CHJETSZYAN
CHJETSZYAN — Xitoyning Sharqiy qismidagi provintsiya. Maydoni 102 ming kilometr kvadrat. Aholisi 44,5 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Xanchjou shahri. Iqtisodiyotining yetakchi tarmog’i — qishloq xo’jalik. Asosan, sug’orma dexdonchilik qilinadi. Ekinlardan yiliga 2 marta hosil olinadi. Asosiy ekini — sholi. Shuningdek, bug’doy, makkajo’xori, batat, paxta, jut, yer yong’oq, shakarqamish ekiladi. Choy yetishtirish bo’yicha mamlakatda 1-o’rinda. Dengizdan baliq ovlanadi va tuz olinadi. O’rmon xo’jaligi bilan shug’ullaniladi. Temir rudasi, pirit, alunit, oltingugurt va boshqalar qazib olinadi. Yengil va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. To’qimachilik, mashinasozlik (kemasozlik va stanoksozlik) korxonalari, chinni va qog’oz fabrikalari bor. Yirik shahar va portlari: Xanchjou, Szyasin, Chjenxay, Venchjou. Chjetsyan hududida qadimda man qabilalari yashagan. 4-6-asrlarda xitoylar ko’chib kela boshlagan. Xanchjou 1127-79 yillarda Janub Sun imperiyasi poytaxti bo’lgan. 17-asrdan Xitoy provintsiyasi.