CHO’CHQACHILIK
CHO’CHQACHILIK — chorvanichilikning cho’chqalarni urchitish, ulardan go’sht, yog’, teri va boshqa mahsulotlar olish bilan shug’ullanadigan tarmog’i; cho’chqalar biologiyasi, selektsiyasi, zootexnikasi, xo’jalik ahamiyatini o’rganadigan fan. Cho’chqachilik chorvachilikning juda qadimgi tarmoqlaridan biri. Shaharlarning yiriklashuvi, aholining go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojlari ortib borishi bilan Cho’chqachilik ham jadal rivojlandi. 18-asrdan Amerikada mahalliy cho’chqa zotlarini bu yerga olib kelingan yunonrim va qadimgi Xitoy zotlari bilan chatishtirib, yangi sermahsul zotlar chiqarildi, tovar Cho’chqachilikdan naslchilik Cho’chqachilik ajralib chikdi, selektsiya ishlari olib borildi, naslchilik kitoblarini yuritish boshlandi, natijada yorkshirlar, berkshirlar kabi yuqori mahsuldor cho’chqa zotlari yaratildi. Cho’chqachilik jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda go’sht mahsulotlari yetishtirishda samarali soha hisoblanadi. Jahon bo’yicha cho’chqalar soni 912,7 million boshni tashkil etadi (1999); Afrika mamlakatlari (million bosh) (27,0), Xitoy (429,1), AQSh (62,2), Braziliya (27,4), Ispaniya (21,6), Rossiya (17,3) va boshqalarda yirik cho’chqachilik fermalari tashkil etilgan. Cho’chqa go’shti yetishtirishning deyarli yarmi Osiyo mamlakatlari hissasiga to’g’ri keladi. ‘O’zbekistonda Cho’chqachilik, asosan, 19-asrning 2-yarmida, Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni bosib olganidan keyin bu yerga ko’chib kelgan yevropalik aholi orqali paydo bo’ldi. 1960-yillarga qadar issiq iqlim noqulayliklariga qaramay, davlat va jamoa xo’jaliklarining Cho’chqachilik fermalarida va, asosan, rus, ukrain, belorus va boshqa yevropalik aholining shaxsiy xo’jaliklarida rivojlandi. Rossiya, Ukraina, Kavkazdan sermahsul oq cho’chqa, Ukraina dasht oq cho’chqasi, shimoliy Kavkaz va landras cho’chqa zotlari keltirildi. O’zbekiston chorvachilik institutida Cho’chqachilik bo’limi tashkil etildi. Cho’chqachilik bilan shug’ullanadigan naslchilik zavodlari, xo’jaliklari va fermalari barpo etildi. 1960-91 yillarda Cho’chqachilik sanoat asosida jadal rivojlantirilgan. Toshkent, Samarkand, Jizzax viloyatlarida ixtisoslashgan Cho’chqachilik komplekslari qurildi, jumladan, 108 ming boshga mo’ljallangan «G’allaquduq», 54 ming boshga mo’ljallangan «Sirg’ali» va «Rassvet» komplekslari ishga tushirildi. 1990 yilda barcha toifadagi xo’jaliklarda cho’chqalar soni 716 ming boshga yetdi, 47 ming tonna cho’chqa go’shti tayyorlandi. 1991 yildan keyin qishloq xo’jaligida o’tkazilgan iqtisodiy islohotlar davomida Cho’chqachilik fermalari xususiylashtirildi. O’zbekistonda 85,3 ming bosh cho’chqa boqildi, 5 ming tonna go’sht tayyorlandi (2003). O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti cho’chqachilik bo’limida Cho’chqachilik ishlarini tashkil etish, cho’chqalarni parvarish qilish va ulardan sifatli mahsulot olish kabi mavzular bo’yicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Oliy va maxsus qishloq xo’jalik o’quv yurtlarida Cho’chqachilik fan sifatida o’qitiladi. Ubaydulla Nosirov, Izatulla Eshmatov.