BUXORIY NAXLIY

BUXORIY NAXLIY (taxminan 1581/86, Buxoro — 1645/50, Balx) — shoir. Fors va Arab tillarida ijod qilgan. Kiromiy, Naxliy taxalluslari bilan g’azal, qasidalar yozgan. Ashtarxoniylar hukmdori Imomquli (1611-42) saroyida xizmat qilgan. Buxoriy g’azallarida Xoja Hofiz, Sa’diyga, qasidalarida esa Anvariy, Abdulvose’, Jabaliy, Xoqoniylarga ergashgan. Buxoriy devon tuzgan. Unga 67 qasida, 317 g’azal, 12 qita, 1 masnaviy, 2 chiston kirgan, bularda ishq-muhabbat bilan bir qatorda, kambag’allikdan fig’on, falakning kajravligidan nola o’z aksini topgan. Sufiylik ruhida yozilgan she’rlari ham bor. Devon qo’lyozmalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik va Tojikiston Fanlar Akademiyasi Qo’lyozmalar institutida saqlanadi.