CHO’NGKOY SIMOB KONI

CHO’NGKOY SIMOB KONI – Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatining Aravon qishlog’idan 18 kilometr Janubi G’arbdagi kon. Janub Farg’ona simobsurma konlari kamarining Qorachatir zonasi Sharqiy qismida joylashgan. Cho’ngkoy simob koni 1957 yilda ochilgan. Kon quyi paleozoyning vulkanogen cho’kindi tog’ jinslari — diabazli porfirit, tuf, ohaktosh, qumtosh va slaneslardan iborat. Cho’ngkoy simob koni Janub Farg’ona yirik tektonik sinig’i ta’sir zonasida bo’lib, uning serpentinlashgan peridotit tanalari bilan bog’langan bir necha tik yotuvchi shoxobchalari yo’nalishi o’zgargan bukilmada joylashgan. Bu tog’ jinslari serpentinlashgan peridotitlar bilan chegaradosh erlarda kuchli gidrotermal o’zgarishlarga uchrab, ularda rogovik, listvenit kabi metasomatitlar rivojlangan. Ular kondagi asosiy rudalashuv zonalarining ko’rinishi bo’lib, tik va yonma-yon joylashgan 3 yirik va bir necha mayda rudalashgan tanalarni tashkil etadi. Ularning qalinligi bir necha metrdan 50-60 metrgacha, chuqurligi 1200-1500 metr, uzunligi 100 metrdan 1500-2000 metrgacha. Rudalar tuzilishi bo’yicha nuqtasimon, tomirlinuqtasimon, yaxlit rudalashuv tarzida rivojlangan. Kon rudalari simob konlarining «magnezialkarbonatkinovarli» (yoki «listvenitli») turiga mansub. Ularda asosiy mineral kinovardan tashqari oz miqdorda antimonit, pirit, millerit, gersdorfit, realgar, norudalardan — kvars, kaltsit, dolomit, dikkit, ankeritlar uchraydi. Konda ikkilamchi o’zgarishlar, ayniqsa, yer yuziga yaqin qismida kam rivojlanganligi sababli, ikkilamchi simob mineralidan kalomel, tug’ma simob oz uchraydi. Simobning miqdori o’ta o’zgaruvchan bo’lib, 0,01% dan 1,2% gacha, o’rtacha 0,16%— 0,40% ni tashkil etadi. Konning kuyi chegarasi aniq belgilanmagan.