BUG’LANISH

BUG’LANISH — moddalarning suyuq yoki qattiq agregat holatlaridan gaz holatiga o’tish jarayoni. Bunda molekula suyuqlik (yoki qattiq jism) dan tashqariga bug’lanib chiqishi uchun sirt chegarasidagi molekulalarning tortishish kuchini yengishi kerak. Undan tashqari, modda suyuq (yoki qattiq) holatdan bug’ holatga o’tayotganida hajmi kattalashadi. Bunda tashqi bosim kuchiga qarshi ish bajariladi. Bu ish suyuqlik (yoki qattiq jism) molekulalarining ichki energiyasi hisobiga bajariladi. Shuning uchun bug’lanish paytida jism soviydi, qattiq jism suyuqlikka nisbatan sekin bug’lanadi. Qattiq jismlarning suyuqlikka aylanmay buglanishi sublimatsiya deb ataladi. Bug’lanish issiqligi — muayyan temperaturadagi suyuqlik massa birligining bug’lanishi uchun zarur issiqlik miqdori. Odatda, bu miqdor solishtirma yashirin bug’lanish issiqligi deb yuritiladi. Xalqaro birliklar tizimida uning birligi 2L Bug’ning kondensatsiyalanishi — suyuqlik (yoki qattiq jism) molekulalarining tartibsiz issiklik harakati tufayli bug’ holatidan qaytadan suyuqlik (yoki qattiq jism) ga aylanish jarayoni. Bug’ning kondensatsiyalanishi bug’lanishga teskari jarayon. Bug’ suyuqlik (yoki qattiq jism) bilan muvozanatda bo’lishi yoki muvozanatda bo’lmasligi mumkin. Bug’va suyuqlik (yoki qattiq jism) bir-biriga chegaradosh bo’lganda muvozanatlashgan kondensatsiyalanish kuzatiladi. Ular chegaradosh bo’lmagan hollarda esa bug’ temperaturasi pasayganda yoki hajmi kichrayganda kondensatsiyalanish boshlanadi. Bug’ning qattiq jism sirtini ho’llash ho’llamasligiga qarab, kondensatsiyalanish tufayli tomchi yoki parda hosil bo’ladi. Bug’lanish sanoatda binolarni isitish va mexanik energiya olish uchun ishlatiladi.