BUQOQ
BUQOQ — qalqonsimon bezning kattalashuvi. Kasallik shu bez funktsiyasi o’zgarmasdan (eutireoz), funktsiyasi susayishi (gipotireoz) yoki kuchayishi (tireotoksikoz) bilan kechadi. Buqoqning bir necha shakli bor. Endemik Buqoq atrof muhitda (suv, tuproq, havoda) yod oz bo’lgan muayyan geografik chegaralangan hududlarda (jumladan O’zbekistonda) uchraydi. Iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarida yod yetishmasligi kasallikning asosiy sababi hisoblanadi. Sog’lom odamga bir kecha-kunduzda 100-200 mikrogramm yod kerak, shu miqdor kamaysa, qalqonsimon bez gormonlari (tiroksin, triyodtironin) ning hosil bo’lishi kamayadi. Oqibatda, qalqonsimon bezning kattalashishi kuzatiladi, bolalarda bo’y o’smay qoladi, ruhiyati o’zgaradi, aqli ojiz bo’ladi (kretinizm), ba’zan kasallik shish hosil bo’lishi bilan kechadi. Sporadik (ondasonda uchraydigan) Buqoq — buqoq endemiyasi bo’lmagan joylarda rivojlanadi, kasallik keng tarqalmaydi. Diffuz toksik Buqoq (Bazedov kasamigi) — bunda qalqonsimon bez kattalashuvi bilan birga funktsiyasi kuchayadi. Diffuz toksik Buqoqni 1840 yilda nemis vrachi Karl Bazedov ta’riflab bergani uchun Bazedov kasalligi deb ataladi. Kelib chiqishida irsiy moyillik, immun sistemadagi o’zgarishlar, ruhiy iztirob muhim o’rin tutadi. Qalqonsimon bez funktsiyasi kuchayishi natijasida muskullar zaiflashib, bemor serzarda, yig’loqi bo’lib qoladi, ozib ketadi, ko’zi chaqchayadi (ekzoftalm, oftalmopatiya), ko’p terlaydi, oyoqqo’li, ba’zan butun tanasi titraydi, yuragi tez uradi (taxikardiya), uyqusi buziladi, bir oz isitma chiqadi, tez toliqadi va ishga yaroqsiz bo’lib qoladi. Kasallik og’ir kechganida tireotoksik krizga olib borishi mumkin. Bunda asosiy sistema va a’zolar faoliyati izdan chiqadi, tireotoksik koma yuz beradi. Ko’p tugunli toksik Buqoq — ko’pincha bir necha yil davomida ko’p tugunli eutireoid Buqoq bilan og’rib kelayotgan 50-60 yashar ayollarda uchraydi. Kasallik belgilari diffuz toksik Buqoqga o’xshash, ammo bunda oftalmopatiya va pretibial miksedema kuzatilmaydi. Buqoqni mutaxassis vrach davolaydi, turli gormonal dorilar buyuriladi. Ba’zan jarroxlik yo’li bilan davolanadi. Toksik Buqoqni davolashda radioaktiv yod ham qo’llaniladi. Buqoqning ommaviy oldini olish uchun yodlangan osh tuzi ishlatiladi. Buqoq bo’yicha xavfli guruhlarga (bog’cha va maktab yoshidagi bolalar, homilador va emizikli ayollar) tarkibida yod tutuvchi (antistrumin, yodid — 100, 200) dorilar beriladi. Umumiy sog’lomlashtirish tadbirlari (bekamu ko’st ovqatlanish, sanitariyagigiena sharoitlarini yaxshilash va boshqalar) amalga oshiriladi. Ad.: Islombekov R. Q., Radioaktivniy yod i funktsiya tshitovidnoy jelezi. T., 1971. Bahodirov K., Fatxullaev I. va boshqalar, Ichki kasalliklar tashhisi va klinikasi, T., 1996; Qoraboyeva R. A. va boshqalar, Ichki kasalliklar propedevtikasidan qo’llanma, T., 1998. Zoirxo’ja Akbarov.