BUXORIY YODGORLIK MAJMUI
BUXORIY YODGORLIK MAJMUI, Imom al Buxoriy yodgorlik majmui — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik, ziyoratgoh. Imom al Buxoriy dafn etilgan Chelak tumani Xartang qishlog’idagi qabriston musulmon axlining eng tabarruk va aziz ziyoratgoxlaridan bo’lib kelgan. 16-asrda Imom al Buxoriy qabri ustiga mo’jazgina maqbara, yoniga masjid qurilib, hovlisiga bir necha tup chinor ekilgan. Lekin sho’ro tuzumi davridagi dahriylik siyosati tufayli bu maskan qarovsiz ahvolga tushib qolgan. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng Imom al Buxoriy kabi butun umrini iymon va e’tiqod, ilm-ma’rifat, diyonat yo’lida baxshida etgan ulug’ zotlar xotiralarini e’zozlash. ular nomlari bilan bog’liq joylarni obodonlashtirishga alohida e’tibor berila boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 29 apreldagi «Imom al Buxoriy tavalludining hijriy qamariy taqvim bo’yicha 1225 yilligini nishonlash to’g’risida»gi qarori asosida allomaning maqbarasi o’rnida maxsus yodgorlik majmui barpo etildi. Bu yodgorlik majmui O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan loyiha asosida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo’qon, Shahrisabz xalq ustalari tomonidan 1998 yilda qurildi. Majmua avvalambor ziyoratgoh, muqaddas qadamjo, so’ng kundalik, juma, hayit namozlari o’qiladigan joy vazifasini o’taydi. Bu yerda hadis ilminm o’rganish va boshqa ma’rifiy ishlarni amalga oshirish ham ko’zlangan. Yodgorlik majmuining bosh rejasini tuzishda an’anaviy milliy me’moriy yechimlar (peshtoq, ravoq, gumbaz, ayvon va boshqalar) asosida barpo etilgan binolar (maqbara, masjid, ma’muriy va boshqa inshootlar) ning hovli atrofida shakllanishi ko’zda tutilgan. Majmua oldidagi ma’muriy binoning (o’lchami 106,0×12,0 metr) bosh tarzi Janubga qaragan. Yodgorlikka uchta peshtoqli, o’ymakor eshikli darvozaxonalar orqali kiriladi. Asosiy darvozaxonaning oldi va hovli tomonidan an’anaviy uslubda mahobatli peshtoq ishlangan (o’lchami 12,0×14,6 metr). Miyonsaroy diametri 10,5 metrli moviy gumbaz bilan yopilgan. Old peshtoqning ikki tarafida mohirlik bilan ishlangan koshinlar orasiga Arab va lotin alifbolarida yodgorlikning qurilishi haqida ma’lumot beradigan lavha o’rnatilgan. Ikki qanotdagi nisbatan kichik peshtoqli darvozaxonalar (gumbazining diametri 6,0 metr) binoning mutanosib ravishda yaxlitligini saklagan holda unga o’ziga xos salobat baxsh etadi. Katta darvozaxonaning o’ng tarafida ma’muriy va boshqa yordamchi xonalar joylashgan. Bosh yo’lning o’ng tarafida favvora qurilgan. Undan chapda, masjid tarafda qadimgi chinorlar va hovuz saqlanib qolgan. Hovli sahnidagi yo’laklar chorsi shaklidagi ohaktosh g’ishtlar bilan qoplangan. Majmua mujassamotining markaz o’qi Imom al Buxoriy maqbarasida o’z yakunini topgan. Maqbara murabba shaklida qurilgan bo’lib, o’lchami 9,0×9,0 metr, balandligi 17,0 metr. Maqbara devori zangori, havo rang va oq sirli kesma koshinlar, marmar, oniks va granit toshlar bilan qoplangan. Koshinlar girih shaklida terilib, orasida bezakka uyg’unlashtirib Arabcha xatda hadislar bitilgan. Sathni bezashda birbiriga o’xshash shakllardan mohirlik bilan foydalanilgan. Ichki bezagida ganchkorlik, bo’yama naqsh va turli rangdagi koshinkori naqshlar qo’shilib, uyg’unlashib ketgan. Tashqi gumbaz Amir Temur maqbarasi gumbaziga o’xshash — qobirg’alidir. Gumbazning ichi doyra shaklida bo’lib, rangbarang serjilo naqshlar bilan bezatilgan. Maqbara markazida oqishko’k shaffof Oniks toshdan ishlangan sag’ana o’rnatilgan. Maqbaraning o’ng tomonidagi eshikdan zina orqali maqbaraning ostki qavatiga — daxmaga tushiladi. Yuqori qavatdagi sag’ananing aynan ostida Imom al Buxoriy jasadlari qo’yilgan qabr marmartosh bilan qoplangan. Hovlining chap tomonida masjid joylashgan. Masjid — xonaqohning umumiy maydoni 786 kvadrat metr. Peshayvonining umumiy mayd. 214 kvadrat metr. Xonaqohva peshayvonda 1500 ga yaqin kishi namoz o’qishi mumkin. Hovlining o’ng qanotida ham peshtoqli va miyonsaroyli bino bor. Miyonsaroy gumbazi ham boshqa gumbazlar bilan bir xil shaklda va o’lchamda qurilgan. Bu binoda kutubxona, ilmiy xodimlar xonasi va boshqa yumushlarga mo’ljallangan xonalar mavjud. Bularning umumiy maydoni 946 kvadrat metr. Peshayvonining maydoni 110 kvadrat metr. Kutubxonada Qur’oni Karimning noyob qo’lyozmalari, turli nashrlari, Imom al Buxoriy asarlarining nashrlari va boshqa kitoblar bor. Majmua to’rida — maqbaraning orqa tarafida hadis ilmini o’rganishga mo’ljallangan o’quv markazi — «Dorul hadio binosi joylashgan. Abduqahhor Turdiyev, Murodjon Aminov.