BUSHMEN TILLARI
BUSHMEN TILLARI — Janub va Sharqiy Afrikaning tub aholisi bushmenlar tili. Bushmen tillarida so’zlashuvchilar soni 80 mingdan ortiq (1990-yillar o’rtalari). Bushmen tillari deyarli tadqiq etilmagan (shu guruhdagi tillardan 25 ga yaqinining nomi ma’lum). Faqat 3 guruhi: 1) auei dialektiga ega bo’lgan Kung tili; 2) 2 dialektli (namani va auni) Kong yoki makong tili; 3) kxomani yoki iusan va unga qardosh bastva tili o’rganilgan. Bushmen tillari tish, alveolyarpalatal, ikkita lateral va bilabial tovushlarga ega. Yaxshi o’rganilmagani uchun Grammatik qurilishi haqida ma’lumot uchramaydi. Fe’llar va nomlar asosi farq qilmaydi. Ko’p ma’nolilik (polisemantizm) kuchli. Grammatik jins yo’q. Ko’pgina nomlar turli o’zaklardan tashkil topadi (masalan, noag tilida «erkak», «ota» — la’a, ko’pligi — xaa; «ko’z» lun, ko’pligi — lwani). Sonlar faqat 2 ta: «bir», «ikki»; keyingi miqdorlarni bildirish uchun «ko’p» so’zidan foydalaniladi. Fe’llar zamon, tuslanish, mayl ko’rsatkichlariga ega emas. Sodda gapda so’z tartibi — sub’yekt, predikat va ob’yekt tarzida.