizning uzoq yillar kurashib, intilib qo’lga kiritgan mustaqillik erki qonun bilan mustahkamlab qo’yildi.