CHERKASSI VILOYATI

CHERKASSI VILOYATI – Ukraina tarkibidagi viloyat, 1954 yil 7 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 20,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1336,8 ming kishi (2004), asosan, ukrainlar, shuningdek, rus, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 43%. 20 ma’muriy tumanga bo’lingan, 15 shahar, 19 shaharcha bor. Yirik shaharlari: Cherkassi, uman, Smela, Zvenigorod, Zolotonosha, Kanev, Shpola. Markazi — Cherkassi shahri. Kremenchug va Kanev suv omborlarining (Dnepr daryosi) har ikkala sohilida. O’ng sohilidagi katta qismi Dneprbo’yi qirlari (eng baland joyi 270 metr), chap sohilidagi qismi Dneprbo’yi pasttekisligida joylashgan. Iqlimi mo»tadil kontinental, yanvarning o’rtacha temperaturasi -5°, iyulniki 19,5°. Yillik yog’in 450-500 millimetr. Vegetatsiya davri 206-212 kun. Yirik daryosi — Dnepr. Tipik podzollashgan qora, sur tuproklar, chap sohilida o’tloq va chimli podzol tuproqlar keng tarqalgan. Viloyat hududining 15,5% o’rmon. Dasht o’simliklari kam tarqalgan. O’rmon va dasht hayvonlari uchraydi. Xo’jaligining yetakchi tarmog’i — oziq-ovqat sanoati (go’sht kombinatlari, sut, spirtaraq va boshqa zavodlar). Qandshakar ishlab chiqarish bo’yicha viloyat mamlakatda 1-o’rinda. Mashinasozlik va metall sozlik rivojlangan. Kimyo kombinati, kimyoviy tola, kimyoviy reaktivlar, plastmassa zdlari ishlab turibdi. Shoyi va ip gazlamalar, gigroskopik paxta, tikuvchilik buyumlari ishlab chiqariladi. Cherkassi issiqlik elektr markazi va Kanev GES viloyatni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Qurilish sanoati rivojlangan (uysozlik kombinati, granit kareri, g’isht zavodlari). Qishloq xo’jalik lavlagidon ekinlari yetishtirish va go’sht-sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Don, qandlavlagi, kartoshka, ozuqa ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik va sabzavotchilikning ham salmog’i katta. Viloyat xo’jaliklarida qoramol, qo’y-echki va parranda boqiladi. Temir yo’l uzunligi 605 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 5,6 ming kilometrga yaqin. Dnepr daryosida kema qatnaydi. Havo transporti rivojlangan. 3 oliy o’quv yurti, 7 muzey, 2 teatr, filarmoniya faoliyat ko’rsatadi.