BUXORO RAQSI

BUXORO RAQSI — o’zbek xalq raqs uslubi. Buxoro muzofotida shakllangan va rivojlanib kelgan. Harakatlarining mardonavor va shiddatliligi, qayrilish, yarim qayrilish, shox va charxlarga boyligi bilan ajralib turadi. Tizzalar sal bukilib, qomat g’oz tutilgan, kiftlar orqaga tashlanib bosh ko’tarilgan holatda ijro etiladi. Qo’l ba’zan tez, ba’zan mayin, egiluvchan harakatlanadi. Raqs turi va o’yin joyiga qarab harakatlar silsilasi o’zgaradi. Ijrochining libosi raqs obrazlariga aniklik beradi. Buxoro raqqosalari, odatda, yoqa, eng, etaklari zehiga kashta (ba’zan zardan) tikilgan keng ko’ylak, oyoqlariga poshnasi baland guldor etik kiyib, boshlariga peshonaband yoki tilla qasava bog’lab, bilaklariga zangila, ko’kraklariga zebigardon va boshqa zebi ziynat taqishgan. Raqqoslar kundal, adras, kimxob kabi matolardan keng qilib tikilgan kamzul yoki zardo’zi yaktak, yakrang shoyidan salla o’rab, oyoqlariga poshnali Baxmal etik kiyib chiqqanlar. Raqqosalar, asosan, o’rdalarda, ichkarida, xufiyona bazmlarda xizmat qilishgan; karvonsaroy, Sayilgoh, to’y kabi erkaklar yig’iladigan joylarda raqsga tushish taqiqlangan. Shu sababli xotin-qizlar raqsini ham erkaklar (yasama soch taqib, ayollar libosida) ijro etishgan. 20-asr boshida Rajab Ali, Jo’raxon, Ergashcha, Nurillo, Isomshodi, Hamdamxoa, Mirzaxon, Abdurahim, Iskandar, Maston kabi mohir raqqoslar faoliyat kursatgan. Buxorocha uslubda yaratilgan raqslardan «Buxoro larzoni», «Buxoro buybo’yi», «Talqin», «Ufari baet», «Soqiynomai baet», «Guluzorim bayoti», «Savti Sarvinoz» va boshqalar mashhur. Buxoro raqsini rivojlantirishda mashhur raqs ustalaridan Kirkigi (M. Xaimova), Chervonxonim, I. Oqilovlarning xizmatlari katta. Ad.: Karimova R. 3., Buxarskiy tanes, T., 1977. Muhsin Qodirov.